O‘ylasam uyaldim, borsam titradim,
Satringdan tutgani topolmadim kuch.
O‘radim, chirmadim, yashirdim ko‘zdan:
Mana endi oshkor sheʼrim, meni quch.
Qachon tug‘ilgansan? Eslay olmadim.
Bilganim: birma bir satr terganim,
Bir jumla yopishsa o‘zimcha tergab,
O‘zimcha har harfga mehr berganim.
Shoirman deganlar aldashdi meni:
- Sheʼrni xalq o‘qisin, qafasingni och!
Oqibat avaylab, asrab, suyganim,
Turibsan oshkora, ochiq, yalang‘och.
Uyalma satringni siypalasa kim,
Or qilma yechilsa birma bir mazmun.
Xohlasang meni o‘p, boshqasini quch.
Ishqimiz tugagan sen o‘qilgan kun.
Varaqda sarg‘ayib kutish orzuing
Alishdi har chetda oshkor yurishga.
Birgina harfidan uyalgan sheʼrim,
Majbursan ko‘ksingni kerib turishga.
Kerakmidi menga senga suq nazar?
Yoki men dayusman, yoki sen sho‘x qiz.
Mana, sen oshkorsan, men egilgan bosh,
Turibmiz begona bo‘lib ikkimiz...
1~18-oktyabr, 2024 yil.