To‘yim bugun. To‘yxonadan, Onam, ruhing izlayman,
Yuzim niqob tabassumdan, ich-ichimdan bo‘zlayman.
Yonimda yor oq ro‘molda armonimni bilmaydi,
Kelin salom qilganida senga salom bermaydi.
Onajonginam, mehribonginam,
Meni asragan soyabonginam.
Onajonginam, mehribonginam,
To‘yim ko‘rmagan bir armonginam.
Otam turar to‘yboshida, opalarim qudalar,
Bo‘shab qolgan o‘rning ona yurak bag‘rim timdalar.
Tabrik aytar do‘stu yorlar, aytiladi alyorlar,
Do‘stlar bilar armonlarim, kulib turar ag‘yorlar.
Bag‘rimdagi suluv yorim seni demaydi “Ona”,
Qabringga bosh ursa ham sen qaynonamas, begona.
Endi kelin bo‘lgan yorim xizmatingni qilmaydi,
Menga bo‘lsa ham parvona armonlarim bilmaydi.
Xo‘rsinaman, yonimda yor hayron bo‘lib boqadi,
Yashiraman yoshlarimni, yuragimga oqadi
Taqdirga tan bergin deydi otam silab boshimni
Sensiz ona, to‘y qilsam ham,yashirdim ko‘z yoshimni.
1 Yanvar, 2006 yil.