Bog‘imga qaytganda sabolar
Qaytadan yaraldi navolar
Shabnamga to‘yganda havolar,
Muhabbat ortiga qaytmadi.
Qayerda qolganin aytmadi.
Kelganda g‘uncha deb uzmadim
Yurakning zulfinin buzmadim
Muhabbat ekanin sezmadim.
Adashdim. Ketdi-yu, qaytmadi.
Sevgilim ekanin aytmadi.
Zor bo‘lib kutganim yetmasdan
O‘zgaga parvo ham etmasdan
Ortidan ergashib ketmasdan
Qolgandim. U esa qaytmadi,
«Yur birga ketdik» - deb aytmadi.
Ajib so‘qmoqlarda qoqindi yurak…
Muhabbat bog‘ida yolg‘onchi yurak
Bo‘lganda men emas, u menga kerak,
Muhabbat ortiga qaytmadi.
Qaytsa ham manzilin aytmadi.
Azimga aylandi nozik bo‘y nihol…
Bir umr hijronda to‘lg‘onib behol
Bo‘lganda dilpora yetishmay visol
Muhabbat ortiga qaytmadi.
Ortiga qaytmasin aytmadi.
14 Avgust, 2001 yil.