Tarix sahifasin ochaman takror.
Xalqim sen haqingda dostonlar bisyor.
Dovrug‘ing dunyoga ketganicha bor,
Chunki sen buyuksan Ona Turkiston!
Navoiy nazmida kuylagan xalqsan,
Alloma Farg‘oniy o‘ylagan xalqsan,
Boburshox hindlarga so‘zlagan xalqsan.
Xalqparvar elimsan, jon O‘zbekiston!
Amu, Sir, Norindir tomiringda qon,
Bag‘ringda bo‘y cho‘zgan Pomir, Tiyon-shon.
Vodiylar misoli ochil dasturxon.
Jannati yurtimsan jon O‘zbekiston!
Onadur Farg‘ona, Qo‘qon bir jahon.
Atlasga burkaydi shahri Marg‘ilon.
Mardlarga tulporlar berar Andijon.
Mehnatkash, bolajon, hur O‘zbekiston!
Bag‘ringda Alpomish o‘g‘lonlaring bor,
Boshingda xalqparvar xoqonlaring bor,
Oltinu-kumushga boy konlaring bor,
Hur bo‘lib tug‘ilgan ey ahli Turon!
Xalqim madhiyangni kuylayman bugun.
Mag‘rurman farzanding bo‘lganim uchun.
Sen uchun jo‘sh urar vujudim butun,
Chunki sen onasan, jon O‘zbekiston!
Avgust, 2000 yil