Men shoir emasman, bo‘lmayman hatto,
O‘z dardim o‘zgaga uzatmoq nechun?
Sheʼr demang yozganim, yolg‘on satrlar,
Bitilgan o‘zimni aldamoq uchun.
Sheʼrimda muhabbat shaʼniga sharaf,
Aslida sevgiga aldangan yurak.
Orzular og‘ushi cho‘mgan satrlar
Aldaydi, bilaman ushalmas tilak.
Adolat, poklikni kuylar qalamim,
Yuragim razolat to‘lgan siyohdon.
Jannatning hurlarin etaman orzu,
Shaytonga qo‘l bergan Hazrati Inson.
Ishonmang, baytlarim qilsa nasihat,
Topsangiz bir maʼno, etingiz inkor.
Ne foyda ulardan sizlarga axir
Men amal qilmasam ularga zinhor.
Men shoir emasman, bo‘lmayman hatto
Lol bo‘lmang to‘qisam sheʼr yoki g‘azal.
Dardimni quduqqa aytgandan ko‘ra
Qog‘ozga bitmoqni ko‘raman afzal.
23 fevral, 2004 yil