Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Zahro Shamsiyya

Zahro Shamsiyya. O, muhabbat, keldingmi yana?

Zahro Shamsiyya, shoira, erkin ijodkor. 1969 yil 9 aprelda Navoiy viloyati Nurota tumanida tavallud topgan. Ilk sheʼrlari 1984 yili “Gulxan” jurnalida yoritilgan. Hozirgi vaqtda uning sheʼrlari dunyoning ko‘plab davlatlarida antalogiya, almanax, gazeta va jurnallarda keng yoritilmoqda.

Amerika, Rossiya, Ozarbayjon, Bangladesh, Hindiston, Xorvatiya, Dubay, Misr, Keniya, Tojikiston, Kanadada davlatlari shular jumlasidandir.

"Sharq yulduzi", “Maʼrifat”, "Kitob dunyosi" , "O‘zbekiston adabiyoti va Sanʼati", “Gulobod” jurnal va ro‘znomalari orqali O‘zbekistonlik muxlislarini xursand qilib kelmoqda.

Zahro Shamsiyya

Ummon chayqalmoqda,
Ko‘rinar kema.
Mayoq tomon suzar adashib yo‘ldan.
To‘lqinlar avjida,
Zarblar avjida
Faqat saroblarga men aldandima.

Kimsasiz orollar qurshovi- qopqon,
Go‘yo odamxo‘rlar chorlar soz chalib.
Ana, Buyuk dunyo kaftlariga jim
To‘kilar irmoqlar bir- bir quyilib.

Nahanglar tish qayrab aylanar tinmay,
Yuragimni yulib bersam to‘yarmi?
Tosh asrining sinmas qoyalariga
Ismimni xanjarlar bilan o‘yarmi?

Men na go‘sht bo‘laman va na yegulik,
Chunki oqmoqdadir qonimda Vatan!
Nahanglar tishida temir sovutdek
Ongim naʼra tortar daʼfatdan.

Va cho‘chib uyg‘onar mo‘ysafid dunyo,
Va isyon ahdini tinglar olomon.
Mening mittigina tanimda go‘yo
Portlashga tayyordek millionlab vulqon!

Ummon uzra suzar egasiz kema,
Saroblar girdobi labin tamshaydi
Kim biladi balkim boshqa umrimda
Mening minglab menim yashaydi.

Ummon chayqalmoqda,
Ko‘rinar kema.
Olib ketmoqdadir ahd va shahdlarni!!!

13.09.2022 y

Zahro Shamsiyya


”Menga og‘ir bo‘lar - sen o‘lsang...
senga nima - o‘lsam-o‘lmasam."
Asqar Mahkam

Oh,naqadar tan olmoq mushkul,
Xanjar suqib xayol ko‘ksiga.
Orzularim yig‘lamoqda tul.
Faryod tug‘ib ishqning bo‘g‘ziga.

Men bormanmi, yo‘qmanmi - sarob,
Kemiradi tinmay ongingni.
Vaqt shoshadi, o‘zgarib qallob
Shomga adashtirib tongingni.

Baqiraman..Chiqmas ovozim,
Bir qoralik bosar vujudim.
Aytolmayman so‘nggi dil rozim,
Yetolmaydi sho‘rlik sujudim.

Sen bilmaysan,sezmaysan hatto.
Befarqlikdan chiqmaysan sira.
Quyosh chiqib, botgunicha to
Alam dilni qiladi xira.

"Menga og‘ir bo‘lar - sen o‘lsang,
Senga nima o‘lsam- o‘lmasam "
Men baxtliman sen to‘lib kulsang,
Senga baribir bo‘lsam- bo‘lmasam.

Hu,qarochiq kengishlarida suratingni chizaman takror.
Va.. Nigohing ostonasida
Jon beraman rozi bo‘lsang yor...
Baribirmas menga yo‘qliging....

21.07.2021 y

Zahro Shamsiyya

Na shafqat bor va na nomus,
Ojiz qolur bunda qomus
Qo‘rqmaydiya hu g‘alamis
Xudodan ham, yig‘la elim.

Titrab ketdi dunyoyi dun
Go‘dak yig‘lar ojiz, dilxun
Toptalgan hur go‘dak uchun
Kim javobgar aytgin elim?

Onasini chopar o‘g‘il,
Yurak qanday chidar axir.
Gunohlar ko‘p, og‘iru- zil
Xudoga ne deysan elim?

Har ko‘changda bir bachchavoz,
Chiqarmaydi mazlum ovoz
Ana endi aqldan oz
Sog‘larga ne deysan elim?

Xazon bo‘ldi gulgun yuzlar,
Bozor savdo bo‘ldi qizlar.
Supirilarmi nahsli izlar?
Qizingga ne deysan elim?

Boylik dardi og‘ir keldi
Oqibatni hasad yedi.
Ota- ona sarson endi.
O‘g‘lingga ne deysan elim?

Mard o‘g‘loning xotin bo‘ldi,
Oriyat va iymon o‘ldi.
Na qiz bo‘ldi, na er bo‘ldi
Tarixga ne deysan elim?

Go‘dak haqqin yedi yuho,
Ko‘rmaydi deb o‘ylar Xudo.
Qiyomatda javob illo-
O‘tmishga ne deysan elim?

Jahongirlar yurti Turon
G‘aflat uyqusidan uyg‘on!
Jon talvasa qilgan shu on
Ruhingga ne deysan elim?

Tugunlarni yecholmaganim,
Uyqusidan kecholmaganim,
Yosumanning sehrini yengib
Unga kafan bicholmaganim

Qismatmikan peshana sho‘ri?
Yengdimikan alamning zo‘ri?
Yonmasmikan zolimning go‘ri?
G‘oliblikga daʼvosi yo‘qlar

Holini kim borib bir yo‘qlar?
Faryodlarga ne deysan Elim?
Avlodlarga ne deysan Elim???

Jahongirlar yurti Turon!
G‘aflat uyqusidan uyg‘on!!!

6.10.2024y

Zahro Shamsiyya

Ana yomg‘irlar ham qoldi g‘imirlab,
Bulutning ortidan quyosh ochar yuz.
Qishning qulog‘iga asta shivirlab
Ortiga boqmayin ketayotir kuz...

Sariqsoch malagim, sirdosh, darddoshim,
Yelkangda xurjuning armonga liqmi?
Sen bilan qariyapti har yili yoshim
Keksalik yo bizga shuncha intiqmi???

Yaprog‘ingga yozsam ishqga qasida,
Hijronga so‘nggi xat, orzuga niyat.
O, sening o‘zingsan so‘ngso‘z aslida
Bosh egib turadi muhabbat.

Chak- chak yomg‘iringdan o‘pirilar dil
Qanotsiz istaklar ucholmas, g‘arib..
Anov armonlarning xo‘rjinlari zil
Xo‘rjinda yuragim ketayotir qarib.

Biz bosayotgan yo‘llar azal ham zarif
Sen la hasratlashgan Cho‘lponu, Usmon.
Anov o‘rindiqda Abdulla Orif
Vatan madhiyasin yozolgan chunon

Nozik belginangdan quchmadi kimlar?
Kimlar muhabbatin etmadi izhor??
Ana, bulutning ortidan imlar
Dekabr, mayliga endi bora qol..

Xurjuningda yuragim ketayapti qarib....

28.11.2023 y

Zahro Shamsiyya

Kuzning eng so‘nggi sheʼri

Atirgul bargiga mahliyo bo‘lib
Bahorlar o‘tmoqda, kuzlar o‘tmoqda.
Kiprikga armonning yoshlarin ilib
Qanchamiz ko‘zimiz tuproq yopmoqda.

Qasang‘i tuyg‘ular kuyiga shaydo
Hur qizlar labidan zino o‘pmoqda
Yo‘qida ko‘rinmay, borida paydo
Oshnolar ostona poylab yotmoqda.

Savol javobimiz oson kecharmi?
Yurakni tinmayin gumon yoqmoqda
Xudojon o‘zing ayt sabr yetarmi?
Bosgan har izimiz qayga eltmoqda?

Bilmayman, bu qanday zamona bo‘ldi,
Do‘stim do‘st bo‘lmadi, vafo qochmoqda
Dillarda sadoqat, iymon ham o‘ldi
Sirlarni sirdoshim to‘rt yon sochmoqda.

Yanagi yil yana qaytalaydi kuz.
Kuzakga yetmoqlik armon bo‘lmoqda.
Xudojon! atirgul yaprog‘ini uz
Umrning yana bir bandi so‘lmoqda.

Bahorlar o‘tmoqda, kuzlar o‘tmoqda
Qanchamiz ko‘zimiz tuproq o‘pmoqda....

30.11.2024 y

Zahro Shamsiyya

Hu ko‘zda shashqator yoshim- iltijo, 
Hu ko‘ngil tubida yangragan nido. 
Hu o‘sha kun izlab kelasanmi yo? 
Bizni uchrashtirib qo‘yganda Xudo!!!!

Hu o‘sha hislarim isyonkor qurg‘ur, 
Hu labdan sirpalgan so‘zlarim qusur
Hu o‘sha manzilda meni kutib tur, 
Bizni uchrashtirib qo‘yganda Xudo!!! 

Hu so‘ngsiz tunlarning azobi umid, 
Hu aytilmay qolgan izhorim sukut. 
Hu yolg‘onchi qushlar sayrog‘in unut!!! 
Bizni uchrashtirib qo‘yganda Xudo!!! 

Hu mensizlik kuyi g‘arib, notavon, 
Hu sensizlik, xazon yoprilgan har yon.
Hu ketib borayotgan dildagi armon. 
Bizni uchrashtirib qo‘yganda Xudo!!! 

Hu ko‘zlari yoniq boqayotgan sevgi!!! 

27.11.2022 y 

Zahro Shamsiyya

Noyabr..Kuz so‘ngi
Daraxtlar yalang‘och tosh qotar.
Osmon ko‘ksi yorilganida 
Zamin iffatini yo‘qotar. 

O, qarg‘alar boshlaydi qo‘shiq, 
So‘ngsiz, hissiz, so‘ngsiz. 
Sigara labida qiyshiq, 
Shoir tentiraydi so‘zsiz. 

Balog‘atga yetgan tuyg‘ular
Avjida hansirar xiyonat.
Yuzdagi yasama kulgular-
Nigohga o‘yilgan ming laʼnat.

Ming laʼnat,
Ming laʼnat.
Borliqga 
zarradek tarqalgan duoyi bad.
Eski chorig‘ini sudraydi qismat
Odamzod yasharkan toabad.

Yaproqlar- to‘kilgan arzu- dod,
Xazonga aylangan ishq makon.
Bugun ruh tiniqqan, bugun 
Ruh ozod.
Kuzning yonog‘idan o‘pgan on.

Hayrat!
Yelkasini yorib qo‘sh qanot-
Shoirni ko‘tardi samoga.
Eng so‘nggi nafasi chiqguncha
Istig‘for ayladi Xudoga.

Noyabr, 
Kuz so‘ngi.
Alvido...

4.11.2022 y 

Zahro Shamsiyya

O, muhabbat, keldingmi yana? 

O, muhabbat, 
 keldingmi yana, 
Ostonamda turibsan kulib. 
 Yurakga boq, yuragim mana, 
Yig‘layapti ozorga to‘lib. 

O, muhabbat, 
Ko‘zlari so‘qir, 
Qulog‘ingga kirmaydimi gap. 
Sening yo‘ling tikanak, chaqir. 
Boshlayapsan yana ataylab.. 

O, muhabbat, 
Lazzati otash, 
Kuydirasan tinmayin tanni. 
 Tuyg‘ularni etgancha chalkash 
Yig‘latasan ko‘ngil- Vatanni!! 

O, muhabbat,
 manzili azob, 
Hikmatingdan o‘rgilay o‘zim, 
Kechalari kelmay qo‘ydi xob, 
Shu jonimga tilayman to‘zim.. 

O, muhabbat, 
Keldingmi yana?? 

4.11.2020 y 

Zahro Shamsiyya

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.