(Asabi bo‘shlar, irodasi sustlar, qo‘rqoqlar o‘qimasin.)
Mana bir necha kundirki tobim yo‘q. Bolaligimda qattiq kulganimdan quvonch kasalini orttirib olgan ekanman. Vaqtida davolatmaganimni oqibati, mana yosh o‘tgan sari tez tez shodlik qo‘zg‘alib bezovta qilib turadi.
Qani endi dunyo tashvishlaridan bo‘shab bemalol bir oz dam ololsang... Qayda?! Baribir biror bir tashvish topiladi-da, kasalingni ham unutasan.
Kasalini yashirsang isitmasi oshkor qiladi. Ming karra haq so‘z. O‘tgan hafta do‘stlar bilan choyxonada bir ulfatchilik qilgandik. Bir oz to‘riga chiqib olgan ekanmanmi, miyamga xursandchilik o‘rnashib qolibdi. O‘tib ketar deb eʼtibor bermadim. Ish bilan ovora bo‘lib unutgandek bo‘ldim. hafta oxiriga borib bir kuchaydiyu, yiqitdi qo‘ydi. Shu bahona bo‘ldiyu ishxonadan ruxsat olib hali u do‘stimni shifoxonasida, hali bu do‘stimni qabulxonasida maslahat olib yuribman. Psixologga borishni maslahat berishdi. Bordim. Bormaganimga qo‘yishmadi. Mana natija: Shodlantirilgan Baxt Saodat Sindromi. Xushim boshimdan uchay dedi. (Birov eshitsa bormi, naq jinniga chiqaradi).
Xullas bo‘lar ish bo‘ldi: jon kerak bo‘lsa joningni jabborga berarkansan. Mana bir necha kundan beri kunim meva va sabzavotlarga qolgan. Nonushtaga qovun va tandirdan yangi uzilgan shirmoy non, tushlikka tarvuz va boshqa mevalar, kechki ovqatga esa olma, nok va sitrus mevalar. Yanayam xursand bo‘laman, sutga cho‘miltirishmaganiga. Lekin baribir sal o‘zimni tortaman: har qanday dorini ham sog‘liqqa taʼsiri bor deyishadi. Vrachga bildirmay sekin hamshira qizdan so‘rab bilib oldim: bunaqa muolaja taʼsirida kayfiyat ko‘tarilib ketish xavfi bor ekan. Bir marta hatto shunday bo‘libdi ham, o‘zim sezmabman.
Tavba, odamlarga ham hayronsan. Issiq jon, hammada ham dard bor. Hamkasblarim ham xonamga tez tez kiradigan bo‘lib qolishdi. Emishki, bu kasallik o‘ta yuqumli va bir og‘iz gapdan ham yuqarmish. Hatto kotiba qizni sevganiga turmushga chiqib ketganini ham meni dardimga bog‘lashib mish-mish tarqatishdi. Xatto kishi bilmas karantin ham eʼlon qilishibdi. Hamma kishi bilmas birin ketin mehnat taʼtiliga chiqib ketishdi.
Mana, bugun ham bir o‘zim hamma uchun ishlab o‘tiribman. Hammani mijozi meni oldimda: biriga u kam, biriga bu. Mijozlar bilan bo‘lib dardimni ham bir oz unutaman. Lekin ishdan bir oz chalg‘idimmi, tamom: quvonch yoki shodlik bezovta qila boshlaydi. Dam olish kunlari xam o‘zimga biror ish topishga harakat qilaman. Aks holda Shodlantirilgan Baxt Saodat Sindromi yana avj oladiyu, kaminani yana osmonu falakda ko‘rasiz. Kecha internetdan bir xabarni o‘qib tashvishga tushib qoldim: bu dard virtual yo‘l bilan ham yuqar ekan. Nima bo‘lganda ham ehtiyot bo‘lgan yaxshi.
Darvoqe, xabarimni o‘qiganingizdan so‘ng o‘zingizga bir eʼtibor berib qo‘ying: yuzingizda tabassum alomatlarini ko‘rsangiz yoki kayfiyat ko‘tarilishini his qilsangiz tezda mutaxassisga uchrashing yoki menga murojaat qiling. Boshdan o‘tgan tabib deyishadi.
4-oktyabr 2011 yil.