Yig‘lamadim, boshim toshga ursa g‘animlar,
Bo‘zlamadim, chetga turtsa og‘a inimlar,
Yig‘lolmadim, taqdir menga dardin siqimlar,
Darding aytib yig‘lat Ona, men ham yig‘layin.
Sabring aytib yig‘lat Ona, yig‘lagim keldi.
Erlik qildim, yig‘lamadim qabring boshida,
Qizchalaring yig‘lab turar o‘g‘ling qoshida,
Otam yig‘lar seni qo‘msab ulug‘ yoshida,
Mardlik qilib yig‘lat ona, men ham yig‘layin.
Dardli qilib yig‘lat Ona, yig‘lagim keldi.
Yig‘lamasman, ko‘z yosh to‘kar sag‘iralaring,
Sendek sodda bo‘lolmaslar kabiralaring,
Tunda yig‘lab uxlatmaydi nabiralaring,
Alla aytib yig‘lat ona, men ham yig‘layin.
Mehring berib yig‘lat ona, yig‘lagim keldi.
Yig‘lat ona, yurak erib oqsin ko‘z yoshim,
Yig‘lay ona, sendan o‘zga yo‘qdir sirdoshim,
Do‘st bilmagan, g‘animdan sir, tugar bardoshim,
Yig‘lat ona, to‘yib to‘yib yig‘lagim keldi....
31-avgust, 2012 yil.