Bog‘ chamanni etgancha maftun,
Oshiq dilga sochib bir uchqun,
Bahor qaytib keldi men uchun:
Gulim! Bugun sen tug‘ilgan kun!
Qish vujuding tanlab olgan on,
Bahoru, yoz husn solgan on,
Kuz dunyoga nazar solgan on:
Qadrim! Bugun sen tug‘ilgan kun!
Ishq qasrining tanho ustuni,
Visol tongi, hijron yakuni,
Oshiqlarning sinov bir kuni,
Jonim, bugun sen tug‘ilgan kun!
Husn ichra yetmas tarovat,
Sabr ichra yetmas halovat,
Oshiq ahli aytar salovat,
Suyukligim, sen tug‘ilgan kun!
Nazm ko‘nmas taʼrif etmoqqa,
Nasr boymas qalam tutmoqqa,
Fursat yetdi senga yetmoqqa,
Dostonimsan, sen tug‘ilgan kun!
Bu kun yorug‘ bo‘ldi osmonim,
Quvonchlarga to‘ldi jahonim,
Yo tangriga yetdi fig‘onim,
Yetishganim. Sen tug‘ilgan kun!
Bo‘salaring o‘zgacha lazzat,
Qabulingda yangicha izzat,
Muhabbatdan bol olgan iffat,
Suyolganim, sen tug‘ilgan kun!
Ehson qilay yuragimdan gul,
Jonim olgin, bo‘lsa gar maqbul,
Senga inʼom etay, et qabul,
Muhabbatim! Sen tug‘ilgan kun!
17 oktyabr, 2006 yil.