Sheʼriyat.
Buni hamma turlicha tushunadi. Kim uchundir bu butun hayot, kim uchundir shunchaki bir ermak. Yana kim uchundir, bu yana nimadir. Lekin hech bir taʼrif to‘g‘ri kelmaydi.
Avvaldan kelishib olaylik: men adabiyotshunos, olim, yoki o‘zidan aqlli olim yasab olgan havaskor emasman.
Shunchaki, baʼzida sheʼr yozib turaman. Bu maqola esa o‘zim kabi havaskorlarga, sheʼriyatga qiziqqanlar uchun, o‘zim uchun yozilgan, subyektiv fikrlar.
Kimdir qaysidir fikrimga qarshi bo‘lsa, bemalol, o‘z fikri haqida istagancha maqola yozishi mumkin. Menga ham foydasi tegib qoladi.
Shoir kim? Sheʼr nima?
Bu ikki savolga javobni Usmon Nosirning “Yana sheʼrimga” soneti orqali javob topishga harakat qildim. Siz ham avval o‘qib ko‘ring. Vaqtingiz bo‘lsa, bir necha marta o‘qing.
![]()
Usmon Nosir
YANA SHEʼRIMGA
(Sonet)
Sheʼrim! Yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi — naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
O‘t bo‘lurmi ishqi yo‘q tanda?
Dardimsanki, sheʼrim yaxshisan.
Sen orada ko‘prik bo‘lding-da,
Geyne bilan o‘rtoq tutindim.
Lermontovdan ko‘mak o‘tindim.
Butun umrim sening bo‘yningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men — Majnunman, sheʼrim, sen — Layli!
![]()
Sheʼr nima haqida?
Men uchun Usmon Nosirning “Yana sheʼrimga” soneti avvaliga sheʼr haqida edi. Keyin shoir haqida bo‘ldi. Keyin hammasi chalkashib ketdi.
Keyin topdim. Sheʼr - bu shoirning, insonning qalbi. Bu tasdiqni sonetning hamma qismida topish mumkin.
Bir boshdan ketdik:
Sheʼrim! Yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Shoir o‘z sheʼrini, yoki taʼkidlaganimdek, qalbni go‘zalligiga ishora qilyapti. Gul go‘zallik ramzi, bog‘ esa yaxshilik, ezgulik timsoli. Lekin qalb go‘zalligi shunday bir neʼmatki, xar qanday bog‘ni go‘zalroq qiladi. Nima uchun “gul” emas, “gullar”? Chunki, har gul ham go‘zal, iforli bo‘lavermaydi. Nima uchun sharmanda? Chunki, tashqi go‘zallik bilan (tashqi ko‘rinish, soxtalik, niqob) qalb go‘zalligi oldida maqtanish sharmandalikdan boshqa narsa emas.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Uzoq fikr bildirmayman. Shoir yana bir bor urg‘u beryapti, qalb faqat bir insongagina tegishli emas. Qalb kengroq olamni o‘z ichiga oladi. Shoir urg‘u beryapti: qalb bu tiriklik, hayot mazmunini ifodalovchi unsur.
Qisqa qilib aytganda, “yashasang, go‘zal qalb bilan yasha” demoqchi.
Keyingi to‘rtlik qalb tushunchasini, hayot tushunchasini, yashash tushunchasini yana-da kengaytiradi. Bu haqda to‘xtalib o‘tirmayman. Buni tushuntirishim uchun, avval shoir kimligini o‘quvchiga tushuntirishim kerak. Harakat qilib ko‘raman.
![]()
Shoir kim?
Usmon Nosir haqida internetdan, uning sheʼrlaridan ko‘p narsa topish mumkin. Juda ko‘pchilik o‘qigan, biladi, hatto tug‘ilgan yilini, joyini, vafot etgan kunigacha yoddan biladiganlar bor. Lekin ularning hammasi shoirni taniydimi? Men esa tanimayman. Sababini sonetning keyingi 3 satrida tushuntirib beraman.
Sen orada ko‘prik bo‘lding-da,
Geyne bilan o‘rtoq tutindim.
Lermontovdan ko‘mak o‘tindim.
Shoir nimadir demoqchi bo‘lgan, lekin aytolmagan, yoki satrlar yetmasligini bilgan. Shuning uchun osongina Geyne bilan Lermontovga ishora qilib qo‘ya qolgan. Men esa na Geyneni, na Lermontovni ko‘p o‘qiganman. Ularni ham tanimayman. Demak toki ularni tanib, bilmas ekanman, Usmon Nosirni bilishga aqlim yetmaydi.
Bu mubolag‘a. Shoirni uning sheʼrlaridan, ijodidan tanish mumkin. Shoirni tanimay turib uni tushunib bo‘lmaydi. Bir sheʼrini o‘qimay turib, boshqasini bir satridan noto‘g‘ri xulosa qilishingiz mumkin. Agar rahmatli Muhammad Yusufni bitta sheʼrini o‘qib matematikani yomon ko‘rgan ekan deb o‘ylasangiz, sababini boshqa sheʼridan topasiz. Vaqti kelib bu haqda ham o‘z fikrimni yozaman.
Butun umrim sening bo‘yningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men — Majnunman, sheʼrim, sen — Layli!
Mana bu so‘ngga satrlarda shoir nafaqat qalbni, balki o‘zini, ijodini, g‘oyalarini va kurashini ifoda etadi. Hayotda qanday g‘oya bilan yashashini, buning uchun nimalarga tayyorligini, qismat qanday bo‘lishi mumkinligini oshkor yozmasada, aniq tiniq ifodalab beradi. Buning uchun shoir yashagan davrni bilish, yoki “Layli va Majnun” dostonini anglash yetarli emas. Shoirni boshqa sheʼrlarini o‘qish kerak.
![]()
Sheʼr nima?
Mana endi sheʼr nima degan savolga javob berishim kerak. Xafa bo‘lmang. Javobim yo‘q. Usmon Nosirning “Yana sheʼrimga” sonetida sheʼr bu qalb, hayot, yashash deyilgan.
Men uchun sheʼr - bu nimanidir, kimnidir, qandaydir fikrni, g‘oyani o‘zida mujassam etgan sanʼat asari, ijod mahsuli. Sheʼrda aniq g‘oya, maqsad, fikr, kimdir, nimadir bor. Eʼtibor bering, hammasini birlikda yozdim, ko‘plikda emas.
Afsuski, men o‘zim ham sheʼrlarimda bitta g‘oyani ichiga yana bir nechta kimnidir, nimanidir qo‘shib qo‘yaman “saxiyligimdan”. Oqibatda, sheʼrlarim o‘ynab yurgan bolalardek, dashtda yurgan suruvdek, sochi yoyiq suluvdek chiroyli, maʼnoli ko‘rinsada, fikrni jamlashga, bir aniq maʼno topishga, sheʼrni tanishga, u bilan do‘stlashishga imkon bermaydi.
Maqsadim nima?
Maqsadim, kimgadir aql o‘rgatish. Kimgadir ustozlik qilish. Kimgadir o‘zimni ko‘rsatib qo‘yish. Bu kamtarinlik qilib, o‘zimni ayblash emas, balki bor haqiqat.
Nima uchun aynan sheʼriyat mavzusi?
Shoirmisiz, havaskormisiz, bekorchimisiz, yozgan narsangiz qalbingizdan chiqsin. G‘oyasi bo‘lsin. Maqsadi bo‘lsin.
Sizning minglab yozgan satrlaringizdan men o‘zimga nimadir olmasam, boshqalar aytgandek siz ham ming bor takrorlang, foydasi yo‘q.
To‘g‘ri, yangilik qilolmaysiz, chunki sheʼriyat ming asrlardan beri har mavzuni titkilab chiqqan. Lekin qalbdan chiqqan nidoni, sadoni hamma eshitadi, takror va takror eshitadi, tushunadi, anglaydi va aytadi.
Men uchun shoir kim, sheʼr nima, bitta sheʼr misolida tushuntirib berdim. Qolgani har bir havaskorning o‘ziga havola.
Omon bo‘ling!
(c) Ali Al Mehr.
15 Yanvar, 2024 yil.