Ozoda Bekmurodova - Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Milliy universitetini tamomlagan. “Dilrabo Oq shomlar”, “Yurak zarblari”, “Moviy fursatlar” sheʼriy to‘plamlari nashr etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Hozirda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat yuritadi.

Hech bir izohim yo‘q ko‘nglimga...
Maktub
Borar yo‘lim sening yo‘ling emasmu?
Manzilgohing zangor dilim emasmu?
Seni desam yeru ko‘kda yashnadim,
Ko‘ksimdagi sening guling emasmu?

Yot ellarning bog‘i bilan bog‘chasi,
O‘z yurtimning yantog‘icha bo‘lolmas.
Mahtumquli
O‘zga yurtning gullar o‘pgan ko‘chasi,
dengizlari
nilufari, g‘unchasi.
daryolari,
sohillari, bog‘chasi.
Ko‘kni quchgan moʻjizasi,
darchasi.
O‘z yurtimning tuprog‘icha bo‘lolmas.
Yot ellarda ko‘nglim yashnab kulolmas.
Garchi uchdim yulduzlarning qanotida,
Nasim bo‘ldim sog‘inchlarning sirotida.
Balki alvon jilvalarga maftun bo‘ldim...
Ruh bermadim ruhsizlarning bayotiga.
Menga hech kim o‘z elimdek bo‘lolmas.
Yot ellarda ko‘nglim yashnab kulolmas.
Nurlar ko‘rdim osmon bilan bo‘ylashgan,
Sirlar ko‘rdim, sinoatdan so‘ylashgan,
Uchayotgan turnalarni tinglasam,
Oshiyonining sevgisidan kuylashgan.
O‘zga yurtda ko‘nglim yashnab kulolmas.
Dil gardimni abru nayson yuvolmas.
Yantoqgullar- bolaligim bayrog‘i,
Xoru xasi, o‘lanlari, yaprog‘i.
Jonga malham qushlarining sayrog‘i.
To‘tiyodir itlarining tirnog‘i,
O‘z yurtimda raqib sochim silolmas
Yot ellarda ko‘nglim yashnab kulolmas.
El hajrini g‘aribalar biladi...
Yurt ishqida sarg‘ayadi, so‘ladi...
O‘z elimda ko‘kka boqsam o‘saman
Nafas olsam olamlarim to‘ladi!
Tug‘yonimni zebu zarlar ololmas,
Yot ellarda ko‘nglim yashnab kulolmas.

Ko‘zinga tik qarab yashadim...
So‘nmadim, to so‘nggi gavharim qadar...
Har neki, uchrasa arzon va nursiz,
Boqmadim, bebahra qolsamda agar....
Egmadim ko‘nglimning nurshoxlarini,
Sinsam, siniqlarim qilichga do‘ndi.
Yuvmadim anduhning oq dog‘larini,
Zulmat qanday cho‘ksa,
intizor ko‘ndim...
Muqaddas va porloq umidim haqqi,
Shunchaki farahga ko‘nmadim.
Saharlar ifori kelarkan toki,
Toki falaklarga yetarkan dodim!
Ko‘zinga tik qarab yashadim,
O‘tkinchi nigohlar o‘yingohida.
Yolg‘on mahzanlarni yechib tashladim,
Masrur borayapman, chin Panohiga.
Qismat!

EVRILISH
Dunyo bilan,
Ishim yo‘q mening.
Dunyo menga qilmaydi karam.
Sukunat va moviylik aro,
Yashayapman,
Yashil
va ko‘rkam...
Derazamdan boqadi osmon,
O‘zim qarab qo‘yaman gohi.
Borlig‘imni o‘rtaydi hamon,
Naysonlarning yoshli nigohi...
Ko‘ksim to‘la
Sevgi va orzu
O, kimnidir
sog‘indim behad...
Cheksizlikda
yashindek chaqnab,
Intizormi,
Meni kutgan baxt!
Tosh yo‘llardan jimgina o‘tib,
Yuragimni quchaman
sokin.
Faqat seni,
Bir seni kutdim...
.............................
O ,tushundim,
Istiqbol yaqin

Shamsim sizga boqib ko‘zim adashdi,
Ko‘zim ne, asarim so‘zim adashdi.
Yo‘llar rayhon edi,
Xushvaqt ketardim,
Poyingizni quchib to‘zim adashdi...
Bir shuʼla izladim yillar oralab,
Tunlarning ko‘ksiga yog‘dular qalab,
Nogoh porlaganda iqbolim shaʼmi,
Boshimni ko‘tardim men siddiqtalab.
Shamsim siz do‘st bo‘ling, durdonam bo‘ling,
Kadar falagida bir donam bo‘ling,
Menam bir kun ko‘rib,
yashillanayin,
Ko‘klamim, savrim, pirxonam bo‘ling!
Libos orzusida sizga talpindim,
Fasllar almashdi, xasdek o‘kindim.
Faqat xayolimda sizniki bo‘ldim,
Faqat xayolimda siz bilan tindim.
Shamsim sizga boqsam ko‘zim adashdi.
Poyingizni quchib to‘zim adashdi,
Sohilsiz dengizdek unsiz o‘tindim,
O‘zimdan sarosar, “o‘zim” adashdi...

Hech bir izohim yo‘q ko‘nglimga,
Hech bir izohim yo‘q ko‘nglimga,
Mag‘ribdan mashriqqa yelaveraman...
Parvona borgandek, munis o‘limga,
Begim nega sizga kelaveraman...
Holim parishondur, ixtiyorim yo‘q,
Ko‘ksimda shamollar bir zum tinmaydi...
Siyoh quriganmi, inmasmi nayson
Nahot bu yozuqda giyoh unmaydi...
Nega bu ishora, nechuk imtiyoz,
Karbalo dashtida bu nechuk ayyom.
Begim yuragimga to‘lmoqda qasos,
O‘lsam, ustingizdan qilurman daʼvo.
Meni ulfat qildi, Hazrati Hayyom
Behudud jilvalar qilur yodingiz,
Osmonim yer bo‘ldi, bardoshim to‘zdi.
Quridi ko‘zlarim olovli- dengiz.
Olamga o‘t ketsa mendan ranjimang,
Hech bir izohim yo‘q ko‘nglimga..
Begim doringizga o‘rlayveraman,
Parvona borgandek munis o‘limga...

Bo‘ronlarda sovrilgan vaqt-Men.
Yoki vaqtga behuda bo‘ron...
Ovozingni kutgan bekat-Men,
Ko‘ksim uzra,
tinmadi suron...
Ufq qadar cho‘zildi yo‘llar
Zulmat ichra uzun bedorlik…
Havasimni umidga ulab
Tashrifinga ichikdi zorlik…
Qara, yo‘llar ismingni aytib,
Ko‘k toqiga ketar tutashib...
Kelgin shamsim porlamoq payti,
Shodligimga shodlik ulashib!
Bo‘ronlarda sovrilgan vaqt-Men.
Yoki vaqtga behuda bo‘ron...
Ovozingni kutgan bekat-Men,
Ko‘ksim uzra,
tinmadi suron...
Kezib yurdim karbalo dashti,
Mendek hurni ko‘rmadi Yo rab!
Meni izlab ming yil adashding,
Va ketdingmi ortinga qarab...

Men senga atalgan shunday mevaman,
Yuragimni ushat, ol bir so‘zimni.
Matnazar Abdilhakim
Fasllar aylandi
Atrofimda jim,
Jim ketib boradi oyning sharpasi
Kelar yo‘llaringa
Ko‘zimni tikdim.
Ko‘nglimni asradi orzu havasim.
Fursatlar sog‘indi qadamlaringni,
Bir menmi adashgan,
Bir menmi shoshgan...
Shamollarga sochdim alamlarimni,
Bir menmi tunlarning bahridan kechgan...
Bir asov daryoning to‘lqinidirman,
Qismat qirg‘og‘iga sig‘mayin toshdim,
Bilmayman,
Kimman va,
Qandayin sirman
Nega xayolinga ko‘nglimni ochdim?...
Tongning sohiliga chiqdim seni deb,
Seni deb sochlarim parishon bo‘ldi,
Hanuzam yo‘llarim intizor senga,
Umidim shuʼlasi kel endi...
Qurbat vodiysiga kelgan Sarvarim,
Umr sohilidan yog‘dular terdim,
Bir senga atalgan hayot guliman,
Yuragimni ushat va bir so‘z degin!
Fursatlar sog‘indi qadamlaringni...

Meros nur
Abdulla Oripov xotirasiga
Buyuk Navoiydan meros kahkashon,
Abadiyat osha kelgan ulug‘lik!
Shu el manglayiga,
shu yurt baxtiga
Ey Masih nafasli,
qadami qutlug‘!
Ellar hikmat bilgan aytganlarini,
Ovozi o‘zgartgan iqlimlarni ham.
Haqning dargohidan olgan sozida,
Vatan umidini kuylagan mudom!
Bir umr xalqining orzu g‘amini,
Lochin qanotida ko‘tarib uchgan.
Dam demay Vatansiz o‘tgan damini,
Tikonlar oralab,
tog‘larni quchgan.
Itlar talasada karvonlarini,
Garchi chumolilar bo‘lsa-da yo‘ldosh.
Valiy zakovati bilan yuksakka,
Millat siymosini chizolgan Naqqosh!
O‘chmas iymon bilan ketdingiz g‘olib,
Ijod bog‘larida bermoqdasiz dars!
Hazrat Alisherdan meros nur olib,
Bir umr xalqim deb yonib o‘tgan Shams!
Siz yurgan yo‘llarning boshlari mag‘rur,
Siz ketgach gulshanning bag‘ri kemtikdir.
Siz ketgan tomonlar masrurdan masrur!
Sog‘inchimiz borgan sari yetukdir!
Ufq darchasidan boqasiz yorug‘,
Nazzora ruhingiz shodumon hayhot!
Millat bolalari kuylashar qutlug‘:
«Yashnagay to abad ilmu fan ijod!»
O‘chmas iymon bilan ketdingiz g‘olib,
Ijod bog‘larida bermoqdasiz dars!
Hazrat Navoiydan meros nur olib,
Bir umr xalqim deb yonib o‘tgan Shams!

Somon yo‘llarida mahzun tarona!
Men hech kim emasman, na chaman, na shon!
Na bir gul, na inson va na janona!
Na oyning nuriman,
na subh, na shom...
Somon yo‘llarida mahzun tarona!
Qushlarning tilida bo‘lgan afsona,
Men faqat onaman,
afsona Ona!
Men- shamol mag‘ribdan mashriqqa yelib,
Ko‘klamlarin to‘sgan taqdirning seli.
Shoshib daryolarning bo‘yidan kelib,
Sahrolar bag‘rida yog‘duga to‘lib,
Faqat o‘zi bilan qolgan Yagona,
Men faqat onaman,
qanotli ona!
Yashil hislarini yulduzlar yoqqan,
Yantoq gullarida kashtalar tikkan,
Tonglarning ko‘ksidan umidlar soqqan,
Orzu go‘dagini parilar boqqan,
Taqdir eshigida afsus va gina,
Men faqat onaman,
Ham ota, ona!
Riyozat tog‘ida bunyodam menman,
Farog‘at chog‘ida barbodam menman,
Menman ajdarhoning bo‘g‘zidan qaytgan,
Alloh gulzorida Bibiga tengman!
Bugun shodmon aytgum, yana mahzuna,
Iltijo onaman,
mubtalo ona!
Sevgi ertagida xayol emasman,
Qanotlari yashil savol emasman.
Qo‘llarimning yaqin habibi yo‘qdur,
Men ayol emasman, ayol emasman.
Men inson emasman,
na bir janona,
Somon yo‘llarida mahzun TARONA!

Sen bir osmon...
Najotiyga
(Turkum)
Najot yana o‘zingsan do‘stim!
Men sen bilan
Haq sari o‘sdim!
Sovuq yuraklarning faslidan,
Omon chiqdi,
Lolaruh ko‘ksim...
Sen judayam
Maʼsum va masrur,
Subh azonidek shaffofsan!
Qalbing balqib turar ko‘zingda,
Qalqinaman judayam sofsan!
Yo‘llar...
Yo‘llar ularga boqma,
Oydinlikning osmonida bo‘l!
Sen shunchaki vaqtlarda oqma,
Cheksizlikning jilvasiga to‘l!
Hayratlaring qanotlaringni,
Orzularing—
Dilbandlaringni,
Yuksak, yuksaklarga uchirgil,
Oqqushlarga yog‘du ichirgil.
Bevaqt, benur sellar yukidan,
Ko‘nglim qirg‘oqlari toshganda,
Bag‘rim yana o‘zingsan do‘stim,
Men sen bilan baxtiyor banda...
Yo‘llar…
Yo‘llar ularga boqma.
Oydinlikning osmonida bo‘l!
Sen shunchaki nurlarda oqma,
Cheksizlikning jilvasiga to‘l!

Sen bir osmon, uchib chiqsam,
Qanotlarim kuymagan.
Sen bir jahon, kirib borsam,
Iforinga to‘ymagan...
Men bir shamol, bir nolakor,
Kunu-tunlar tinmagan,
Mulku Sultoniga borib,
Aytib-aytib yig‘lagan...
Sen bir Dunyo, o‘ylasam ham
Xayollarim yashnagan.
Sen bir Zuhro,
Zulmatlarda yog‘dusini to‘shagan!
Men bir tog‘man ota bo‘lib,
Yo‘lingdan tosh ko‘chirgan,
Ona bo‘lib semurg‘larning,
Ko‘ksidan nur ichirgan!
Sen bir Ziyo bir nafasda,
Hayotimni o‘zgartgan,
Sen bir Go‘yo, bitta sasda,
Vayronamni tuzatgan.
Men bir so‘zon, sening bilan,
Qaroliklar ketgaydur,
Bu umrimning ming yil bitmas,
Yarolari bitgaydur,
Sen bir olam tegrasida,
Shodliklarim barq urgan,
Sarvqaddimni tik tutsam,
Mag‘rib Mashriq teng kelgan!
Men bir oshiq, men bir muhtoj
Hanuzam mubtalodurman,
Seni bergan Quyoshimga,
Hamdlar aytib boradurman...
Sen bir osmon, uchib borsam
Qanotlarim kuymagan,
Men bir shamol, men bir nolon,
Kuylab kuylab to‘ymagan...

Iltijo
“Ko‘p bo‘l, ko‘l bo‘l.”
Xalq maqoli
Najotga
Ko‘p bo‘l, ko‘l bo‘l,
daryo dengiz bo‘l!
Tomiri falakka yetgan ildiz bo‘l!
Shoxlaring yuksalsin millatlar qadar,
Qalblardan o‘tguvchi zangori iz bo‘l!
Sadoqat ahliga poytaxt bo‘l, shon bo‘l!
Kengayib, ko‘payib shonli Vatan bo‘l!
Mudom uyg‘oq bo‘lsin Shohsuvorlaring,
Sadosi azondek Sohibqiron bo‘l!
Tabora,
Tabora yuksal, quloch ot,
Quchgan zaminingda porlasin Hayot!
G‘alabang muhaqqaq, muhtasham bo‘lsin!
Qo‘ling qanot bo‘lsin,
Qadaming bunyod!
Ko‘p bo‘l,
Zarralaring jahongir bo‘lsin!
Har bitta nafasing moviy sir bo‘lsin!
Sayyidlar qo‘risin iqboling shamin,
Har bir tomoningda bitta pir bo‘lsin!
Ko‘p bo‘l,
avlodlaring ahli shon bo‘lsin!
Kelar ziyolarga nuri kon bo‘lsin!
Hazrat Eshonimning yengini o‘pdim,
Millat ravnaqiga umring tong bo‘lsin!

Faryod...
Oy nurida kashta tikkan chevar edim,
Bir olamni, bir onamni sevar edim,
Olislarga boqib-boqib sho‘xu shodon,
Tezroq o‘tsa bu kunlar deb qo‘yar edim.
So‘ng bo‘linib ketdim ming bir bo‘laklarga,
Umrim berdim ziyosi yo‘q falaklarga!
Ko‘klamlarim, bayramlarim qolib ketdi,
Hayratlarim, hayronlarim qolib ketdi,
Quyoshning ming jilvasidan nusxa olib,
Gul solganim gilamlarim qolib ketdi.
So‘ng bo‘linib ketdim ming bir bo‘laklarga,
Umrim berdim xasdan yupun halaklarga!
Qani mening butunligim, bunyodligim,
Qani mening qishin yozin obodligim,
Evoh dunyo, bug‘doy donday sochding meni,
Qani mening kundan yorug‘ pok zotligim!?
Oh, bo‘linib ketdim ming bir bo‘laklarga,
Umrim berdim qumdan sarob tilaklarga!?
Bir qush bo‘lib kelgan edim bog‘laringa,
Uchib qo‘nsam pastu baland tog‘laringda,
Tarqamadi osmoningda tumanlaring,
Qoyalarga urildim gul chog‘larimda.
Evoh dunyo bo‘lding ming bir bo‘laklarga,
Oshna qilding navosi yo‘q yuraklarga...