Bir vaziyatning shoirona besh xil taʼrifi, yoki zamonaviy o‘zbek sheʼriyatida yuzaga kelgan ijodiy muhitning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilish oqibatida, yoki real ijtimoiy siyosiy vaziyatga asoslanmagan oddiy voqelikni yoritish maqsadida, yoki shunchaki bekorchilikdan yoki uyqusizlikdan yozilgan ilmiy falsafiy bo‘lmagan sheʼrsimon sheʼr.
Havaskor shoir:
Ishlamasang pul berishmaydi,
Yor bo‘lmasang gul berishmaydi,
Cho‘ntagingda puling bo‘lmasa,
Birorta bir ish yurishmaydi.
Yosh shoir:
Muhabbatdir eng qudratli kuch,
Birlashtirgan qancha boshlarni.
Shirin ishqi bo‘lmasa Farhod,
Kesarmidi tog‘u toshlarni?
Shoir:
O, qalbimni asir aylagan
Yor vasliga sarbon sayladi.
Oy to‘lg‘onib, quyosh o‘rtanib,
Hijron meni xarob ayladi.
“Mashhur” shoir:
O, yuragim! Nafsimning quli!
Ishq dema sen, boqmayman qiyo!
Xilqat emas, izlayman sarob,
Devonaman! Yo‘lim zim ziyo!
Shoirlik qilmasdan, oddiy qilib aytganda:
Xotin tushun, oyning oxiri,
Cho‘ntak bo‘shab qolgan kunlarim.
Jag‘ing tinib tursin sinmasdan,
Sensiz o‘tsa o‘tsin tunlarim.
21.12.2024 yil.