Zarari ham, foydasi ham yo‘q insondan zararliroq, foydasizroq inson bo‘lmaydi.
Befarqlik qalbimning kasali,
Yuqadi, ogohroq yuringlar.
Tegmasam ko‘p xursand bo‘lmasdan
Baʼzida turtib ham turinglar.
Zararim tegmaydi birovga,
Foydamning tegmasi aniqroq.
Men kabi do‘st, dushman boridan
Yo‘qligi ming bora yaxshiroq.
Men sizga tegmayman, siz menga,
Ayblarni yuzlarga solmayman.
Turtmayman qoyada tursangiz,
Jarlikdan tortib ham olmayman.
Kuyunmang urishsam, so‘kishsam,
Suyunmang yig‘lab hol so‘rasam,
Tanqidim yuzaki, unutmang,
Taltaymang paxtaga o‘rasam.
Befarqlik tashxisda topilmas,
Ko‘zlarim aytmaydi sirlarim,
Donolik yetishmas sizlarda,
Kar, soqov, ko‘r bo‘lgan pirlarim.
Befarqlik qonimning illati,
Davosi bormi, yo‘q, bilmayman.
Lek ko‘rsam jonkuyar insonni,
Unga ham hech havas qilmayman.
14 May, 2007 yil.