Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Erkin Vohidov - Inson qasidasi

Erkin Vohidov - Inson qasidasi

Sobit-ul sayyorada inson o‘zing, inson o‘zing,
Mulki olam ichra bir xoqon o‘zing, sulton o‘zing.

Sobit o‘z maʼvosida, sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida karvon o‘zing, sarbon o‘zing.

Shams — dil taftingdadur, sayyoralar kaftingdadur,
Keng jahon zabtingdadur, bog‘bon o‘zing, posbon o‘zing.

Bu yorug‘ dunyo nadur? Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur, mehmon o‘zing, mezbon o‘zing.

Bunda oq birla qaro, zulmat, ziyo, shohu gado,
Jang qilurlar doimo ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.

Sen balo, ham mubtalo, xayr ila kin, rostu riyo,
Fitnagar olam aro fatton o‘zing, qurbon o‘zing.

Goh adolat bog‘ida, piri adovat gohida,
O‘z diling dargohida shayton o‘zing, g‘ilmon o‘zing.

Xormisan yo gulmisan, tojdormisan yo qulmisan,
Cho‘g‘zmisan, bulbulmisan, nodon o‘zing, xushxon o‘zing.

Bu hayot o‘rmon ekan, jon borki, qasdi jon ekan,
Bunda qatl oson ekan, sirtlon o‘zing, jayron o‘zing.

Bu hayot ummon ekan, ummon abad gardon ekan,
Qatradek sarson ekan, sarson o‘zing, gardon o‘zing.

Mashʼali fikrat — sening, ham changali vahshat sening,
G‘ayratu g‘aflat sening, javlon o‘zing, uryon o‘zing.

Qildingu oyda xirom, ham yerda qon to‘kding harom,
Ushbu holingdan mudom xandon o‘zing, giryon o‘zing.

Minding ilm narvoniga, chiqding funun osmoniga,
Bu jahon ayvoniga arkon o‘zing, vayron o‘zing.

Zarrani ijod etib, dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib, hayron o‘zing, hayron o‘zing.

Bog‘i arz obod erur sendin agar imdod erur,
Yo‘qsa u barbod erur, to‘fon o‘zing, to‘g‘on o‘zing.

Sen hilol, yulduz, salib, Tavrot, Zaburdin yuksalib,
Boymisan yoki g‘arib, komron o‘zing, yakson o‘zing.

Kim farangi, kim habash, irq, qon talash, iymon talash,
Shulmi insondek yashash, armon o‘zing, afg‘on o‘zing.

Mamlakatga mamlakat, millatga millat bo‘lsa qasd,
Qilg‘uchi so‘ng oqibat armon o‘zing, afg‘on o‘zing.

Onayizoring — zamin, tanho yo‘g‘u boring — zamin,
Xasta bemoring — zamin, o‘g‘lon o‘zing, darmon o‘zing.

Bag‘rida yotquchi — sen, neʼmatlarin totquchi — sen,
Tig‘ bo‘lib botquchi — sen, paykon o‘zing, qalqon o‘zing.

Marsga to‘p otquchi — sen, Zuhroni uyg‘otquchi — sen,
Uyquda qotquchi — sen, uyg‘on o‘zing, uyg‘on o‘zing.

Kelding olamga, demak, etmas uni so‘rmak, yemak,
Yerni etmog‘ing kerak bo‘ston o‘zing, rizvon o‘zing.

So‘zga ham poyon bo‘lur, yozsam yana devon bo‘lur,
Rustami doston bo‘lur, doston o‘zing, devon o‘zing.

Bo‘lmasin subhing qaro, bor bo‘l mudom borliq aro,
O‘zni etgil doimo inson o‘zing, inson o‘zing.

Ey, sen Erkin, sen bukun yozding dilingdan bir tugun,
Sen kimu ne dahri dun, biyron o‘zing, nodon o‘zing.

Erkin Vohidov (28 dekabr 1936 – 30 may 2016)

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.