Sheʼr yozgim keladi, topilmas mavzu,
Siyqasi chiqqanga yetishmas mantiq.
O‘zimcha falsafa qilaman ammo,
Bir satri poyandoz, bir satri qiytiq.
Qolipga tushmaydi so‘nggi qofiya,
Vaznni tiklasam, sinadi turoq.
Qaytadan yozaman, qochadi mazmun,
Muammo yo‘qolar, yechim bor biroq.
Bir satrim iqtisod, bilganim radif,
O‘xshatsam uchramas, topganim bekor,
Eng avji undovda ko‘rsatmasam yo‘q,
So‘z bozor qilgani or qilaman, or!
Bir satrim yozilgan varaqlar sarson.
Ko‘p sheʼrim yozilgan zavq xitobida,
To‘ridan joy olgan tushda yozilgan,
Shomgacha tanilgan yuz kitobida.
Qaytaman, qaytaman, ko‘ngil deyman, xo‘p,
“Voh” desa “oh” demay zavqqa to‘laman.
“Sheʼr” degan o‘zimman, mantiq ham “o‘zim”,
“Zo‘r shoir” degan ham o‘zim bo‘laman.
12.11.2024