Fasli bahor o‘tib ketibdi,
Yoz o‘tibdi tashvishlar bilan.
Kuz mevasin to‘kib ketibdi,
Qish kelibdi yumushlar bilan.
Nima qildik, nima qilmadik?
Qayga bordik, qayga bormadik...
Ne onlarni yodlab yuribmiz,
Ne yillarni esga olmadik.
Har onimiz bilib g‘animat,
Tiriklikdan chora izladik.
Oxiratni bahona qilib,
Kimni senlab, kimni sizladik.
Bugun yana shu ahvoldamiz:
Yangi yilga tashvishlar bisyor,
Bir tomonda bolta va to‘nka,
Bir tomonda chorlar do‘stu yor.
Qo‘ying endi. Qaramang ortga,
O‘tsa o‘tib ketsin eski yil.
Borin ko‘rdik, ko‘rarmiz yana,
Yangi yilda yangicha hosil.
Har yilning o‘z xosiyati bor,
Buni xar bir keksa biladi.
Eski yilda tuyoq ko‘p bo‘ldi,
Yangi yilda barslar keladi.
Yetkazganga shukrona ayting,
Yetganlar bor, yetmaganlar bor.
Yangi yilga oling tol novda,
Eskilardan bir siqim yodgor.
Ne yozishni bilmayman asli,
Go‘yo menga har yil odatiy.
Lekin aniq, har yil entikib
Yangi yilni kutishim tabiiy.
Nega? Chunki yana yangi yil,
Yana umid, yangi orzular.
Voz kechmayman eskilardan ham,
Balki yangi yilda ushalar?!
Sizlarga xam tilaklarim shu:
Yangi yilda yaxshilik bo‘lsin,
Har kuningiz bo‘lib bir quvonch,
Qalbingizga hidoyat to‘lsin.
Mehr bo‘lsin yopinchigingiz,
Aso bo‘lsin sizga adolat,
Iymon bo‘lsin sizga ulug‘ rizq,
Tanimasin sizni razolat.
Sizga bayram bo‘lsin muborak.
Yana bahor, yoz, kuz o‘tguncha
Barcha, barcha bo‘lsin salomat,
Yana yangi yilga yetguncha!
25-dekabr, 2009 yil.