Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Matmusaning kartasi

Matmusaning kartasi

Bir kun do‘stim Matmusa chuqur o‘yga tolibdi,
Barcha dono fikrini bir mezonga solibdi.

- Hozir men ham biznesmen, omad quvgan bolaman.
Ish joyimda maoshni juda katta olaman.
Yana buning ustiga oylik oshgan o‘tgan oy,
Xammasini bir olsam, qay cho‘ntakka solaman?

Men xam endi boyvachcha bolalardek bo‘layin,
«Asaka bank» plastik so‘m kartasin olayin.
Uch foizdan har oyda foyda zarar qilmaydi,
Eng muhimi, xotinim pul olganim bilmaydi!
Bir million bo‘lsa ham cho‘ntakka joy bo‘ladi
Agar naqd pul bo‘lsa bormi, somon qopga to‘ladi.
Buni kazo kazolar “Avtoritet” deyishar
Matmusaning kimligin ana shunda bilishar».

Shu xayolda Matmusa «co‘m kartochka» olibdi,
Barcha oylik maoshin shu hisobga solibdi.
Pul ko‘payib hisobda yurar og‘zi quloqda.
Biroq, tinglang, hangomaning eng qizig‘i bu yoqda.

Endi do‘stim Matmusa choyxonaga bormaydi,
Sababi choyxonada «so‘m kartochka» olmaydi.
Bankomatda naqd pul yo‘q, kassir bola avraydi,
Uyga borsa xotini pul bering deb javraydi.
Ichmay qo‘ydi aroq ham, nos xumori qilmaydi,
Axir oddiy nosfurush terminalni bilmaydi.
Kartochkada mablag‘i kundan kunga oshadi,
Lek qarzdor hammadan, sabr kosa toshadi.

Xullas do‘stim Matmusa pul topolmay netadi?
Tashlab bola chaqani Toshkent tomon ketadi!
Shunday qilib Matmusa boy bo‘libdi nihoyat,
Aytib bersam yo‘lini, bo‘lar yangi hikoyat.

19 avgust, 2003 yil.

Muallif izohi:

Avvalo Erkin Vohidov ustozdan, o‘quvchilardan, barchadan Donishqishloqlik Matmusa obrazini olganim uchun uzr so‘rayman. Matmusa obrazi uchun o‘quvchilar meni malomat  qilmasinlar, iltimos.

Bu sheʼr 2003 yilda, O‘zbekistonda plastik kartalar endi-endi hayotimizga kirib kelayotgan davrda yozilgan. O‘sha paytlarda ish haqi kartaga tushar, ammo shaharlarda bankomatlar kam, do‘kon va bozorlarda esa karta orqali to‘lov qilish imkoniyati deyarli yo‘q edi.

Bu davrlarni birinchilardan bo‘lib maoshini bank kartasiga o‘tkazib olganlar yaxshi bilishadi. Kartada puli bor “boyvachchalar”ning bozorda naqd pulsiz sarson bo‘lib, asabiylashishlarini kuzatishning o‘zi bir tomosha edi. Albatta, bu tomoshaning ishtirokchisi bo‘lganlar ham kam emas. O‘zim qancha asabiylashganimning sanog‘i yo‘q!

Naqd pul kerak bo‘lib qolsa, kartaning pulini naqd qilib beradigan odamni topish kerak edi. Bu xizmat ham tekin emasdi. Ayrim uddaburonlar 10, hatto 30 foizgacha ustama olishardi. Bugungi kun bilan solishtirganda, o‘sha paytda kartadagi pulni naqd qilish muammo bo‘lgan bo‘lsa, hozir baʼzan aksincha, kartaga pul tushirishning o‘zi muammoga aylanib qoladi.

Sheʼr qahramoni Matmusa ham yangi zamonga moslashib, o‘zini boyvachchalardek his qilish uchun plastik karta oladi. Hatto oyligini xotinidan yashirishning ham uddasidan chiqmoqchi bo‘ladi. Ammo tez orada bir narsani tushunadi: kartada million bo‘lgani bilan, choyxonada choy ichish, bozordan narsa olish yoki nos sotib olish uchun baribir naqd pul kerak!

Shu tariqa, Matmusa hisobida boyib boradi, hayotda esa qarzga botadi. Oxirida chorasiz qolib, Toshkent tomon yo‘l oladi. Katta shaharlarda bankda yoki bankomatda pul bo‘lishi ehtimoli yuqori edi-da!

Bugungi o‘quvchilarga bu voqealar biroz eskirgan yoki kulgili tuyulishi mumkin. Lekin har bir davrning o‘z muammosi, o‘z «zamonaviy qulayliklari» bo‘ladi. Matmusa ham o‘sha davrning zamonaviy boyvachchasi edi. Faqat bir kamchiligi bor edi: puli kartada, hayoti esa naqd pulda edi! Bu hazil, lekin o‘sha davrning alamli sheʼri, xotirasi bo‘lib qolgan.

Matmusaning keyingi sarguzashtini ham o‘qib ko‘ring  "Matmusaning kartasi - 2"

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.