Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.
Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.
Dasturxondan ko‘ngli to‘q, savdo qilar kartaga,
Qimmat bo‘lsa achinmas, bayram xam bir martaga.
Aroq, vino, shampan bor, kolbasa-yu, shokolad,
Pista, bodom o‘rnini bosa olar marmelad.
Olma, anor o‘rniga sharbat olsa bo‘ladi,
Non o‘rniga tort qo‘ysa dasturxoni to‘ladi.
Lahm go‘shtdan umid yo‘q, kartaga bor suyagi,
Son bo‘lmasa tosi bor, bel bo‘lmasa, kuragi.
Arafaga osh tarqatsa, qo‘shnilardan ko‘ngli to‘k,
Okorochka solinsa ne? Kim xam derdi bunga yo‘q?
Devziraga xushi yo‘q, qimmat, naqdga beradi,
Oq guruchda osh qilsa, ko‘kragini keradi.
Salatiga turp, karam, bodiring ham ketmaydi,
Bo‘sh cho‘ntakka oshni ko‘p yeganingga yetmaydi.
Faqat bitta muammo, bolalarga ko‘ngli bo‘sh,
Karnavalga yur desa, nima qilar, ayting, xo‘sh?
Keyin yana hayit kun, qayga qochar bechora,
Hayitlikning o‘rniga qand beradi, nachora?
TEFAL olar xotinga, yarab qolar bir borga,
Yana xotin yetaklab chiqmasa bas bozorga.
Yana ham tushunadi, Matmusani xotini,
Kiymas to‘nin teskari, minmas jahl otini.
Tushunadi do‘stlari, tushunadi yoronlar,
Choyxonaga bormasa, kular faqat yomonlar.
Qurbonlikka kartada o‘nta qo‘yga yetadi,
Har bir qo‘ydan besh foiz, afsus, tekin ketadi.
O‘ylar yana Matmusa hurmatiga yarasha,
Mehmon kelsa uyiga, yoqmaydiku tarasha.
Elektrdan qarzi yo‘q, gaz pulini to‘lagan,
Gaz transdan, chiroqni o‘chmasiga ulagan.
Chiroq o‘chsa ko‘nadi, yurt boshiga kelgan to‘y,
Sham yoqsa ham bo‘ladi, chidab isiga badbo‘y.
Faqat yelib yugurar, uy isitish kuyida.
Ko‘mirlari tugagan, cho‘p qolmagan uyida.
O‘t purkashning o‘rniga gaz trubalar tortar chang,
Gaz so‘rgichga naqd pul yo‘q, Matmusaning xoli tang.
Nima bo‘lsa bo‘ladi, bayram yilda bir marta,
Qarz oladi qo‘shnidan, garoviga so‘m karta.
Fonar olar sham yoqmay, yoqar endi toshko‘mir,
Bu bayramni qo‘shnisi eslab o‘tar bir umr.
Qo‘shni sho‘rlik bilmaydi, so‘m kartaning foydasin,
Axir u ham bilmaydi pul olishning qoidasin.
Matmusaga nima g‘am, bayram kutar betashvish,
Qo‘shnisiga qoldi gal pul o‘yida bosh qashish.
Ayo do‘stlar, yangi yil, kelar hayit yaqinlab,
Qarz bersangiz kartaga olinglar deb fahmlab,
Yana yozdim Matmusa hangomasin eslatib,
Yana sizni Matmusa ketmasin deb yig‘latib.
27 dekabr, 2007 yil.

Muallif izohi:
Yana bir bor Erkin Vohidov ustozdan, o‘quvchilardan, barchadan Donishqishloqlik Matmusa obrazini olganim uchun uzr so‘rayman. Matmusa obrazi uchun o‘quvchilar meni malomat qilmasinlar, iltimos.
Matmusa bank kartasini olganiga to‘rt yil bo‘ldi. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa ham, uning muammolari yechilmadi. (Bu davrlarni o‘sha zamon odamlari yaxshi bilishadi.)
Kartada pul bor, lekin bayramga, ro‘zg‘orga, oilaga — hammasiga baribir naqd pul kerak.
Demak, Matmusaning karta bilan bog‘liq sarguzashtlari davom etadi.
"Matmusaning kartasi" - birinchi sarguzashtni ham o‘qib ko‘ring.
