Umumiy tavsif
(1910, 1922, 1934, 1946, 1958, 1970, 1982, 1994, 2006, 2018, 2030, 2042)
It muchalida tug‘ilganlar — g‘amxo‘rlik va sadoqat ramzi ostida dunyoga kelgan insonlardir. Bu muchal vakillari doimo hushyor, sergak, vaqtini behuda sarflamaydigan va masʼuliyatni yuksak qadrlaydigan tabiatga ega.
It muchalidagilar insoniy fazilatlarning eng yuksaklarini o‘zida mujassam etgan: ular sodiq, olijanob, samimiy, halol va kechirimli. Ular adolatsizlikka toqat qilolmaydilar, har doim haqiqatni ochiq aytadilar va niyatlarini yashirishmaydi.
Bu yillarda tug‘ilgan odamlar muttahamlikdan yiroq bo‘lib, ehtiyojmandlarga yordam berishga doim tayyor turadilar. Ular maslahat berishi ham mumkin, ammo hech qachon uni majburlab tiqishtirmaydilar — faqat so‘ralgana maslahat berishadi holos. Umuman olganda, It muchalidagilar do‘stona, ochiqqo‘l va xushmuomala bo‘ladilar, biroq juda to‘g‘riso‘z va baʼzan o‘ta o‘jar bo‘lishlari ham mumkin. Shu bilan birga, ular so‘zi, niyati va qilmishi uchun javob bera oladigan mustahkam xarakter egalari. Suhbatdoshining fikrini tinglashga, uning qarashlarini inobatga olishga harakat qiladilar va doimo adolatli bo‘lishni istaydilar.
It yilida tug‘ilganlar butun umr izlanishda yuradilar va o‘zlariga tinchlik bermaydilar. Hatto barcha ishlari yaxshi ketib turganida ham, ular doimo bezovtalanib: hammasi bajarilganmi, nimadir qolib ketmadi, yana nimanidir yaxshilash mumkinmi - deb o‘ylab yuradilar. Ular doimo aybdorlik hissi va qondirilmagan istaklari bilan kurashib yashaydilar. It muchalidagilar doim shoshilishadi, baʼzan kech qolishadi, uyqusizlikka moyil bo‘ladilar va hatto arzimagan narsalarga ham xavotirlanib o‘ziga azob beradilar. Ko‘p odam to‘planadigan joylar, katta guruhlar ularga yoqmaydi. Bunday kamgap kishilar sokin, kamtarona muhitni afzal ko‘radilar. Biroq jamoada bo‘lganda, It muchali vakillari o‘zini aʼlo darajadagi suhbatdosh sifatida ko‘rsata oladi: ko‘plab qiziqarli voqealar, kulgili hikoyalar aytib beradi. Uning o‘tkir sezgisi kim bilan ish tutayotganini juda tez anglashga yordam beradi.


It muchalida tug‘ilganlarning do‘stlari ko‘p bo‘ladi, ularga nisbatan chuqur, samimiy sadoqat namoyon qiladilar. Ammo bunday inson bilan yonma-yon yashash oson emas: uning atrofdagilarga bo‘lgan talablari juda baland, baʼzan juda betayin bo‘lib qolishi, kayfiyati tez-tez o‘zgarib turishi mumkin. Biroq It muchalidagilar hech qachon xiyonat qilmaydi va yaqinlarining ishonib topshirgan barcha sirlarini asrab-avaylaydilar. Shu bilan birga, ular yuragini ochib diydiyo qiladiganlarni xushlashmaydi, o‘zlari ham birovga yuragini ochmaydilar. Baʼzan It muchali vakillari bir oz o‘yinqaroqdek tuyulishi mumkin, ammo ular qadrli insonlariga doimo sodiq bo‘lib qoladilar. It muchali vakilining do‘sti bo‘lish - katta baxt.
Bu muchal vakillarining yana bir jihati - o‘ta o‘jarligi. Biroq ular o‘z maqsadlarini juda aniq anglaydilar. Odatda ular maʼlum bir yo‘nalishda, hatto juda tor sohadagi mutaxassislikka ega bo‘lishadi. Moddiy farovonlik ular uchun hayotning asosiy maqsadi emas, mol to‘plashga qiziqmaydilar. Shu bilan birga, ular juda sadoqatli, barqaror, mehnatkash va masʼuliyat hissi kuchli bo‘ladi. Har qanday ishda o‘z kuchiga tayanadigan insonlardir.
It muchalidagilar uchun shaxsiy hayot va muhabbat munosabatlari har doim biroz murakkab masaladir. Chunki bu yillarda tug‘ilgan insonlar doimo hamma narsa haqida qayg‘urib yurishadi. Shunga qaramay, oila qurish ularni birmuncha tinchlantiradi, qalbdagi iztirobni kamaytiradi va ruhiy barqarorlikka olib keladi.
It muchali vakillari sodiq va vafodor bo‘lishadi, xiyonat va nohaqlikni hech qachon kechirishmaydi. Agar ularga xiyonat qilinsa, boshqalarga ishonchi so‘nadi, atrofdagilar bilan munosabati keskin cheklanadi va ular uzoq vaqt yolg‘izlikda qolib ketishadi. It muchali vakillarining o‘z juftlariga bo‘lgan sadoqati nihoyatda kuchli. Ular bolalarini jon-dilidan sevadi, doimo g‘amxo‘rlik qiladi va ular bilan umumiy til topishish ular uchun muammo bo‘lmaydi.
It yilida tug‘ilganlarni mehnat jamoasi juda hurmat qiladi. Ularni hatto muhim va almashtirib bo‘lmaydigan xodim deb hisoblaydilar, chunki ularda masʼuliyat hissi kuchli, mehnatsevarlik, o‘z ishiga muhabbat va yaxshi tashkilotchilik qobiliyati mavjud. It muchalidagilar asosan aniq fanlar bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalarda yuqori natijalarga erishadilar. Ular huquq, taʼlim, siyosat va jamiyat ishlari, odamlar bilan doimiy munosabatlarni talab qiluvchi boshqa sohalarda ajoyib mutaxassis bo‘lib yetishadilar.
Umuman olganda, It muchalidagilar g‘amxo‘rligi va sadoqati bilan ajralib turadi, shu bilan birga doimo xavotir va asabiy tanglikda yashaydilar. Chunki ular har bir adolatsizlik holatini o‘tkazib yubormaslikka harakat qiladilar. Shunday vaziyatga tushganda, ular uni tuzatishga intiladi va maqsadlariga erishguncha orom olmaydilar.
Bu muchal vakillari boshqalarni tinglay oladi, chuqur aqlga va kamtarlikka egadir. Ko‘pincha ular hayotga nisbatan salbiy qarashga ega bo‘lib, undan katta umid qilmaslikka moyilroq bo‘lishadi.

It va boshqa muchallar munosabatlari
It muchali kuchli energiyaga ega Ot muchali bilan juda yaxshi til topishadi. Ot unga keng qamrovli muhitga kirishga yordam beradi. Ularni umumiy jihatlari, mehnatsevarlik, biznesga qiziqish va faol hayot tarzi yaqinlashtirib turadi. It va Ot muchallari vakillari ish jamoasida ham, oila qurganda ham barqaror va muvaffaqiyatli juftlik bo‘la oladilar.
It muchali vakillari Quyon muchali bilan ham yaqinlashishi mumkin — ular bir-birini qo‘llab-quvvatlab, ruhlantirib turadilar.
Yo‘lbars bilan It juda yaxshi kelishadi, bunday oilaviy juftlik baxtli va saodatli bo‘ladi.
Eng qiyin munosabatlar Ajdar bilan bo‘ladi. Ajdar bilan muloqot qilish Itdan katta sabr va kuch talab qiladi. It Ajdarning dono fikrlarini, qarashlarini inobatga olmaydi, deyarli hech bir masalada uni qo‘llab quvvatlamaydi, ular orasida tez-tez mojarolar kelib chiqadi.
Qo‘y muchali It bilan mutlaqo mos kelmaydi. It muchali vakillari intiladigan hayotiy qadriyatlar Qo‘yning xayoliy orzularini parchalab tashlaydi.
Itlar Maymun bilan ham osonlikcha til topisha olishmaydi. Ularning sifatlari, xarakteri va dunyoqarashi orasida juda katta farq bor.