Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.
Ijodiy faoliyati.
Adabiyotga mehr qo‘yib, to‘rt-besh yoshidan qalam tutgan Abdul Boqiyning ijod namunalari taxminan 1994-yildan boshlab tuman, viloyat va respublika miqyosidagi Ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilina boshlagan. Jumladan, «Chortoq haqiqati» gazetasida maqola va sheʼrlari, «Xalq irodasi», «O‘zbekiston ovozi», «O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati», «Farg‘ona haqiqati», «Ko‘ngil ko‘chalari», «Ayol qalbi» kabi gazetalarda, «Sharq yulduzi» jurnali, “Tamaddun” almanaxida sheʼrlari eʼlon qilingan.
Abdulla Boqiyning «Kechikkan bahorim», «Moʻjazgina moʻjiza», «Siyrat hududi», “Nomsiz” kitoblari chop etilgan. Ijod namunalari «Chortoq antologiyasi», «XXI asr Namangan adabiy bo‘stoni» tazkiralariga kiritilgan.
Neomodernchi shoir, yozuvchi, shuningdek, iqtidorli matbaa dizayneri Abdul Boqiy 2009-yildan buyon Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida istiqomat qiladi. Turmush o‘rtog‘i — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira O‘lmasoy Nishonova bilan birgalikda to‘rt nafar farzandlarini tarbiyalab kelishmoqda.
Mehnat faoliyati.
Dastlab Toshkent shahrida «Ko‘ngil ko‘chalari» gazetasida Reklama agenti sifatida ishga qabul qilinib, faoliyati davomida dizaynerlik, so‘ngra Masʼul kotib lavozimlariga tayinlanadi. Keyinchalik «Ayol qalbi» gazetasi tahririyatida dizayner hamda masʼul kotib lavozimida faoliyatini davom ettiradi.
Yillar o‘tib «Oliy xo‘jalik sudi Axborotnomasi»ga dizaynerlik vazifasiga ishga o‘tgan Abdulboqi keyinchalik Bosh muharrir yordamchisi lavozimida, keyin esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «Huquq va burch» jurnali tahririyatida turli lavozimlarda ishlagan. Undan so‘ng “Intellekt” gazetasi tahririyatida Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirgan.

DILXAT
Turmush o‘rtog‘im, ko‘z-qorachiqlarimning onasi, oilam bekasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira O‘lmasoy Nishonovaga...
Ayrilganni ayiq yer,
Bo‘linganni bo‘ri yer,
Tulki nima desa der,
Butun bo‘layin, jonim,
Ishqdan bunyod qasringga
Ustun bo‘layin, jonim.
Mushuk bo‘lib miyovlab
Yashamoqqa tobim yo‘q,
Muhabbatga vafodan
Boshqa biron javob yo‘q...
Arslon bo‘lib yashayin,
Bo‘lsam mayli vafoga
Tutqun bo‘layin, jonim.
So‘nmasin ko‘zdan nuring,
Bo‘lay fahring, g‘ururing,
Ishqdan boshqasi bekor,
Muhabbat bekati*da
Turg‘un bo‘layin, jonim.
Sevikli bir yor bo‘lib,
Va baxtga duchor bo‘lib,
Ham Nomus, ham Or bo‘lib,
Faxr-u, iftixor bo‘lib,
Umiding ko‘zlarida
Uchqun bo‘layin, jonim.
11.01.2025-y.

SUKUNAT JARANGI
Tun. Qaydadir nimadir charxlanayotir...
(Aziz Said satri)
Tun. Qaydadir nimadir charxlanayotir...
Quloqni qomatga keltirib...
Jaranglar Sukunat jarangi...
Tun. Qaydadir nimadir charxlanayotir...
O‘ylar uchar, xayollar uchar...
Uzoqmi-yaqinga...
O‘tmishga, kelajakka...
bugundan, xozirdan nariga...
Ro‘yolar ortidan ergashar ilhom,
Qog‘ozning bag‘rini tirnaydi qalam,
Tandirdan uzilar yangi sheʼr...
Tun. Qaydadir so‘z charxlanayotir...
Tun. Qaydadir nimadir charxlanayotir...
O‘zini unutib devona ko‘ngil
O‘zligini izlab yo‘l solar
Tong sari...
Tun bo‘yi ichini it tirnar...
Ketolmaydi o‘zidan nari...
Falsafa sochilar tunni to‘zg‘itib...
Safsata!
Yolg‘ondir bari!
Avjga minar Men va Men jangi...
Tun. Qaydadir fikrlar charxlanayotir...
18 noyabr 2025-y.

HAYQIRIQ!
Og‘riq, og‘riq, og‘riq...
Zirqiraydi tanam,
Tunda og‘riq, kunda og‘riq,
Qalbda og‘riq, aqlda og‘riq,
Aqlga sig‘maydigan og‘riqlar
Qurshab olgan yetti tomondan...
So‘lda og‘riq, o‘ngda og‘riq,
Tushda og‘riq, hushda og‘riq,
Yuragimda otning dupuri,
Tomirimda oqar qizil havotir
Gupurib...
Qalbda og‘riq, aqlda og‘riq,
Tuyg‘ularda, hislarda og‘riq!
Faqat vijdon og‘rimayapti
Termulib turibdi jimgina
Sakkizinchi tomondan...
Sakkizinchi moʻjiza...
12.03.2026-y.

HAYQIRIQ 2
O‘ynoqi yuragimni ne qilsam ekan?
«Jim tur!», deya koyigani qo‘rqaman
axir
yuragim jim turib qolsa
To‘rtta norasidam – to‘rt juft qora ko‘z
Qolmasin sag‘ir...
Har gal
tipirlasa, erk istab
ko‘krak – qafasimda
oppoq to‘shli yalangbosh burgut
bo‘g‘zimga tiqilsa hayajon..
Hayajonmi? Ha-ya jon...
Tomirimda – Zangor yo‘laklarda
gupurib...
qon – qip-qizil havotir
... tuyg‘ularga ulashsa tug‘yon
Yurakda boshlansa g‘alayon, isyon
«Jim tur!», deya koyigani qo‘rqaman
axir
To‘rtta norasidam – to‘rt juft qora ko‘z
Qolmasin sag‘ir...
O‘ynoqi yuragimni ne qilsam ekan?
O‘ynab-o‘ynab, o‘ylab-o‘ylab,
Dunyoning dardini (simirib)
Borki gustoxlikni opichib,
«pishqirib yotgan», (semirib) –
«Kotta xolamning o‘g‘illarini»
«G‘amini yeb»...
Xorib-xorib, tolib-tolib
Tinchib qolarmikin o‘zi...
Ko‘zin yumarmikin yo bir kuni
Millatning zavolin ko‘rmay deb...
O‘ynoqi yuragimni ne qilsam ekan?
«Jim tur!», deya koyigani qo‘rqaman
Axir,
hali yozmagan sheʼrlarimni
kimga tashlab ketaman ? –
millatni, adabiyotni,
odamzotni, insoniyatni...
jimgina jilovlab nafsoniyatni
Jim turmoq – hiyonat, Jim turmoq – O‘lim!
Qachon sodir bo‘lar
Sakkizinchi moʻjiza?!
25.03.2026-y.

ERTAKLAR SHAHRIGA XUSH KELIBSAN, YOR...
Nega ishonmaysan...
Bilsang, bunda baxtdan qurilgan qasr,
Feruza gumbazli, devori zumrad,
ostonasi tillo, darvozasi nur...
Bunda barcha jonning iqboli baland,
Bunda barcha ko‘ngil baxtidan masrur...
Ertaklar shahriga xush kelibsan, yor...
Nega ishonmaysan...
Bunda gullab turar muhabbat bog‘i,
Visoldan kuylanar takror kun-u, tun...
Bu bog‘da barchaning bag‘ridir butun...
Dilingni o‘rtamas hijronning dog‘i...
Ertaklar shahriga xush kelibsan, yor...
Nega ishonmaysan...
Bu yerda bo‘rining og‘zi qon emas,
Qo‘ylari behadik o‘tlar cho‘ponning...
Yirtib qo‘yilmaydi bunda choponing,
Miskinning taomi qattiq non emas...
Ertaklar shahriga xush kelibsan, yor...
Nega ishonmaysan...
Bunda barcha qalbda bordir diyonat,
Or, nomus, andisha, sadoqat, vafo...
Kimsa bir-biriga ko‘rsatmas jafo,
Ko‘ngilchi ko‘ngilga qilmas hiyonat...
Ertaklar shahriga xush kelibsan, yor...
Nega ishonmaysan, Ishonish kerak,
Eng muhim jihati shudir sheʼrimning.
Bunda suiisteʼmol qilinmas ishonch,
Bunda hislar inja, tuyg‘ular inju...
G‘ururi toptalmas bunda erlarning...
Ertaklar shahriga xush kelibsan, yor...
20.11.2024-y.

KATTA HAYOT
Katta hayot,
katta shahar,
katta tashvishlar
Ezg‘ilaydi mayda odamlarning kiftini...
maydalangan tuyg‘ularni tutib kaftida
kezinadi ruhlar, sharpalar...
sovuq nigohlardan bezigan ko‘ngil
isingisi kelar sheʼrning taftida...
sheʼr aytishga...
sherlar chiqar katta sahnaga
sheryuraklar haqda aytib afsona...
sheʼrdan,
sherlardan,
sheryuraklardan
darak yo‘q... (darak bormi, xabarin bering)
(kimlarga qoldi Kun,
kimga tun...
Bo‘lishgisi kelmas kimarsa)
Adabiyot...
Madhchilarning madhidan ortib
Mayda ko‘ngillarni timdalar yana
Raqamlar.
Kimda bir, kimda to‘qqiz...
Kimdadir to‘qqizdan birgacha,
Men esa izlayman “nol”lar qiymatin.
Jodugar raqamlar sehriga
mubtalo ko‘zlar tuman-tuman
Tuman bosgan.
Barchasi och, ruhlar yalang‘och
Kayfiyati bir ahvol sharpalar.
Dafʼatan, ovqat isi kelar
Qay bir tarafdan
Olomon yoprilar, “yemish”i tomon
"Ovqat, Ovqat..!"
Go‘dak ko‘zlarida taajjub surati.
Tuyqus, hayqiriq~!
"To‘xtanglar... Axir u Odam-ku! Yagona odam!"...
22.04.2025-y. Toshkent.

EROZIYA
Bir gul ko‘rdim gulzorim uza,
Eng chiroyli gulimni uza
Chakkasiga taqdida... ketdi
Labin burib, ko‘zini suza...
Gulim gulning ko‘nglin to‘ldirdi,
Gul esa gulimni so‘ldirdi...
Bu ne savdo, qanday ko‘rgulik,
Go‘zal go‘zallikni o‘ldirdi...
27.05.2025-y.

KARROZIYA
Ming yillik simirdi moviy qonimiz,
Nokaslar toptadi shuhrat, shonimiz,
Ming yilliklar uza omon jonimiz,
Bu kun zamonamiz...
Omon-omon...
Bir o‘y kemiradi fikrimni hamon ~
Buyuk millat edik, buyuk xalq bo‘ldik,
Qachon El bo‘lamiz bir tanu bir jon...
Bir qo‘limiz pora berib,
bir qo‘limiz olsa pora,
Bizningku ish bitar-u, jigarlar pora-pora...
Jigarimiz jigari oro yo‘lda qolsa-yu,
El bo‘lib yaramasak, Jigarlarning koriga,
Qo‘l siltasak boriga...
Qandayin zamonmiz...
Omon-omon...
Bir o‘y kemiradi fikrimni hamon ~
Buyuk millat edik, buyuk xalq bo‘ldik,
Qachon El bo‘lamiz bir tanu bir jon...
30.05.2025-y.

BUZILGAN TAROZI...
Yoz bo‘yi tentirash bo‘ldi yumushi
Pand berdimi instinkt, ichki tuyg‘usi
Qishda uxlolmasa ayiqda ne ayb
Och qoringa axir kelmas uyqusi...
Bahor ketib kuzda kelardi qarg‘a,
Qag‘-qag‘lab yurardi qish-qahratonda...
Yo‘lini topolmay yuribdi hamon
Qirq daraja issiq, yoz-saratonda...
Bo‘rilarning hamon oshig‘i olchi
Qo‘rada ko‘p hali yuvvosh qo‘zi-qo‘y...
Bo‘ribosar birpas mizg‘ib olsa bas
Ovloqda boshlanar bazmu-jamshid, to‘y...
Arslon o‘rin oldi qizil kitobdan
Kuni tuqqan sirtlon beor, besubut...
Ola qanotlarning davri keldimi
Nega ko‘rinmaydi bironta burgut...
06.01.2025-y.

Ko‘k yuzini to‘sgan daraxt shoxlarin
orasidan mo‘ralaydi oy...
Shom qazo bo‘lmasin, turaqol, – deydi, –
kun kelib namozdan so‘ralasan, hoy!
Kun kelib insofdan so‘ralganda boy...
Kun kelib insofdan so‘ralganda boy
Albatta mansabdan so‘ralar to‘ra,
Yaxshilik qilishga ulgurib qolgin,
Tur, do‘stim! Tur, oshna! Tur, jo‘ra!
Sendan ham so‘ralar kasbingga ko‘ra...
Ko‘k yuzini to‘sgan daraxt shoxlarin
orasidan mo‘ralaydi oy...
31.07.2025.

O‘RGIMCHAK OVI
Bir tomonda
Tarmoq...
otib qarmoq
va yoki solib sirtmoq
ongimni zabt etmoq qasdida
Fathini boshladi sunʼiy intellekt*
Kamlik qilayotgan edi
Chalasavodlik...
Ikkinchi tomonda
Qadri oshdi
Temir-tersakning
Qadrimdan baland
Ey, Dumaloq qamar,
Kulcha yuzli, Oy!..
tandirning Dumaloq og‘zidan chiqqan
do‘mboqqina, Dumaloq...
qora bug‘doydan bo‘lgan kulchalarimdan
qadrliroq bo‘ldi
temir-tersak
va uning dumaloq
shinalari...
vizzillab o‘tar
ko‘nglim ko‘chasini changitib...
Vizzillab o‘tar
Tasavvur tezligida
Ertangi kun...
E-voh,
Hamma yerni tutib ketgan
Sunʼiylik,
Hatto gullarning ifori ham
Sunʼiy taralgan,
Muomala sunʼiy,
Qosh-ko‘zlar, qarashlar,
Lablar ham, bo‘salar ham...
Tug‘ishni istamagan ayolning
Bolasi ham sunʼiy – Vakumda yaralgan...
Suragatlarning qornida esa
Dublikatlar – apparatdan tarqalgan...
Qaragim kelmaydi uchinchi tomonga...
To‘rtinchi tomondan
Men seni izlayman, Oddiylik...
Va maktub bitaman do‘stimga,
Kabutar topilmas olib ketgani,
Yana tarmoqqa talpinaman...
Qayerlarda qolding, ey qog‘oz maktub?!
Ballistik kallaklar vizillar
Qurollar chaladi sibizg‘a
Beshinchi tomonda!
Qushlar uchmay qo‘ygan,
Ucholmaydi ham
Dronlar, raketalar uchgan osmonda...
Osmonning rangi qip-qizil,
Qon qusayotgan Zaminning
Fig‘oni falakda akslangan...
Oltinchi tomondan
Bir nigoh qadalgan
Menga, senga, unga ham...
* Jasur Isroilning “Sog‘inch” sheʼridagi satrlardan keng foydalanildi.
02.05.2026-y., s. 00:35 min.

Kuzgi tengkunlik haqida ballada
(Poliptix)
1
Tirik bo‘lib, tirikmasman,
O‘lik bo‘lib, o‘likmasman,
yo qoshmas, yo kiprikmasman –
Vatanda turib, e-voh,
Vatansiz yuribman-o...
ming bitta o‘y boshimda,
tatim yo‘qdir oshimda
kun aylanib kundoshimga
yong‘oq chaqar qoshimda
yo‘qdir bir sirdoshim-a
vatanda turib, e-voh,
vatansiz yuribman-o...
18-sentyabr, 2026-y., 00:23
2
Ana, kimdir barmog‘ida sanayapti,
Yana kimdir taqdirini sannayapti,
Qurg‘ur Hayot meni hamon sanlayapti,
Tongni,
Baxtni,
Ishqni,
va Tole kulishini
intizor kutganim sanada...
manman degan man-manlar
nega yo‘l bermadilar,
kazo-kazo Kazolar
nega qo‘l bermadilar,
Qo‘rqdilarmi? Qo‘rqdilar...
o‘zib ketishimdan yo,
uzib ketishimdan yo...
Dunyo bo‘lganda bunyod
ular shunday yaralgan
dardu, g‘ami – mol, dunyo...
menga dunyo kerakmas,
mening o‘zim bir dunyo,
bilmadilar nokaslar
men esa bo‘ldim daryo...
va Tole kulishini
intizor kutganimda
Qurg‘ur Hayot meni yomoon sanlayapti...
Qara, jonim, tong otmoqda...
Jonim og‘rir...
qaqshab-qaqshab...
Jonim, tongga yetganingda,
Jonim tongga yetarmikin...
Qurg‘ur hayot nega hamon sanlayapti...
Qara, jonim, tong otmoqda...
19-sentyabr, 2026-y., 21:50
3
Shamol, shamol...
Shoshilma buncha,
Yiqilib tushmagin deyman-da,
Va yoki shamollab qolmagin yana...
Shamol, shamol...
O‘pkangni qo‘ltiqlab,
bunchalar shoshib,
kelyapsan qaydan...
Shamol, shamol...
Buncha hapqirmasa yuraging...
Sog‘inib, entikib kelganing rostmi...
yoki sen ham tatib oldingmi
men ichgan – muhabbat mayidan...
Shamol, shamol...
Boshingdagi ro‘moling qani,
Bahorda men hadya qilgan,
Bodom gulli, harir ro‘moling...
Uchirib ketmasin...
Begona shamol...
O‘chirib ketmagin...
Ikkimiz bosib o‘tgan
Taqdir yo‘lidagi izlarimizni...
Shamol, shamol...
Oyog‘im og‘riyapti zirqirab...
20-sentyabr, 2026-y., 23:44
4
Lovullaydi olovrang olov
O‘choqning quchog‘ida
Qizarib pishar laqm
Kimningdir o‘chog‘ida...
Kimdadir obiyovg‘on,
Va kimdadir atala...
Haqiqat!
Diyonat!
Borliging yolg‘on...
Insofning o‘lgani rost!
Ey ko‘ngil,
Men to‘ydim...
To‘ydim baridan...
Endi meni Baxt sari yeta(k)la!
Negadir uyqum qochdi...
21-sentyabr, 2026-y., 02:59
5
Negadir uyqum qochdi,
Yomon tush ko‘rdimmi yo...
Tushmidi, yo o‘ngmidi,
O‘ngmidi, yo so‘lmidi...
Ko‘ngil otli boshpanam
Qurib ketgur, cho‘lmidi...
Tashnaman...
Baxtga tashna...
Toleim kularmikin...
Hov anavi ko‘ringan
Tongga eltar yo‘lmikin...
yetar endi, yig‘lama!
Umidu, orzularim
Ko‘z yoshga xo‘o‘o‘p cho‘mildi...
Susambilga ketsammikin...
21-sentyabr, 2026-y., 03:21
6
So‘ksalar so‘kilmaysan,
Tepsalar tebranmaysan,
To‘lasan, to‘kilmaysan...
Buncha nafsing och sening,
O‘rningda mustahkamsan,
Haykal!
Haykal,
Atrofingda charx urib,
Chax-chaxlagan olaqanotlar
Sap-sariq tumshuqlarini
Yalog‘imga suqib,
cho‘qib, cho‘qib...
Borki luqmamni tortib olsalar ham
Parvoing falak, jim turib...
Olqishlaysan...
Savlatingdan aylanay seni...
Tong otmoqda...
21-sentyabr, 2026-y., 04:03
7
Eski qozon, eski o‘choq...
Eskirdingku...
endi esing kirgandir-a...
Esingdami...
quchoq-quchoq
Gullar o‘tin bo‘lgandi-a...
(Sunbulayu, sunbula,
O‘rab olay gul bilan,
Mani ko‘nglim san bilan,
San ketarsan kim bilan.)
eski o‘choq, eski qozon...
obiyovg‘on pishdimi...
ellik, oltmish qadam o‘tgach
galgi hudud qishnikimi...
to‘kilmoqda bitta-bitta
ko‘zlarimdan sog‘inch – xazon...
(O‘choq boshida - qumg‘on,
Atrofi - baland qo‘rg‘on.
Sevganimga yetolmay,
Yurak-bag‘rim bo‘ldi qon.)
obiyovg‘on, obiyovg‘on…
eski o‘choq, eski qozon...
dunyo – bozor, hislar arzon,
visol izlab ko‘ngil sarson,
ishqdan bo‘lak...
bari yolg‘on...
(Men bu yerda o‘t yoqsam,
Farg‘onada tutuni.
Bu dunyoda bormikan
Yurak-bag‘ri butuni?)
Eski qozon, eski o‘choq...
olov nega lov-lov emas...
Tuyg‘ularning tafti so‘niq,
Obiyovg‘on – palov emas...
(Bu dunyoda bor bo‘lsa
Yurak-bag‘ri butuni,
Qog‘ozdan o‘choq yasay,
Guldan bo‘lsin o‘tini!)
Sentyabr...
Yigirma ikkiga qarsak chalganda
Boshlanarmi Kuzgi tengkunlik,
Boshlansinda bizga kengkunlik
Boshlansin-a, rizqi butunlik...
Eski qozon, eski o‘choq...
Obiyovg‘on – jonga tegdi...
dilga bahor qaytarmikin...
Sunbulani aytarmikin...
endi esing kirgandir-a...
sunbulajon, sunbula...
21-sentyabr, 2026-y., 11:06

Tushdagi tush
Tushimda tush ko‘ribman...
Emishki...
men qirolu, sen qirolicha...
Cho‘chib uyg‘onib ketdim,
Qarasam...
uxlab qolgan ekanmiz taxtda...
Yonimda sen qirolicha...
Xursand bo‘lib ketdim,
Xayriyat tush ekan...
O‘ngda...
bari qoyilmaqom
Zo‘rdan zo‘r oliymaqom...
Chapda
Manglayi sho‘r, qo‘li qadoq,
Sabrni yeb, toqatni ichgan,
Tiriklikchun bariga ko‘ngan
Moyil maqom avom...
Zerikdim...
Tong otay deb qoldi...
Angladimki,
Bari ro‘yo, bari tush...
Uyg‘onish kerak...
Ey, sen ~ qirolicha,
uyg‘on... O‘zingni uyg‘ot,
Yonimga tush, birgalikda
O‘nglashimiz kerak
Muvozanatni...
Tong otmoqda...
24-sentyabr, 2026-y., s. 16:37 min.

Nisbiylik tenglamasi
«O‘tkinchi dunyo», demang
O‘tguvchi bizdir aslan...
Yer nomli fazoviy kemada
O‘z o‘qiga o‘ralashib, shams tegrasida
Girdikapalak...
Kutguvchi –
Keyingi (so‘ngi) bekatin,
keyingi faslin...
umrni ham o‘tkinchi demang...
qarang...
biz o‘tib boryapmiz...
umrimiz chizig‘i bo‘ylab,
bo‘lg‘ur, bo‘lmag‘urni o‘ylab...
o‘ynab-o‘ynab...
qotib qolgan Vaqt oralab...
Vaqt ?!
Nisbiy tushunchami?
Bo‘lsa bordir...
Meningcha: vaqtning o‘zi yo‘q narsa,
Yo‘qlik esa mavjud...
Mavjudlik esa Absurd
Absurdlik –
lotincha ab (“tashqari”)
va surdus (“gung” yoki “kar”)
demakki – gunglikdan –
gap-so‘zdan tashqarida...
tasavvur kengligida...
tasavvur kengligida...
barchasi mavjud...
tasavvur kengligida barchasi real...
reallik esa – mavhum...
mavhumlik esa – ayon...
Yaratganning o‘ziga!
Yaratgan –
Yo‘qdan bor qilguvchi,
Va ilkida tutib turguvchi,
Qodirim, Karami kengim,
Eng yorug‘ tonglarni nasib et bizga...
Tavallo...
Tavallo...
Tavallo...
Bu dunyo – o‘tkinchi!
Umr – o‘tkinchi!
26.09.2026. 11:40

Nisbiylik tenglamasi 2
Umr – chiziq...
Senga, menga, unga
chizib qo‘yilgan...
kimdadir tik, kimdadir qiya,
kimda yotiq,
kimdadir egri,
kimdadir bukri...
baʼzan kesishadi,
tutashadi – taqdirot nuqtasida...
va yoki paralel davom etadi
o‘xshash taqdirlar –
bir-biridan mutloq be xabar...
bir nuqtada...
O‘z o‘qiga o‘ralashib, shams tegrasida
Girdikapalak...
Uchib o‘tayotgan
Yer nomli fazoviy kemada
Va yoki
Paralel dunyoda...
Yana bilmadim...
Bilamdim...
Bilmaslik –
Donolik falsafasi-ku...
Yo‘q, faylasuf emasman,
Donolik ham qilmoqchi emasman...
Shunchaki...
O‘ylab qolamanda gohida...
Real hayotda –
reallik – rostlik,
rostlik – haqiqat...
bormikin
aslida
Haqiqat – bog‘liqku
Baholashingga
qaysi rakursdan
Shunchaki...
O‘ylagan o‘ylarimni bitdimda...
Haqiqat –
Tarozi pallasi...
Qay biri og‘ir kelsa – quyida,
Yuksaklikka intilar – yengil-yelpilar...
Haqiqat –
Men anglay olmagan – tengsizlik...
Femidaning ko‘zlari bog‘liq...
Muvozanat, tenglik
Nimaga bog‘liq?! ...
Maat, Aleteyya, Veritas...
Bari yolg‘on...
Yolg‘onligi Haqiqat!
Bari yolg‘on...
Bari o‘tkinchi...
Ovutma meni, Hayot,
Zerikdim, To‘ydim
Yolg‘onlaringdan...
Shunchaki
Paralelni olib vertikallikdan
Gorizontal qo‘yish qiyinmi?..
Tenglik xosil bo‘lishi tayinku...
Nisbatan ...
Zerikdim, To‘ydim...
Ey, Karami keng, Qodirim,
Bir ishq ber
Qo‘limdan tutib
Yetaklasin Baxt sari
Teglik,
Kenglik sari...
Tong sari...
Ey, Qodirim, Karami kengim,
Eng yorug‘ tonglarni nasib et бизга...
26.09.2026. 13:33

O‘lik shoirlar jamiyati
(Tragediya)
(Filmdan so‘ng...)
Shoir o‘lsa ...
Fojea emasdir, balki
Qayta yashayveradi
Asarlarida,
Yuraklarda...
Ongda, shuurda...
Lek o‘lik shoirlar ko‘paygan yurtda
Tanazzul, tanazzul
Yana tanazzul...
O‘lik shoirlardan bezgan jamiyat
Yoshlari...
Ko‘zlarimdan to‘kilgan unsiz xitoblar,
Zerikdim...
Anʼanaviylik,
Soxtakorlik,
Paxta*korlik,
Tubanlikdan...
Keling, birgalikda
Tuzamiz «O‘lik shoirlar jamiyati»ni
Va safar qilamiz
Erkinlik sari...
O‘lik shoirlardan bezgan jamiyat
Yoshlari...
«O‘lik shoirlar jamiyati»ga
Kirish uchun o‘lish shart emas...
Shunchaki...
Chek qo‘ying konformizmga!
Quloq soling...
Ichki ovozingizga...
Mustaqil fikrlang...
«Kunni ushlab qoling»
Lahzani tuting...
O-oh! “Velton” !!!
Konservativ zavod...
Qolipingni sindirganda
Djon Kiting
Va uning
«O‘lik shoirlar jamiyati»
Qayta tirilganda,
O‘lik shoirlardan bezgan jamiyat
Yoshlari...
Ovozini baralla qo‘yib
SHEʼR o‘qiganda...
Sezilib qoldimi noqisliging..?!
O‘lik shoirlardan bezgan jamiyat
Yoshlari...
Nazar soling dunyoga
Boshqa rakursdan...
O‘zlikni anglang!
O‘z yo‘lingizni
O‘zingiz tanlang...
O-oh! Nil Perri,
«O‘lik shoirlar jamiyati»ga
Kirish uchun...
o‘lish shart emas edi...
27.09.2026-y., 00:06

Evrilish
Hamma tik turib
Kuzatganda haqiqatni
Jimgina
Men
Kuzataman yonboshlab olib –
Boshqa rakursdan
Dunyoni, hayotni
Anglashga harakat qilaman
Haqiqatni
Borligi o‘zi haqiqatmikin...
Yo‘q...
Barchasi illyuziya...
Bari aldov...
hammasi yolg‘on...
Deya hayqiraman...
Lekin...
Ovozimni eshitmas
Kimarsa...
Odamlar jim...
Sukut va sukunat oralig‘ida...
«yolg‘on dunyo» deymizku
Axir o‘zimiz...
Illyuzionistlar,
Ko‘zbo‘yamachi,
Ko‘zboylag‘ichlar...
O‘zimiz tan olgan Haqiqatlar*ga...
Ishonch bilan
Imkoniyat yaratib berishlariga
O‘rganib qolganmiz...
Ko‘nikkanmiz...
Mana haqiqat!!!
Yo‘q...
haqiqatni
Shizofreniyaga chalinganlar,
Ruhi xastalarga
Baralla aytish...
Yo‘q...
...
Kulgilimi?..
Yo‘q...
Achinarlimi?..
Achinish yetarlimi?...
Yo‘q...
Yechim topish kerak...
Mana haqiqat!!!
Evrilish —
Shunchaki
tomoshabin bo‘lishmas...
Siniq ko‘zgudan nigohni uzib...
O‘z ichingga yo‘l sola olish...
O‘zligingni anglash...
O‘zlikni topish...
Evrilish...
Mana haqiqat!!!
28-09-2026. 15:07.

Tunggi quyosh
Bilasizmi...
Tunda ham quyosh charaqlab turadi,
Siz uni ko‘rmaysiz
Siz ko‘rmaysiz ...
faqat...
quyosh kulib boqadi...
hamma vaqt
biz minib olgan Yer sayyoriga...
anov yulduzlaringiz...
uning bir tomchi nurini
akslantiradi xolos,
Usiz yiltiray olmaslar,
O‘rganib qolganlar tayyoriga...
biz “Tun” deya nom qo‘yib olgan
pallada
quyosh charaqlab turadi...
bilasizmi...
ko‘rish uchun
o‘zgartirish kerak
rakursni...
tasavvurni...
tasavvur qilyapsizmi...
Tunda ham quyosh charaqlab turadi...
tasavvur qilyapsizmi...
Navoiydan so‘z ochsalar
Kulgim qistaydi...
Va Achinaman...
Navoiyni o‘qib ...
Olim* bo‘lganlar...
O‘z so‘zini unutganlar,
Aniqrog‘i,
Aytar so‘zi,
O‘z fikri –
Mustaqqil fikri yo‘qlarga...
Yana ham aniqrog‘i,
O‘zligi yo‘qlarga
Achinish kerak...
tasavvur qilyapsizmi...
anov yulduzlaringiz...
quyosh nurini
akslantiradi xolos...
Bu mening shaxsiy fikrim...
tasavvur qilyapsizmi...
fonogramma ortidan
eshitilayotgan
bo‘g‘iq ovozni...
bo‘g‘ilgan ovozlarning
ingranishini...
erkinlik istagan ovozlarni...
kenglikni qumsagan ovozlarni...
tasavvur qilyapsizmi...
qarsaklar chalib...
qo‘llab-quvavatlangan
biz ovoz bergan...
fonogrammalar...
yaltiragan anov yulduzlar...
quyosh nurining aksi...
Tasavvur qilyapsizmi?!
29-09-2026. 16:50.

Och ayiq haqida ertak
Qorni och edi ayiqning,
Yegulik izlab
Kezib chiqdi tog‘ o‘rmonini...
Hech vaqo yo‘q...
Aksiga olib,
ega chiqqan
Anavi – g‘alati mavjudotlar –
Odamlar...
Hamma joyga ...
to‘siqlar qo‘yib tashlangan...
muhofizotning u tomonida
mo‘l-ko‘lchilik...
istaklar muhayyo...
ushog‘liq orzular...
Orzular..?...
Yo‘q ...
orzu neligin bilmaslar,
istaganlarini qiladilar
shunchaki...
Qorni och edi ayiqning...
Qorni och edi ayiqning...
Hech vaqo yo‘q...
Tirikchilikka ...
Qo‘rg‘on atrofida jimgina
Ilinjini opichib
Kezinardi...
Anavi – g‘alati mavjudotlar –
Shavqatning,
Mehr-oqibatning
Yuksak Namoyishkorlari
Sahovat ko‘rsatdilar...
Kimdir bir chelak po‘choq,
Boshqa biri
It yemagan bir hovuch suyak,
Yana kimdir
bir tovoq qiltanoq...
Qorni och edi ayiqning...
Va tik turib
Ikki oyoqlab,
Lapanglab chopa ketdi
Anavi – g‘alati mavjudotlar –
Lang ochiq og‘izlari bilan
Termulib turardilar...
Oo-oo!
Hayot!
Eng katta teatr...
Hamma tomoshabin!
Qarsaklar yog‘ilar...
Qorni och edi ayiqning...
O-o, Hayot!
Yana qanday sinovlaring bor?!
Yovvoyi tabiatning
Tabiati yovvoyi
Dil bandiga...
Ayiqqa atalgan...
...
Qorni och edi ayiqning...
Na kulardi va na yig‘lardi...
Mahluqlar!...
Shunchaki...
Bo‘g‘ziga tiqilgan o‘kirik
Baralla yangradi ...
Erkinlik!!!
Qorni och edi ayiqning...
30-09-2026. 11:30

“Kalipso”
Tong otyapti...
tong...
uyga ketgim kelyapti...
qo‘lllarimni qo‘yib yubor...
Kalipso...
yuzi silliq, muzqalb...
suv parisi...
keltirib berishim kerakmi yo
taygadan
parilar kovushini..?
Zanchirni uz...
ketgim kelayapti!!!
Kalipso –
ishqqa tashna...
visolga tashna...
o-o, makkora...
aldovlarga ko‘mib...
sevgi bilan ko‘zimni bog‘lab,
ayirmoqchisan...
aqlu xushimdan...
o-o, Kalipso...
tushdagi o‘ngmisan...
yoki o‘ngimdagi tushmisan...
Darvozangni och
sindirmasimdan...
qo‘yib yubor qo‘limni!
ketishim kerak...
Tong otyapti...
Tong...
Kalipso...
botiqlik tubida...
yashirib qo‘yilgan hislarim...
orzularim...
Jilovlashga
urinma
o‘zingga maftun etishga...
sohta vaʼdalar bilan...
to‘xtab qolgan vaqt oralig‘ida
ketishim kerak...
Tong sari...
Kalipso...
yovvoyi orxideya...
«Venera shippagi»ni
keltirib bermayman baribir
shimoliy yarim shardan...
Erkinlik uchun
senga tuhfa berishga
majbur emasman!
o-o, Kalipso...
yuzi silliq...
muzqalb... Kalipso...
Saturn (Zuhal)ning troyan yo‘ldoshi
Troyadan ot olgan...
Ogigiya orolining
yetti yillik tutquni...
Itakaga qayta olgan
Odisey...
Kerak emas abadiy yoshlik...
o‘rtangan yurakka
sog‘inchdan –
Ona Yurt,
Erkinlik deya...
Ona Yurt,
Erkinlik deya...
o-o, Kalipso...
Karib dengizidan taralgan navo
uyg‘otmoqda...
Dillarni, Dunyoni...
Tong otayapti...
07-oktyabr, 2026-y., s.01:36min.

Hisobchiga
Hey!..
Janob hisobchi,
Raqamlardan boshingni ko‘tar.
Quloq sol...
Bulbul sayramoqda...
Bir dam tanaffus qil,
Umringda bir bor
To‘yib-to‘yib nafas ol toza havodan...
Sen ham dilbandisan
Shu Tabiat...
Shu hayot,
Tongni, nahorni...
Yakkash
Raqamlar qurshovida qoldirma
Umr bergan bahorni...
Qara...
Tashqarida
O‘z ko‘ngling kutar...
Hey!..
Janob hisobchi...
09-10-2026. 20:10.

Umid xronikasi yoxud Katarsis
(diptix)
Toleim kulmoqda...
Nolimayman, yo‘q...
Hayotimdan, taqdirimdan...
Borim shu...
Bori shu...
Toleim kulmoqda
Ustimdan
Hamon ...
00:35. 11-Oktyabr, 2026-y.
Tong yaqin, nahor yaqin...
oz qoldi...
quyosh kulib boqadi
men tomon
hali zamon...
sen ham kulasan, ey yurak...
baxt menga
baxt keltirgan on...
00:52. 11-Oktyabr, 2026-y.

Eskizlar yoxud Ikki daqiqa sukunat
(diptix)
Yo‘q, men kashanda emasman...
Shunchaki...
Chekaman...
Hasrat...
Tashlash kerak...
Ortga nazar...
Oldga qadam...
Ishonch bilan...
07.10.2026-y., 02:19
Sizning ham uyqungiz uchdimi...
Tong oldidan
Uxlab qolmaslik
Muhim...
Uyg‘otishingiz ...
Quyoshni erkalab...
Ertalab...
07.10.2026-y., 02:21

Sevgi eskizi yoxud izxorsiz muhabbat tasviri
(diptix)
1. So‘zsizlik
Biz uchrashgan o‘sha yomg‘irli kunda,
Osmon jim edi...
Yurak gumburlardi ko‘krak qaʼrida,
Biroq,
tillarga ko‘chmadi eng buyuk dunyo...
Nigohlar to‘qnashdi –
soniyalar to‘xtadi...
So‘zlar kerak emasdi –
baxtni aytmoqqa.
Bir lahza ichida angladik barin...
2. Sukunat
Endi oramizda masofalar bor,
Va og‘ir sukunat cho‘kar xonaga.
Ammo o‘sha tuyg‘u yashar...
sog‘inchda,
Aylanib ulgurgan shirin nolaga...
Yillar o‘tsa hamki, o‘sha jimlikda
jaranglaydi takror va takror –
Sening ovozing...
sen ham payqadingmi, anglayapsanmi –
Ikki ayro yo‘lda yursak-da
hamon
Bizni bog‘lab turar o‘sha yomg‘irlar...
15:03. 11-oktyabr, 2026-y.

Tun va Kun haqiqati yoxud Aks imotsiyasi
(Falsafiy diptix)
1. Oq
Quyosh uyg‘otadi mudragan tongni,
Tong...
olib kelar umidlarni
yangidan yangi ...
boshlanadi
yelish, yugurish...
Hayot harakatda...
katta sahnada
Kunduz — haqiqatni to‘suvchi parda,
Ko‘kda raqs tushadi oppoq bulutlar.
Bunda sirlar yashirin, niqobi baland,
o‘z rolini o‘ynar odamlar.
Shovqin ichra yo‘qolgan qadamlar...
2. Qora
Tun!
niqoblar yechilar bir-bir,
Yulduzlar ko‘zidan to‘kiladi nur.
Odam o‘z-o‘zila qolar ro‘baro‘,
Va soxta dunyodan chekinadi jim...
Qorong‘u bag‘rida uyg‘onar hayot...
Qitirlaydi – qora qalam
Va yoki siyohli ruchka...
Oppoq qog‘oz yuziga sochilar
Poyema...
Eng sodiq tuyg‘ular uchadi tildan.
Kunduzi aytilmay qolgan dardlarim,
Sizib chiqa boshlar charchagan dildan.
15:04. 11-oktyabr, 2026-y.

Tingan lahzalar yoxud Ilinj siniqlari
(diptix)
Yo‘q...
Mayxo‘r emasman...
Shunchaki...
Ichaman...
G‘amlarni...
Ko‘zyoshlarni...
Qotib qolgan lahzalarni...
Ko‘zaga solib
Tindiraman...
Ana, yana mayda lab...
13.10.2026-y., 12:12
Sizning ham uyqungiz uchdimi...
Ooo, bedorlik muborak bo‘lsin...
Befarqlikning,
Befarqlarning...
Beti qursin ...
Kipriklarga ilingan
ilinjlarni,
Tomchilarni...
Sindirib...
Sochib yuboraylik
Yana maydalab...
13.10.2026-y., 12:18

« ... Bir bankirin tuvagi tillo
... Bir shoiri medalxo‘r dunyo
Nimasiga kuyamiz, o‘yna
"Chaling Bagdaduriga"* ».
(Jasur Isroil)
(P.S. Ijodkor do‘stimizning yuqoridagi sheʼrini o‘qigach, «U zamonlar o‘tib ketdi» filmini takror tomosha qildim...)
QURIYOTGAN DARAXTLAR ARIYASI
yoxud SHO‘RPESHONALAR XRONIKASI
(Diptix)
1
Nimasiga kuyamiz...
O‘ynang, do‘stlar,
Men ham o‘ynayman
Misralar ustida
so‘zlar bilan...
ey Mashshoqlar,
Chaling Bagdaduriga...
Vaah!
Ey shoir...
Kel bugun ichamiz,
Alamimizdan...
Suv bo‘yida qaqqayib
Suvsizlikdan quriyotgan
Daraxtlar uchun ichamiz...
Kipriklarda qotib qolgan
Tomchilardan tayyorlangan
Sharob keltirdim...
Kelinglar ichamiz,
May bizdan,
«Puri da marili» (non va tuz) sizdan!
Nimasiga kuyamiz...
Kelinglar ichamiz...
2
Ey baqaqorin, tuvagi tillo,
Sho‘rvachiyu, medalxo‘r(a)lar...
Ey karquloq knyagina,
Va beburd knyazning hamtovoqlari
To‘ralar...
barham berilganku axir
Laʼnati krepastnoylikka,
U zamonlar o‘tib ketdi...
Bilib qo‘ying,
Erta bir kun sizdan ham hisob so‘ralar...
Vaah!
Asakangiz ketarmidi
Biroz qayishsangiz
Sho‘rpeshonalarga...
Orzular qabristoni uzra
Tentirayotgan kabutarlarga
Tirik ko‘ngillarga
Baxt bering,
Imkon bering,
Erkinlik bering!!!
ularga
Ordona ordenlar kerakmas...
Ozroq non, bir ko‘za may
Va bir bo‘lak pishloqqa qanoat qilib
Halol rizq topishni istaganlarga
Imkon bering,
Erkinlik bering!!!
21:29. 15.10.2026-y.