Yo rab, kuning o‘tsa yorim siymosini ko‘rmay, netay?
Yoxud bir tun o‘tsa yorim lab bolini so‘rmay, netay?
Nechun bir kun, va yo bir tun, bir on yetar hol jonima,
Ketar bo‘lsam izlab baqo yor ishqig‘a to‘ymay netay?
Shoirlar nima uchun sheʼr yozishlarini bilmadimu, lekin ilhom parisi kaminani yod etib, yuragimda allanechuk cheksizlik his qilganimda bir necha satr qoralashga jazm etaman.Chunki aynan mana shu cheksizlik menga yuragim izlagan cheksiz ozodlik his tuyg‘usini hadya etadi.
Dilim do‘sti desam kamlik qilmasmu dil,
Do‘stdan suhbat, undan lazzat olgusi til.
Izhor etsam ishqim anga qilmas qabul,
Ishqdin kuyib qolgan dardim bo‘ldi maqbul.
Fasli bahor o‘tib ketibdi,
Yoz o‘tibdi tashvishlar bilan.
Kuz mevasin to‘kib ketibdi,
Qish kelibdi yumushlar bilan.
Men shoir emasman, bo‘lmayman hatto,
O‘z dardim o‘zgaga uzatmoq nechun?
Sheʼr demang yozganim, yolg‘on satrlar,
Bitilgan o‘zimni aldamoq uchun.
Bog‘imga qaytganda sabolar
Qaytadan yaraldi navolar
Shabnamga to‘yganda havolar,
Muhabbat ortiga qaytmadi.
Qayerda qolganin aytmadi.
Muhabbat ishqida kim bo‘lsa shoir
Shum taqdir ularni har kuyga solar.
To‘qilmay qolgan bu sheʼrlari mayli,
Daftarda yakunsiz satrlar qolar...
2003 yil.
Sheʼr quyilib kelaverar begonalarga,
Doston bitib qo‘ymoq oson jononalarga,
Lekin. Bir so‘z topilmas durdonalarga,
Yozmaganman biror satr opalarimga.
Avgust, 2007 yil.
Ne ajab, zamonakim, guldin azob ko‘rmisham,
Axyonida hamxonakim, zardobu ob ko‘rmisham,
Tarki dunyo aylagan kim, kimki jamshid aylamish,
Ruhni sayoq ko‘rdim hanuz, qon deb sharob ko‘rmisham.
Kuydi jonim netay endi ul pari visolida,
Hijronig‘a ketay endi ki majnun misolida.
Ko‘zlarimni oldi yolqin ul go‘zal siymosida
Qoldi ko‘zimning qarosi yuzidagi holida.
Bul bahor oraz emas, garki navro‘z kelmasa.
Kelsa ham navro‘z emas, sayli sarxush bo‘lmasa.
Aylamang sayr, bog‘ emas, qayda bulbul sayramas,
Tong sahar navro‘z emas, axir ko‘ngul to‘lmasa.
Ro‘yo etib oftobnikim ey go‘zal qiz xush keldingiz,
Ruxsoriga uyoltirib hilolimiz xush keldingiz!
Anda yulduz ko‘zlaringiz ichra topmas o‘z aksini,
Aytadurkim: «Tun ko‘rmasin bu holimiz, xush keldingiz!»
Dedi: Ey yor, qalbing ichra ne sir pinhon?
Dedim: Senga muhabbatu ishqdin nishon.
Dedi: Totmoq ishq lazzatin oson bo‘lmas?
Dedim: Kimki chekmasa dard, oshiq o‘lmas.
Noma yozdim Onajonimga,
Sabolardan yo‘lladim, biroq,
Topolmadi borar manzilin
Yod ayladi uni bo‘z tuproq.