Umumiy tavsif
(1902, 1914, 1926, 1938, 1950, 1962, 1974, 1986, 1998, 2010, 2022)
Yo‘lbars – bu kuch, jasorat va ruhiy barqarorlik ramzi. Bu muchalda tug‘ilgan insonlar qatʼiyatli iroda va mustaqil xarakterlari bilan ajralib turadilar. Ular tabiatan isyonkor bo‘lib, hayotga o‘ziga xos, original qarashlarga ega. Yo‘lbarslar o‘tkir va chaqqon aql sohiblari bo‘lib, atrofdagilarga ularning aqli hech qachon tinim olmaydigandek tuyuladi.
Yo‘lbars muchalida tug‘ilganlar yangicha g‘oyalar bilan chiqishda faoldirlar, entuziazmga to‘la va o‘zlarining buyuk rejalarini amalga oshirishga intiladilar. Biroq, shiddatkor va tezkor Yo‘lbarslar shunday tezlikda o‘z loyihalariga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotib qo‘yishlari ham mumkin. Ular ko‘pincha tezkorlik bilan ish tutganlari sababli baʼzan noto‘g‘ri harakatlari uchun afsuslanadilar. Shu bilan birga, Yo‘lbarslar juda omadli insonlardir. Buning natijasida ularning yengiltakligi ko‘pincha jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi. Ammo o‘zboshimchalik va chuqur o‘ylanmagan qarorlar ularni jar yoqasiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, Yo‘lbars muchali vakillari o‘ylanib ish tutish va tajribali insonlarning yaxshi maslahatlariga quloq solish orqali muvaffaqiyatga erishishlari mumkin.
Yo‘lbars muchalidagi insonlar uchun ularning shaʼni va obro‘si ustuvor ahamiyatga ega. Bu insonlar yaxshi taassurot qoldirishni juda yaxshi biladilar va bu qobiliyatdan samarali foydalanadilar, chunki ular odamlar orasida mashhur bo‘lishni istaydilar. Yo‘lbarslar bu maqsadda jozibali tashqi ko‘rinishlari va muloyim «mushuklarga xos» odoblarini ishga soladilar. Shu bilan birga, Yo‘lbarslar ochiq va o‘ta haqgo‘y insonlardir, lekin baʼzida ortiqcha to‘g‘ri yuzga gapiradigan bo‘lishlari mumkin. Yo‘lbarslar ularga bosim o‘tkazishlarini yoqtirishmaydi va o‘z fikrlarini oxirigacha himoya qiladilar, hatto bu holat mojaroga olib kelsa ham. Yo‘lbarslar tabaqalanish, yuqori hokimiyat va konservativ yondashuvlarni yoqtirmaydilar. Ular hech kimga bo‘ysunishmaydi, ammo o‘zlarining maftunkorligi va betakror jozibalari bilan atrofdagilarni o‘zlariga qaratib, ularning itoat qilishga majbur qiladilar. Shuning uchun ham bu insonlar rahbarlik qilishni yaxshi ko‘radilar.


Yo‘lbarslar o‘zlarining prinsipial buyuk g‘oyalarini himoya qilishda o‘zlarini qurbon qilishga ham tayyor bo‘ladilar. Biroq, kichik va ahamiyatsiz ishlarga kelganda, ular o‘ta egoist bo‘lib qolishadi. Shunga qaramay, har qanday vaziyatda ham Yo‘lbars burji vakillari hurmatga loyiqdirlar, hatto ularning ashaddiy dushmanlari ham ularga nisbatan hurmat saqlaydilar.
Faoliyat, joziba va ishtiyoq – Yo‘lbarslarga tabiatiga xos xislatlar. Yo‘lbarslarning o‘ziga ham bo‘ysunmas, shiddatli va to‘satdan qaror qabul qiladigan xarakterini boshqarish qiyin kechadi, ayniqsa, muhabbat masalasida: ularning bostirib borishi, bosim o‘tkazishi va hissiyotlarga berilishi ko‘pincha tanlagan yorini qo‘rqitib qo‘yadi. Biroq, Yo‘lbarslarning oilaviy hayoti doimo sermazmun, hayratlanarli, chuqur va samimiy his-tuyg‘ularga to‘la bo‘ladi.
Yo‘lbarslar raqobatni juda yaxshi ko‘radilar, ammo faqat adolatli raqobatni. Ularni qiziqtiradigan, tasavvur kuchini ishga soladigan ishlarga havas bilan yondoshadilar, hatto bu ishlar maʼlum bir xavf bilan bog‘liq bo‘lsa ham. Yo‘lbarslar sarguzashtlarni shunchalik yaxshi ko‘radilarki, baʼzan bu aqlga sig‘mas darajaga yetib boradi. Xatarli, tavakkalchilik bo‘lmagan har qanday faoliyat Yo‘lbarslar uchun qiziqarli emas. Hayot ular uchun nomaʼlum bir sarguzasht, ularning g‘oyalarining ko‘p qismi noodatiy, o‘zlariga chin yurakdan ishonadilar. Ular maksimalizmga moyil va ko‘pincha borini tavakkalga tikadilar. Bu muchalda tug‘ilgan insonlarda yaxshi daromad topish isteʼdodi bor, ammo mablag‘larni aql bilan, foydali va samarali sarflash hamma vaqt ham ularning qo‘lidan kelavermaydi.
Tabiatan lider bo‘lgan Yo‘lbarslar har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishlari mumkin. Ular uchun eng katta qoniqish – barcha yutuqlarini hech kimning yordamiga muhtoj bo‘lmay, o‘z kuchi bilan qo‘lga kiritganlik fikridir. Eng muvaffaqiyatli Yo‘lbarslar davlat boshqaruvchilari, harbiy qo‘mondonlar yoki yirik korxonalar rahbarlari bo‘lishadi. Ilm-fan va sanʼat sohalari ular uchun ikkinchi darajali mavqega ega. Yo‘lbarslarga adrenalin juda zarur, shuning uchun ular ko‘pincha ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanadilar yoki xavfli kasblarni tanlaydilar.
Yo‘lbarslar umumiy olganda, hissiyotli, mulohazali, shunigdek, kuchli, jasur va olijanob insonlardir. Ular, qo‘llaridagi oliyjanoblik shamshirini har tomonga siltab ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadilar, ammo bularning barchasi samimiy va pok niyatlardan kelib chiqadi. Ularning olov qalbi hatto insoniyat kelajagini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Yo‘lbars va boshqa muchallar munosabatlari
Yo‘lbarsning Tovuq va Ajdar (Baliq) muchallari bilan umumiy qiziqishlari mavjud, bu uchalasi sharq taqvimlaridagi eng takabbur uchlik hisoblanadi. Ularning har uchalasida ham o‘zini yuqori baholash (egoizm) haddan tashqari rivojlangan, va bu ularni yaqinlashtiradi.
Yo‘lbars tinim bilmas Ot muchali bilan juda yaxshi chiqishadi. Ot unga kengroq muloqot doirasini topishga yordam beradi, shuningdek, ikkalasi mehnatga bo‘lgan shijoati bilan bir biriga o‘xshab ketishadi.
Yo‘lbarsning munosabatlari Ilon va Sigir muchallari bilan sira kelishmaydi. Ularning tuproq unsuriga hos qadriyatlari Yo‘lbarsning ishtiyoqini so‘ndirib, orzularini shamoldek to‘zitib yuboradi, Yo‘lbars esa bu munosabatga aslo ko‘nika olmaydi.
Muhabbat borasida Yo‘lbars uchun eng yaxshi juftlik It yoki Ot bo‘ladi, shuningdek To‘ng‘iz muchali bilan ham o‘zaro bir birini yaxshi tushunishlari mumkin.