Rad etib bo‘lgaymu g‘uncha har bahor yozgin desa,
Bul ajib zamin aro sen iftixor yozgin desa,
Berdi Alloh, ketmasin hayf iqtidor, yozgin desa,
Yozmayam bo‘lgaymu ko‘nglim ashʼor yozgin desa,
Qalbu qonim jo‘sh urib, shomu nahor yozgin desa.
Yo‘qki do‘stim, bitmagay sheʼr, birga yurmas bir dame,
Bir pari bergayki ilhom, ortga surmas bir dame,
Harki bayt bitgan qalamlar nola urmas bir dame,
Ul devonlarkim, javonim ichra turmas bir dame,
Ne iloj, peshvolarim yo‘llab mador, yozgin desa.
Farishtalar aylab duo, rizqu-ro‘z berganda Haq,
Ul quyosh aylabki shamdon, yo‘llasa xar on shafaq
Nayni havas qilmay qamish qalam bo‘lib turganda naq
G‘unchalar tutsa siyohin, ochsa yulduzlar varaq,
Tongda bulbullar navosi beg‘ubor yozgin desa.
Oh, ajab, poylaydi yo‘lim, xumorim yoshin tutib,
Aylagay sochini sochiq, ilkima oshin tutib,
Har visol onida, xushnud, ko‘ksima boshin tutib,
Ul qalam qoshimki, tutqazgay qalam, qoshin tutib,
Yozmayinmu komronim intizor yozgin desa.
Bul hayot har oni ibrat, har kuni bo‘lganda dars,
Yozgani nechun zamonlar, zarra imkon bo‘lsa bas.
Bo‘lmagay ijod qushiga uchsa chor devor qafas,
To‘ldirib ko‘ksimni olsam koinotdan men nafas,
Yerda mehnat gashtiga aylab xumor, yozgin desa.
Navoiyni qildim havas, keldi qo‘ldan yozaman.
Har navoga aylasam qasd, keldi qo‘ldan yozaman,
To baqodan kelmagay sas, keldi qo‘ldan yozaman,
G‘iybat ichra qolmasam bas, keldi qo‘ldan yozaman,
Bo‘lsa gar xalqimga manzur, do‘stu yor yozgin desa.
Misralar yozgin Alisher, xar so‘zi bo‘lsin ajab,
Har quvonch, har bitta tashvish harki baytiga sabab,
Mubolag‘a qilma taʼrif, haqni aylasin talab,
Yozgin, ey Yolqin, kishida qolmasin bejo adab,
Oqini oq, yoz qarosin oshkor, yozgin desa.
Sentyabr, 2003 yil.