Qadr o‘lsin, yostig‘imni ho‘l qilgancha,
Holimdan bir xabar olmay ketding ukam.
Mening qadrim shu qadar ham past bo‘ldimi,
Seni olgan hudodan so‘r, qayerim kam?
Choyshabingni yuvganimda dog‘ qoldimi,
O‘ynatganda berganmidim senga sitam?
Chaqirganda ketaverding meni tashlab,
Shunchalar ham to‘yganmiding mendan ukam?
Ovqatingni sho‘r qildimmi biror marta?
Peshonamning sho‘ri o‘zi yetmasmidi?
Bir so‘rasang qilmadimmi aytganingni,
Ketdik desang, opang birga ketmasmidi?
Onam bergan oq sutiga to‘ymadingmi?
Otam qurgan uyda davron surmadingku?
Qayerlardan izlab ketding mehrlarim,
Ukajonim, menga qabr qurmadingku?
Ilinarding topganingni yuragimga,
Jannatdan joy qurmok uchun ketgandirsan?
Rashk qilganim yetmagandek kelinimdan
Orzu qilgan hurlaringga yetgandirsan?
Ukajonim, arazlarim toshib ketdi,
Suratlaring dog‘-dog‘ axir yoshlarimdan,
Uka bo‘lib yonginamda tursang edi,
Ne alamlar o‘tdi ayol boshlarimdan.
Mehribonim, mehrim beray, tushimga kir,
Chinqiragan armonlarim tinim olsin.
Duo qilay, oxirating obod qilib,
Qalbim to‘ri yoding bilan to‘lib qolsin....
Opang Lola nomidan
Ali Al Mehr.
27 Fevral, 2009 yil.