Bir kuni:
Xotin aytdi:
- Dadasi,
Paypog‘ingiz qolmabdi.
Yil o‘tibdi, bu erkak
Bitta paypoq olmabdi.
Maoshingiz turibdi.
Ro‘zg‘or! Biz ham bilamiz.
O‘lar jonga, yakshanba
Bozor qilib kelamiz.
Bozorda:
Yosh boladek yetaklab
Bozor kezib yuribmiz.
Paypoq izlab, paypoq yo‘q
Rastalarga kiribmiz.
Tufli oldik, sharf oldik,
Ro‘mol oldik, ko‘ylaklik.
Qishga palto, yoz uchun
Bir nimalar keraklik.
Men paypoqqa to‘xtasam,
Tortib ketar qo‘limdan.
Atir-upa, kimxob bor,
Paypoq chiqmas yo‘limdan.
Bir paypoqni ko‘rsatib:
“Bu chidamsiz” deb ketdi.
Yana biri “Sifatsiz”,
“Ko‘k kiymaysiz” deb ketdi.
“Oq?” degandim, “Yo‘q” dedi,
- Balo bormi modaga?
Topgan puliz ketadi
Sovun bilan sodaga.
Bir paypoqni o‘poq deb,
So‘poq dedi boshqasin.
Sabr bersin bozorga,
Xotin bozor qilmasin.
Nima derdim, kiygan men,
Xotin yuvar paypoqni.
Qora kiysam kiyibman
Yoqtirmasa ko‘k, oqni.
Ketar chog‘da sababchi
To‘rvamizga solindi.
Paypoq uchun keldik deb
Bir juft paypoq olindi.
Xullas, tongdan kechgacha,
Bozor kezib betinim
Paypoq yo‘q deb kamini
Butlab oldi xotinim.
30 Noyabr, 2023 yil.