Oq marmarga siymosini ko‘chirdi yo‘nib,
Armon bo‘lgan muhabbatin bir haykaltarosh
Tosh sanamga boqib o‘tdi bir tun xo‘rsinib,
Tong otganda qon yuragi bermadi bardosh.
Oq surpga yuzin artdi armon muhabbat,
Bo‘yoqlarda jonlangandek bo‘ldi bir sanam.
Kulib turgan bir suratda shumidi xislat?
Jonsiz rassom, qurimagan siniq mo‘yqalam.
Armon bo‘lgan muhabbatni singdirar qog‘oz,
Ushalmagan orzularni ko‘chirar qalam.
Doston yakun bo‘lishiga qolganda bir oz
Uxlab qoldi... Bir umrga oshiq shoir ham.
Yana qancha qurboning bor, armon muhabbat?
Tugamagan doston dilga soladi alam,
Kulib turar nazokatli, bemehr surat
Mag‘rur turar tosh yurakli marmar bir sanam.
17 Aprel, 2005 yil.