1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.
Respublika yosh ijodkorlarining “Zomin-2005” seminar tanlovida 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi tavsiyasi bilan 2005-2007 o‘quv yillari «Oliy adabiyot» kursida taʼlim olgan.
2015 yildan buyon Marg‘ilon shahar «Barkamol avlod» bolalar markazida to‘garak rahbari lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida «Uvaysiy izdoshlari» adabiy to‘garagini tashkil etib, o‘ndan ortiq shogirdlarining ilk sheʼriy to‘plamlarini nashrdan chiqarishga muyassar bo‘lgan.Hozirda Toshkent Amaliy fanlar Universitetida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
O‘lmasoy Nishonovaning «Muhabbat bekati», “Harorat” sheʼriy to‘plamlari chop etilgan. Oilali.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira O‘lmasoy Nishonova hozirda turmush o‘rtog‘i shoir Abdulla Boqiy bilan to‘rt nafar farzandni tarbiyalab kelishmoqda

Dunyo bilan kelishuv
Bir bor ekan, baʼzan yo‘q ekan...
Ertaklaring bitmaydi, dunyo.
Menga bo‘lar gaplardan gapir,
Bunaqasi ketmaydi, dunyo.
Eng chiroyli damlarda yashat,
Jonim yoqar otashlar yubor.
Arosatda qoldirma, mayli,
Yonsam yonay takror va takror.
Qaro tunlar yorishib ketsin
Tushlarimning tarovatidan.
Kunduzlarim baxtga qorishtir,
Yashay ishqning haroratida.
Baxt bersang ber, to‘laligicha,
Yonsam yonay, muzlasam muzlay.
Men bag‘ringda yurmay bunaqa
O‘zimdan ham ayroga o‘xshab.
Seni kutib turibdi degin,
Eng otashin, eng yorqin damlar.
Va umrimni go‘zal qilib qo‘y,
Otsin faqat eng yorug‘ tonglar.
Kel, kelishib olaylik dunyo,
Tortishishga axir vaqtim yo‘q.
Men ham ko‘nay sening shartingga,
Sen ham menga uraverma do‘q.
Ko‘zlarimga bunday boqmagin,
Yashash mumkin murosa qilib.
Charchaganman, meni ham tushun,
Yengim bilan yoshim sidirib.
Kiprigimda tebranar ilinj,
Yolg‘onlarga ovutma, dunyo.
O‘tinaman, shu umid haqqi
Meni ishqdan sovutma, dunyo!

Abdul Boqiyga atalgan sheʼrlar turkumidan
Zikr aytsam, barmog‘ingiz tasbeh qilib...
Xonzodabegim Jamolova
Ko‘zlarimda ko‘zingizning aksi bo‘lsa,
Yuragimda ishqingizning naqshi bo‘lsa,
Ibodatda men hammadan yaxshi bo‘lsam,
Zikr aytsam, barmog‘ingiz tasbeh qilib.
Yaratganga yetib borsa har ohlarim,
Bitta-bitta to‘kilsaydi gunohlarim,
Qo‘lingizni topib borib, barmoqlarim,
Zikr aytsam, barmog‘ingiz tasbeh qilib.
Jannatlarga yetaklasa kalomlarim,
Rasulimga yetib borsa salomlarim,
Butun umr, shom-u sahar, oqshomlari
Zikr aytsam, barmog‘ingiz tasbeh qilib.
Bilmam, sizga yoqarmikin bu odatlar,
Yaratganga bo‘lsin barcha itoatlar.
Asli sizni sevmoqlik ham ibodatday,
Zikr aytsam, barmog‘ingiz tasbeh qilib.
Shukr aytsam, barmog‘ingiz tasbeh qilib.

Sen azon chaqirsang...
Sen azon chaqirsang, uyg‘onsa ruhim,
Tomirimda qonmas, yugursa oyat.
Borliqqa taralsa sohir ovozing,
Bor vujudim bilan qilsam ibodat.
Sen azon chaqirsang, uyg‘onsa ruhim,
Ko‘nglimga tutashsa ishqning gulhani.
Tafti yetib borib yuragimgacha,
Kuyida kul bo‘lsam, qul bo‘lsam qani.
Sen azon chaqirsang, uyg‘onsa ruhim,
Ko‘nglimni boshlasang xidoyat sari.
Salovatlar aytsam barmog‘ing sanab,
Shayton topolmasa meni axtarib.
Sen azon chaqirsang, uyg‘onsa ruhim,
Atrofni shu sado tutsa yagona.
Chorlovchi ovozing ko‘nglimga yetib
Qalbimdan to‘kilsa faqat shukrona.
Ovozi Bilolim, husni Yusufim,
Sen azon chaqirgin, uyg‘onsin ruhim.
08.12.2025

Boryapman
Tushun, shuncha mehring ketmagay beiz,
Ishon, menmas erkam, dunyolar behis.
Bugungi shamollar esmadi bejiz,
Boryapman.
Yalmog‘iz hijrondan bezdimi ko‘ngling,
Sarg‘aygan sog‘inchlar ezdimi ko‘ngling,
Tongda nimanidir sezdimi ko‘ngling,
Boryapman.
Menga muhabbatdan so‘ylama, dunyo,
Sevgi, sadoqatdan so‘ylama dunyo,
Mehr, oqibatdan so‘ylama dunyo,
Boryapman.
Azizim, yagonam, yolg‘izim mani,
Ko‘zlari to‘rt bo‘lib yo‘llar kutganim,
Bugun bir umrga qo‘ling tutgani
Boryapman.
26.02.2026

Yomg‘ir
Marg‘ilonda yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Yuragimga xanjar kabi botar sog‘inch.
Suratingiz ko‘rgim kelib shu kunlarda
Ko‘zlarimda erkalanib yotar sog‘inch.
Ohlar ursam, ohlarimning poyoni yo‘q,
Shamlar yanglig‘ tugab borar bardoshlarim.
Agar sizga yetib borsa yomg‘ir demang,
Ular manim ko‘z yoshlarim, ko‘z yoshlarim!
Marg‘ilonda yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Havolarning ko‘nglim kabi bir cheti g‘ash.
Sizga zahmat yetmasin deb havotirman,
Gohi o‘ylab o‘ylarimga dardlar tutash.
Qadamlardan o‘tlar chaqnab kelsangiz gar,
Izingizni yomg‘ir yuvib ketmasmikin?
Havolarda havolangan sevdim degan
So‘zingizni yomg‘ir yuvib ketmasmikin?
Marg‘ilonda yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Siz yoqlarda oftob kulib turganmikin?
Bilarmisiz, shu yomg‘irda ko‘rgim kelib,
Yo‘l boshida sizni kutib turganimni?
Marg‘ilonda yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib...

Siz o‘shami?
Bugun menga kulib boqdi baland iqbol,
Erkalanib, baxt qo‘ynida surdim xayol,
Ko‘zlarimga ishonmayin berdim savol,
"Siz o‘shami, siz o‘shami, siz o‘shami?"
Tushlarimda ko‘rgan edim bir paytlari,
Yog‘ildimi Xudoyimning rahmatlari,
Yashirolmay qoldim ilk bor hayratlarim,
"Siz o‘shami, siz o‘shami, siz o‘shami?"
Qoshingizga yurib emas, chopib bordim
Yuragimni armonlarga yopib bordim,
Ko‘nglim ko‘zi bilan izlab, topib bordim,
"Siz o‘shami, siz o‘shami, siz o‘shami?"
Marjon misol tizilganda bu baytlarim,
Ismingizga to‘lib ketdi dil daftarim,
Hech kimsaga o‘xshamagan kabutarim,
"Siz o‘shami, siz o‘shami, siz o‘shami?"
15.02.2026 yil.

Abdul Boqiyga
Inson o‘zining baxtli ekanligini bilmagani uchungina baxtsiz. Baxt bu- hamma narsa, hamma narsa!
Dostoyevskiy
Kel, sayr qilamiz bog‘larda,
Zavq bilan daryolar kechamiz.
Unutib dunyoning tashvishin
Quyoshning nurlarin ichamiz.
Tog‘larga chiqamiz, tonglari
Yuzimni chayaman buloqda.
Chechaklar terasan menga deb,
Alamlar chekinar yiroqqa.
Qo‘limga tutasan baxtlarni
Qiqirlab kulaman soy kabi.
Yuragim sevgiga limmo-lim
Qolmaydi boshqa hech matlabi.
Miriqib tinglayman gohida
Berilib kitoblar o‘qiysan.
Oqshomlar senga deb mehrla
Eng go‘zal bo‘yinbog‘ to‘qiyman.
Hislaring solasan sheʼrlarga,
Keltirib beraman qahvangni.
Xonada kezinar nafis kuy
Va yana sukunat jarangi.
Ishqingni kuylaysan baralla,
Dunyoni tutadi bu qo‘shiq.
U fayzli kunlarda yashaydi
Faqat men, faqat sen, faqat ishq...

Yelkamni bosar hijron,
Qaddim bukilib ketar.
Sen desam ko‘zlarimdan
Yoshim to‘kilib ketar.
Sen!
Ayamasdan ko‘ksimga
Tig‘ kabi botar sog‘inch.
Ketgisi kelmay sira
Ko‘nglimda yotar sog‘inch.
Kel!
Kelaqolgin, kel endi
Quvontirib ko‘zimni.
O‘zimning chiroyligim,
Bag‘ritoshim o‘zimni,
Ey!

Nogoh kulgularim so‘nsa, yo‘qolsa,
Ko‘zlarim ko‘zingni axtarib tolsa,
Sog‘inching dilimga o‘rnashib olsa,
«O‘zingga kel», dema, o‘zingga boray.
Ko‘ngling sezib qolsa ko‘nglimni behos,
Aylamoqchi bo‘lsang dardimdan xalos.
Azizim, yolg‘izim, sendan iltimos,
«O‘zingga kel», dema, o‘zingga boray.

Shoirim
Ko‘zingiz osmonida kunlar kulib kelodir,
Labingizda ishq yanglig‘ unlar kulib kelodir,
Yolg‘iz menga atalgan gullar kulib kelodir,
Siz shunaqa baxt bilan kelasizmi, shoirim?
Keling, ko‘nglim bog‘ining ko‘shki sizga atalgan,
Jon tomirda jo‘sh urgan ishqim sizga atalgan,
Birorta yomonim yo‘q, yaxshim sizga atalgan
Faqat menga ko‘nglingiz berasizmi, shoirim?
Yozsangiz qog‘ozlarda ishqlar ufurib ketsa,
Qushlardek qanot qoqib, baxtlar yugurib ketsa,
Arazlarim o‘shal chog‘ yuzini burib ketsa,
Siz shunaqa boshqacha sevasizmi, shoirim?
Siz shunaqa boshqacha sevasizmi, shoirim?

Men oson bormadim senga, azizim,
Olovli cho‘llardan yugurib o‘tdim.
Qishlarda muzladim yuragimgacha,
Bahorda yomg‘irday to‘kilib o‘tdim.
Men oson bormadim, balki anglarsan
Qancha daryolarni simirganimni.
Tirnoqlarim qonab cho‘qqiga chiqib,
Duch kelgan toshlarni kemirganimni.
Men oson bormadim senga, azizim,
Sog‘inib, ichikib va yonib bordim.
Yiqita olmadi meni gumonlar,
Bir kun yetishimga ishonib bordim.
Nihoyat diydoring bo‘ldi nasibim,
Barcha azoblarni yengib o‘tdim jim.
Lahzalarni sanab, kunlarni sanab,
Sen oson kutmading meni, azizim,
Sen oson kutmading meni, azizim.
22.04.2026 yil.

Kundalik
Turmush o‘rtog‘im misolida oilasi uchun halol rizq topish maqsadida kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilayotgan qadrlilarimizga bag‘ishlayman!
Sen ishdan kelasan har kuni horib,
Asta yonboshlaysan salqin so‘riga.
Dasturxonda tayyor mehr va taom,
Hozir pishib chiqqan qalbim qo‘rida.
Tamaddi qilasan ishtaha bilan
Qo‘yasan menimas, taomni maqtab.
Ko‘zingga termulib o‘tiraman jim,
O‘tgan damlar haqqi o‘zingga mahtal.
Uyqu torta boshlar seni yotoqqa,
Qalbingni sokinlik egallay boshlar.
Dunyo hasratlari ezgan azizim,
Mening g‘amim yo‘qdir o‘zingdan boshqa.
Sen shunday intilib yashaysan har kun
Hayot poygasida olg‘a borishga.
Tunda chekinadi tashvishlar biroz,
Erta otlanasan so‘ng yana ishga.
Men esa tinchgina uyda o‘tirib,
Sening mehring bilan olaman orom.
Tartibga solaman yana uylarni,
Yana tayyorlayman sen uchun taom.
Aritmoqchi bo‘lib charchoqlaringni
Goh o‘qib beraman ajib kitoblar.
So‘ng uxlab qolasan, tushingga kirar
Bitmagan ishlar-u, hisob kitoblar.
Men esa...
Tog‘oraga solib ko‘ylaging bilan,
Charchoqlaringni ham yuvaman keyin.
Va dorga osaman hasratlaringni,
Dazmollab qo‘yaman ko‘nglingni sekin.

Ayol va ish
(Qizlarimga)
Saharlab ko‘zlarin ochar erinib
Bomdod namoziday huzurbaxsh ochun.
Quyosh erkalanib cho‘zar qo‘llarin
Borliqqa bermoq chun o‘zgacha fusun.
Tongdagi yumushlar tugar birma-bir,
Tadorik ko‘raman ishga ketgani.
Mushukday suykalib oyoqlarimga
Eritmoq bo‘lasan, qoling deb mani.
Ko‘zingga olasan uch to‘rt tomchi yosh,
Ishga bormang deya yalinasan, sen.
Yurakdan chiqadi bu safar yig‘ing
Mehringga javoblar topolmayman men.
Tushun, ishlash kerak boshqa iloj yo‘q,
Bormasam bo‘lmaydi, boshliq urishar.
O‘zing aqllisan, esing ko‘p qizim,
Maosh bermaydi-da bormasam agar.
Bugun sal ertaroq qaytasizmi-a,
Anglaysan, yalinish befoydaligin.
O‘zimni qiynayman, vaʼda berolmay
Sekin termulaman ko‘zlaringga jim.
Aslida mening ham har kun shu rasmiy
Qiyofamni otgim keladi, qizim.
Maysalar bag‘rida kitob o‘qigim,
Yulduz sanab yotgim keladi, qizim.
Jimgina termulib suhbatlaringga,
Boladay beg‘ubor ko‘nglim hushlasam.
Asabiy betartib hujjatlarnimas,
Nozik qo‘llaringni mahkam ushlasam.
Faqat ona bo‘lsam, boshqa rollarni
O‘ynamay, jimgina yashasam baxtli.
Sen har gal qoling deb yalinganingda
Bir bir uzilmoqda sabrim daraxti.
Ammo, chorasizman, iltimos, tushun,
Hayot poygasida qatnashmog‘im shart.
Meni ishga olib ketadi dunyo
Sening yuragingga qilmasdan shafqat.

Kimdir kiyimimni etadi tanqid,
Kimdir baho berar soch turmagimga.
Mening suvratimni kuzatgan odam,
Boqib ko‘rganmisiz hech yuragimga?
Taxminlar qilasiz nima deyishim,
Sizga qiziq kecha kiygan ko‘ylagim.
Hatto esingizga kelib qo‘ymaydi
Bugun men nima yo kimni o‘ylashim.
Narxini so‘raysiz, yo sifatini,
Bu moda nelarni sindirib kelgan.
Afsuski, bilmaysiz ko‘ylagim yengi
Qancha ko‘z yoshlarim sidirib kelgan.
O‘ylab ko‘rmagansiz, ko‘zim kulgan chog‘
Ichimdan nimalar kechayotganin.
O‘zim siz-la qahva ichgan paytimda,
Yuragim zardoblar ichayotganin.
Dilim olovlarni kechayotganin...
Azizim, o‘ylamang, nima farqi bor,
Sizni qiziqtirmas ko‘nglim ishlari.
Siz o‘ylang bugun ham odatdagidek,
Odamlar nimalar deyishlarini.
Ammo, sizga rahmim keladi mening,
Bilmaysiz dunyoning ko‘p ranglarini.
O‘tib ketayapti umringiz shundoq
Tinglamay sukunat jaranglarini.
Bugun yashayapsiz qorin dardida,
Keraksiz matohlar ortidan chopib.
Bilmaysiz, dunyoda eng qimmatliroq
Ko‘ngil degan mulkni olganman topib.
Mening umrim o‘tar soy sho‘xliklarin,
Quyoshning botishin mamnun kuzatib.
Siz buni bilmaysiz, tushunolmaysiz,
Afsus, sizni bo‘lmas endi tuzatib.
Sizga rahmim kelar meni ishoning...
© O‘lmasoy Nishonova