Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Ali Al Mehr

Qizim yoshi o‘n beshga to‘ldi

Qizim yoshi o‘n beshga to‘ldi.
“Erkalatmang” - deydi onasi.
Qo‘g‘irchog‘i bir chetda qolib,
Sirdosh endi amma, xolasi.

Uyga qaytsam ishdan sudralib,
“Oppa qiling”, “Qaqqa bormi?” yo‘q.
Ot bo‘lmasam, ayiq bo‘lmasam,
Yolg‘ondakam arazlari yo‘q.

“Shovqin qilmang”, “Jim turing bir oz”,
Bir vaqtlar oddiy gap edi.
Bu yil mendan arazlab uch kun,
“Dadam meni urushdi!” dedi.

“Dada, biy so‘m bering” – baxt ekan,
Buni endi tushunib yetdim.
Bilishim shart ovoz, ohangdan:
“Dada, xayr, maktabga ketdim!”

Tili chuchuk, erka munchog‘im,
Ancha jiddiy bo‘lib qolibdi.
“Oyi, kecha anuv o‘rtog‘im,
Yangi tufli, iPhone olibdi»

“Kecha menga olgan ko‘ylakni
Kiyib ketib qolibdi, qarang?!”
Ro‘mol izlab yurgan onasin,
“Urushmang” deb ko‘ndirdim arang.

Ovqat qilsa mustaqil, o‘zi,
Oldingizga yozsa dasturxon,
Qarashiga yetsa kuchingiz,
Qo‘lga olib ko‘ring-chi tuzdon?

“Katta bo‘lib qoldi” - deymanu,
Choy damlasa, ushlasa dazmol,
Sal, ozgina kuysa barmog‘i,
Jon halqumga kelarkan darhol.

Tabrikka til aylanmas kelsa
Qizi bor do‘st “To‘y qilyapman” deb.
Tayyorlayman o‘zimni o‘zim,
“Qaysi ota yig‘lamagan...” deb.

E xudoyim, vaqting buncha tez,
Ota bo‘lib bo‘larim bo‘ldi.
O‘n oltida nima bo‘laman?
Qizim yoshi o‘n beshga to‘ldi.

02.12.2024 yil.

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.