Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.
Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.
Hilol shamsdan joy talashur ko‘rmoq bo‘lib visol onin,
Ro‘yolarda kezar oshiq, barno hushi parvonada.
Roz aytadi sepda chimmat, zebu ziynat kutarlar on,
Chimildiqdan rashk qiladi poyda taxmon bir xonada.
Ishq ahlig‘a nechun qismat bo‘ldi visol hijronlari?!
Ikki oshiq bag‘rin tilab yanga uxlar yon xonada.
Dunyo ishi ikki oshiq uchun asli begonadur,
Ne sir ro‘zg‘or? Oshiq barno kutar yorin oshxonada.
Duo aylar qaynotalar o‘g‘lim deya boshin silab,
Oh, o‘g‘ilni izga solgan sochlar sochiq qaynonada.
Illo Alloh baxtin bersin, ikki dilga qo‘sh qarilik,
Yigit unsin, qiz ochilsin mehr nomli koshonada.
Nomin bitib ikki dilning, singil topdi, topdi ulfat,
ALISHER kim, bitdi tabrik bo‘lib sarhush mayxonada.
16 Noyabr, 2006 yil