Sheʼr yozgim keladi, topilmas mavzu,
Siyqasi chiqqanga yetishmas mantiq.
O‘zimcha falsafa qilaman ammo,
Bir satri poyandoz, bir satri qiytiq.
Sheʼrlarim
Shoirlar nima uchun sheʼr yozishlarini bilmadimu, lekin ilhom parisi kaminani yod etib, yuragimda allanechuk cheksizlik his qilganimda bir necha satr qoralashga jazm etaman.Chunki aynan mana shu cheksizlik menga yuragim izlagan cheksiz ozodlik his tuyg‘usini hadya etadi.
Qizim yoshi o‘n beshga to‘ldi.
“Erkalatmang” - deydi onasi.
Qo‘g‘irchog‘i bir chetda qolib,
Sirdosh endi amma, xolasi.
Kuz yomg‘iri derazamni chertib yog‘ar.
Atay otar tomchilarin ko‘z yosh misol.
Derazamni chertar xuddi pinhon oshiq,
Yuzlarimni sog‘inganday izlar visol.
O‘ylasam uyaldim, borsam titradim,
Satringdan tutgani topolmadim kuch.
O‘radim, chirmadim, yashirdim ko‘zdan:
Mana endi oshkor sheʼrim, meni quch.
Hay hay o‘lan jon o‘lan, kelin bo‘lar yor-yor,
O‘z uyidan o‘zgaga ko‘chib kelar yor-yor.
Baxti qo‘nib boshiga, quvonchdan ko‘z yoshiga,
Otasini yig‘latib uydan ketar yor-yor.
Qo‘shiqdan...
O‘zbegim, bo‘z ko‘ylak kiyib o‘sgansan.
Atlasing bor edi taxmonlaringda.
Bir kuni kelinlik yuzin ochgani
Oq ko‘ylak saqlarding javonlaringda.
Gunohini orqalagancha
Ketib borar yolg‘iz yo‘lovchi.
Qaramaydi na yon, na ortga,
Na aytguvchi, na yo‘l so‘rovchi.
Tunga kundan joy talashtirib,
Qaldirg‘ochga yo‘l qarashtirib,
Bahorimni bir yarashtirib,
Qarang, qarang, Navro‘z kelmoqda!
Har tong sahar rizqim ochib kutib olsam,
Sizdan ibrat xush niyatni dilga solsam,
Shul niyatni dilda mangu tutib qolsam,
Visolingiz shirin-shirin Ey Ramazon!
Bugun bayram. Ayollarning chehrasida tabassum,
Biri tannoz, biri shodon, biri hush, biri maʼsum,
Lov-lov yonib turganiga keldi mening havasim,
Ey go‘zallar, aziz qizlar, sizga bayram muborak!
Yig‘lagim keladi. Sabab nomaʼlum.
Dod solgim keladi olamni buzib.
Jonimdan to‘ymadim, lekin negadir
Otvorgim keladi yuragim uzib.
Odamlar. Mehringiz tashlab ketinglar,
Ketsangiz vatanga meros qoldirib.
Shunisi yaxshiroq qolgan elimga,
Ketgandan qasrdek uylar soldirib.
Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin:
Ko‘rsatadi qaramaganga,
Bordan chetda, yo‘qning oldida,
Maqtanadi yaramaganga.
Tanhoman yana men, sahroda qolgan
Quduqdek, suvlari qurigan.
Tanhoman, kimsasiz, ovloq uy kabi
Qarovsiz, ustuni chirigan.
Tan beraman Asakamning yigitlariga,
Kamtar emas, maqtanishar javobi bilan.
Kerak bo‘lsa urib-turtar yerga urmasdan,
Dushmanga ham osh yedirar savobi bilan.