Yuragimga ishq solmadi xilqatlaring,
Aqli hushim lol qilmadi xislatlaring,
Allohimdek yor bo‘lmadi hazratlaring,
Ey Hindiston, men sog‘indim O‘zbegimni.
Tog‘laring bor, bas kelolmas tog‘larimga,
Bog‘laring bor, o‘xshamaydi bog‘larimga,
Bulbullaring alishmasman zog‘larimga,
Ey Hindiston, men sog‘indim o‘zligimni.
Oshkoriga yetolmaydi pinhon siring,
Bir kuniga arzimaydi minglab asring,
Kulbasiday bo‘lolmaydi Oltin qasring,
O‘zbegimning, men sog‘indim tuprog‘ini.
Toj mahalga alishmasman sevgan yorim,
Har faslingdan topolmasman bir bahorim,
Bor xulqingdan ustun turar bitta orim,
Ey Hindiston, men sog‘indim sog‘inchlarim.
28 fevral, 2007 yil.
Hindiston.