Umumiy tavsif
(1906, 1918, 1930, 1942, 1954, 1966, 1978, 1990, 2002, 2014, 2026)
Ot muchaliga mansub insonlar – juda mashhur shaxslardir. Ular diqqatli, quvnoq tabiatli, aqlli va moliyaviy savodxonligi yetarli. Lekin baʼzan haddan tashqari ko‘p gapirishlari mumkin. Agar Ot bilan uzoq vaqt gaplashmasangiz, ular o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin, chunki sukunat ular uchun eng og‘ir azobdir.
Ot muchaliga mansub insonlar – qiziqqonlik va jozibadorlik timsoli bo‘lib, maftunkor, boshqalarga nisbatan eʼtiborli, yordamga oshiquvchi, do‘stona xislatlari bilan ajralib turadilar. Biroq, baʼzan ularda egotsentrizm va qaysarlik jihatlari ham mavjud bo‘ladi.
Ot muchaliga mansub insonlar jonli xarakterga ega. Ular eʼtibor markazida bo‘lishni, bahslashishni va turli munozaralarda qatnashishni juda yaxshi ko‘radilar. Ularning nutqi jozibali, aqlli va isteʼdodli bo‘ladi. Insonlarni Ot muchali vakillaridagi halollik, to‘g‘risini gapirish, yaxshi shakllangan hazil tuyg‘usi o‘ziga jalb qiladi. Ular qiziqqon va saxiy insonlar, lekin qalban tushkun, pessimist bo‘lganliklari uchun ko‘pincha ular qo‘llab-quvvatlovchi insonlarga ehtiyoj sezadilar. Tashqi ko‘rinishdan o‘zlariga ishonganday ko‘rinsalarda, ich-ichidan o‘zlariga ishonmaydilar, tayanch qidirib, boshqalardan yordam kutadilar. Bir marta Otning g‘azabiga duchor bo‘lganlar ular bilan ehtiyot bo‘lib munosabatda bo‘lishadi. O‘larining jo‘shqin, qizg‘in tabiati sababli shunday ishlarni qilib, shunday gaplarni gapirib qo‘yishadiki, oqibatda afsuslanib, kechirim so‘rashga to‘g‘ri keladi.
Otlar faol va sabrsiz bo‘ladilar. Ular maqsad sari tez harakat qilishadi, ammo shu bilan birga yo‘nalishni tez-tez o‘zgartirib turishadi. Ularning qalbida shaxsiy hayotda ham, kasbiy sohada ham omadsizlikka uchrashdan qo‘rquv hissi yashirinib yotadi. Hatto eng kichik muammo va tashvishlarni ham katta fojia sifatida qabul qilishadi.
Ot muchalida tug‘ilgan insonlar yaxshi jismoniy tana tuzilishga ega bo‘lib, zo‘r did bilan kiyinishadi. Ular maqtovlarni yaxshi ko‘rishadi, chunki o‘zlariga o‘ta ishongan insondek ko‘rinsalar ham, ular o‘z fazilatlarini tasdiqlab turishlariga muhtoj. Otlar boshqalarni maqtashni ham ustalik bilan uddalashadi, insonlar jamiyatida bo‘lishni juda yaxshi ko‘rishadi. Shuning uchun ham ular konsertlarga, teatrlarga, sport musobaqalariga borishni yoqtirishadi. Ko‘plab Ot muchalida tug‘ilgan insonlarning ko‘pchiligi sport bilan shug‘ullanishadi.


Ot muchalida tug‘ilgan insonlar o‘ta tezkor va qatʼiyatli aqlga ega bo‘lib, ularda maʼlumotlarni juda tez o‘zlashtirish va eslab qolish qobiliyati mavjud. Ularning qiziqishlari juda xilma-xil bo‘lganligi sababli bir vaqtning o‘zida bir nechta loyihalarda ishtirok etishadi. Shuning uchun, hatto eng chidamli Otlarning ham barcha ishlarga kuchi va vaqti yetmasligi ajablanarli emas.
Otlarning qoni qaynoq, ehtirosli, his-tuyg‘ular ummoniga sho‘ng‘ishga tayyor turishadi. Ular o‘zlarining zaif tomonlarini yashirish yoki nazorat qilish haqida o‘ylamaydilar, agar Ot sevib qolsa, u o‘z sevgilisidan boshqa hech narsani uning ko‘ziga ko‘rinmaydi. O‘z juftiga, hamkoriga nisbatan eʼtiborli va g‘amxo‘r munosabatda bo‘lishlariga qaramay, bu muchalda tug‘ilganlar maʼlum darajada mustaqil bo‘lib qolishga intiladilar.
Otlar o‘zlarining moddiy taʼminoti haqida ko‘p qayg‘uradilar, lekin bu borada ko‘p bezovta bo‘lishlariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bu muchal vakillari moliyaviy masalalarni muvaffaqiyatli boshqaradilar, odatda pullari yetarli bo‘ladi. Ular yangi yurtlarda bo‘lishni, sayohat qilishni va turli hududlarni kezib yurishni yoqtiradilar. Otlar uchun tashqi ko‘rinish katta ahamiyatga ega.
Bu muchal vakillarining yoqimli va quvnoq tabiati, atrofdagi odamlar orasidagi mashhurligi ularning mehnatsevarligi va maqsad yo‘lidagi qatʼiyati bilan uyg‘unlashib ketgan. Yaqqol sezilib turadigan liderlik qobiliyati sababli ular erkin faoliyat qilish, turli odamlar bilan faol muloqot qilish mumkin bo‘lgan sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishadilar.
Ot muchalida tug‘ilgan insonlar juda tez muloqotga kirishishlari ularning kasb tanlashlariga ham taʼsir qiladi. Ular o‘zlarining energiyasi va ijobiy kayfiyati tufayli mijozlar bilan ishlashda, tashkilotchilik faoliyatida va oratorlikda tengi yo‘q bo‘lishadi. Otlar katta intilishlarsiz ham muvaffaqiyatli karyera qilishlari mumkin, turli sohalarda, jumladan nufuzli doiralarda ham ko‘plab tanishlarga ega bo‘ladilar.

Ot va boshqa muchallar munosabatlari
Bunday o‘jar, o‘zboshimcha va erkin bo‘lgan Ot uchun Yo‘lbars, shubhasiz, doimiy poygada eng yaxshi sherik bo‘ladi. Ikkalasi ham yovvoyi ruhli, hech kimdan qo‘rqmaydigan shaxslardir. Yo‘lbars bilan Ot ajoyib biznes yuritishi, hayajonli sarguzashtlarga berilishi va eng muhimi, har doim uning ishonchidan foydalanishi mumkin.
Ot va Qo‘y o‘rtasida o‘zaro simpatiya mavjud, chunki ular bir-biriga mutlaqo zid bo‘lgan shaxslar bo‘lib, ikkisi bir biriga intilib turishadi. Ular o‘rtasidagi munosabatlar juda samarali bo‘ladi, ularning ko‘plab umumiy qiziqishlari bor.
It bilan ham barqaror va mustahkam aloqalar, shuningdek, qalb yaqinligi bo‘lishi mumkin.
Ot va Ilon o‘rtasida doimiy mojarolar bo‘lib turadi, chunki Ilon o‘zining qora maqsadlarini amalga oshirishda Otning sabrsizligidan foydalanishni yaxshi biladi.
Ot va Maymun o‘rtasida yaxshi munosabatlar o‘rnatilishi ham amri mahol. Boshida ular bir-birlaridan o‘ta faxrlanishadi, ammo keyinroq bu ular uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi.
Ot va To‘ng‘iz o‘rtasida Otning o‘jarligi va qaysarligi tufayli muvaffaqiyatli uyg‘unlik bo‘lmaydi.