O‘ziga jalb qiluvchi asosiy xususiyati: Quvnoq ishtiyoq, Entuziazm.
Sizning sodiqligingizga shubha yo‘q: siz avvalo o‘zingizga sodiqsiz.
Har bir Arslon burji vakilining o‘ziga xos qirolligi bor.
Bu qirollik katta yoki kichik bo‘lishi mumkin, kimdir uchun bu o‘z xonadoni, o‘z uyi, yana kimdir uchun esa suyukli insoni, kimgadir qandaydir ijodiy asar yoki o‘zining ish faoliyati, karyerasi. Qanday bo‘lmasin, siz bu qirollikning yagona, inkor etib bo‘lmas hukmdori hisoblanasiz. Arslonlarning o‘zlariga bo‘lgan yuksak ishonchlari ularni xuddi tog‘ cho‘qqisini o‘rab turgan bulutlar kabi doimo o‘rab turadi. Boshqalar o‘z maqsadiga erishguncha, Arslonlar mashhurlik cho‘qqisiga chiqib ulgurishadi. Sizning har bir harakatingizda dramatik isteʼdod aks etadi, butun hayotingiz esa teatr tomoshasiga o‘xshaydi.
Bu teatr sahnasida siz o‘z rolingizni qidirishingizga hojat yo‘q. Chunki siz bu rolni allaqachon aniqlab olgansiz. Siz – nigohingiz yetgan barcha narsaning hukmdorisiz.
Siz biror xonaga kirganingizda, ichingizda, yashirincha, barcha sizni tik turib, bir ovozda «O, xush kelibsiz!» deb kutib olishlarini xohlaysiz. Ziyofat va tadbirlarda siz tezda barchaning diqqat markaziga aylanasiz. Zukko, quvnoq, gapga ustaligi bilan tanilgan Arslon har qanday tadbirga jon kiritishga qodir tug‘ma shoumen. Siz xuddi quvvat bilan to‘yingan magnit kabi odamlarni temir parchalaridek o‘zingizga tortib olasiz.
Sizning quyosh burjingiz sizga dramatik aktyorlik qobiliyati va umumiy diqqatni o‘ziga jalb qilish mahoratlarini ato qilgan. Yorqin va ifodali shaxs bo‘lganingiz sababli, siz kundalik va zerikarli narsalarni yoqtirmaysiz. Har doim quvonchli hayajon izlaysiz, va uni hayotning o‘zi taqdim etmasa, hayajonli damlarni o‘zingiz yaratishga harakat qilasiz. Siz hamisha barcha ishlaringizni keng ko‘lamda amalga oshirish uchun tug‘ilgansiz.


Mehmonlarni o‘z qasringizga (siz uyingizni qasrdek, shoxlar saroyidek ko‘rasiz) taklif qilganingizda, ularni haqiqiy shohona tarzda mehmon qilasiz. Siz aʼlo darajadagi mehmondo‘st mezbonsiz.
Kimdir ikkinchi darajali o‘ljani qabul qilishi mumkindir, ammo bu Arslon uchun mutlaqo mos kelmaydi. Yulduzlar burjlarining eng hukmdor belgisi ostida tug‘ilgan Arslon uchun baʼzi narsalar "haddan tashqari yaxshi" bo‘lishi mumkin ham emas. Hashamat unga havodek zarur. U go‘zal hayotdan bahra olishga shunchalik tayyorki, uning narxi haqida o‘ylab o‘tirmaydi. Arslonlar odatda savdolashishmaydi: ular biror narsani xohladilarmi, unga ega bo‘lishlari shart.
Siz uchun o‘z obro‘ingiz juda muhim. Arslon burji ayoli o‘z bank hisobida bir necha so‘m qolgan bo‘lsa ham, hashamatli yangi libos sotib olish uchun mablag‘ topadi. Arslon burji erkak esa kredit kartasida katta qarzi bo‘lsa ham, shaharning eng yaxshi restoranidan joy band qilishi mumkin. Arslon burji vakillari burjlar ichidagi eng serxarajat, serchiqim inson bo‘lishadi (ulardan keyin Tarozi burji vakillari turishadi).
Saxovatli, mehribon va oliyjanob bo‘lganingiz uchunmi, siz boshqa insonlarning yomon niyati ham bo‘lishiga ishonishingiz qiyin. Agar sizni ranjitishsa, tezda tegishli javob qaytarasiz, lekin shu bilan birga osonlik bilan kechirib ham qo‘yishingiz mumkin, siz gina saqlamaysiz. Siz sevishni, quvonishni va hayotdan chin maʼnoda bahra olishni bilasiz. Sizni Quyosh boshqaradi, shuning uchun ham siz doimo boshqalar hayotiga biroz nur kiritishga intilasiz. Bu, shubhasiz, sizning eng jozibali fazilatlaringizdan biridir. Siz ko‘p jihatdan xuddi Quyoshga o‘xshaysiz: hayotni jonlantirasiz, tuganmas quvvat va magnitdek o‘ziga tortish kuchiga egasiz. Munajjimlar Arslon burjini mangu bolalik deb atashadi: siz har bir ondan zavq olib yashaysiz, hech qanday shart qo‘ymasdan o‘zgalarga o‘z mehringizni, muruvvatingizni taqdim etasiz.
Arslon burjida tug‘ilgan insondan ko‘ra yaxshiroq do‘stni orzu qilib bo‘lmaydi. Agar siz unga to‘g‘ri yondashsangiz (masalan, maqtasangiz), u siz uchun deyarli hamma narsani qilishga tayyor bo‘ladi, lekin buning evaziga sizdan maqtov, yuqori baho va hurmat kutadi. G‘ururingiz – sizning eng nozik xislatingiz. Sizning “men” tushunchangiz hurmat emas, balki taʼzim qilishni talab qiladi, maqtov emas emas, balki olqish va maftunkorlik istaydi. Haddan tashqari maqtov eshitganda, uning samimiyligiga hech qachon shubha qilmaysiz.
Faqat o‘zingizni o‘ylashingizga qaramay, sizga o‘zingizdan biror bir narsa berish imkoni bo‘lgan insonlar kerak – hatto faqat ularning sizga nisbatan ozgina eʼtirofini olish uchun bo‘lsa ham. Biroq, bundan ko‘pincha sizning o‘zingizga bo‘lgan muhabbatingiz aziyat chekadi, chunki boshqalardan o‘zingizga maqtov so‘rab olishga g‘ururingiz yo‘l qo‘ymaydi. Sizning siringiz shundaki, siz doimo kimgadir kerak bo‘lishingiz shart.
Biznesda siz rahbarsiz. Hokimiyatga intiladigan yana bir burj – bu Tog‘ echkisi burji vakillari, lekin ular mansab zinapoyasidan bosqichma-bosqich, sabr-toqat bilan ko‘tariladilar. Arslonlar esa o‘zlarini faqat yuqori lavozim uchun tug‘ilgan deb hisoblashadi. Sizning professional faoliyatingizda namoyon bo‘ladigan juda foydali fazilatlardan biri - bu har doim foydali insonlar bilan oson tanishish qobiliyati, ichki sezgisi.
Siz uchun norasmiy muloqotning afzalligi kunday ravshan, sizning jamoa bilan birga ishlashingiz yakka bir o‘zingiz ishlashingizdan ko‘ra samaraliroq. Siz buyruqlarni eshitishdan ko‘ra buyruq berishga moyilsiz, ammo bunga shunchalik samimiyat va ishtiyoq bilan yondashasizki, boshqalar sizga mamnuniyat bilan bo‘ysunadilar.
Siz mehnatsevar insonsiz, hech qachon boshqalardan o‘zingiz qilolmaydigan narsani talab qilmaysiz. Siz qiyin vazifalardan qochmaysiz va qarshiliklardan, kurashlardan qo‘rqmaysiz. Hatto qo‘rquvni yengib, kerakli ishni amalga oshirasiz, aks holda o‘zingizga bo‘lgan hurmatingiz pasayib ketadi. Siz o‘z qadringizni sevasiz, ammo shafqatsiz emassiz. Sizga kerak bo‘lgan narsa – bu hammaning eʼtibori.
Sizning ajoyib xususiyatlaringizdan biri – siz ahmoqona qoidalarga bo‘ysunishdan bosh tortishingiz.
Hayotdagi bir xillik sizni tezda zeriktirib qo‘yadi va siz o‘zingizni juda ham baxtsiz his qilasiz. Biroq bu azoblar uzoq davom etmaydi, chunki siz shunchaki ularga bardosh berishdan mutlaqo bosh tortasiz. Siz omadga qatʼiy ishonasiz va tezda tushkunlikdan chiqib ketasiz.
Arslon burji vakillarini yoqtirmaslik qiyin masala (garchi imkoni bo‘lsa ham). Ha, baʼzan siz ortiqcha o‘zidan faxrlanuvchi, o‘ziga ortiqcha ishongan inson kabi ko‘rinasiz. Ha, siz maslahat berishni, odamlarga qanday yashash o‘rgatishni yaxshi ko‘rasiz. Lekin, burjingiz Arslon kabi, baʼzan bekorchi va dangasa bo‘lishingiz ham mumkin. Siz mashhurlik nurlari ostida muloyim erkalanishni yoqtirasiz. Sizdagi iliqlik, samimiyat va quvnoq tabiat ko‘pchilikning ko‘nglini eritadi, bunday xislatlar oldida jim turish juda ham qiyin. Arslonlarsiz dunyo ancha zerikarli bo‘lar edi.