O‘zbegim, bo‘z ko‘ylak kiyib o‘sgansan.
Atlasing bor edi taxmonlaringda.
Bir kuni kelinlik yuzin ochgani
Oq ko‘ylak saqlarding javonlaringda.
Endichi, yoqasiz, yengsiz, tugmasiz,
Kalta tor ko‘ylakka kuning qoldimi?
Iffating berganing, oringni olgan
Dayuslar seni shu kuyga soldimi?
Buvimiz o‘rardi katta oq ro‘mol,
Jon issiq, kafansiz qolmayin deya.
Chimmating yechganing yetmaganmidi?
Kiyganing ust-boshing tashlamas soya...
O‘zbegim, nomahram ko‘rmasdi yuzing,
Ko‘rmasdak uylansak qilmasdi alam!
Ko‘chaga chiqqanda mayliga edi:
Akangni shimini kiyib yursang ham.
Oy popuk taqarding sunbullaringga...
Endichi? Taqibsan sirg‘a avratga...
Tillaqosh qidirsam, nigohim tushdi
Xilvatga chizilgan nozik suratga.
O‘zbegim, keng ko‘rpa yetmasdi avval
Iffating ko‘zgudan yashirmoq uchun.
Nahotki bir laxtak yashira olsa
Butun bir oringni dunyodan bugun?
Na qilay, Singiljon, aybing erkalik,
Buvam ham, otam ham, men ham aybdor.
Qiyomat yuzimiz ko‘rmoqchi bo‘lsang,
Etaging yopib ol, hali vaqting bor.
10 Sentyabr, 2009 yil.