O‘ziga jalb qiluvchi asosiy xususiyati: Hamdardlik
Agar yulduzlar zanjirining birinchi burji – Qo‘y, yangi boshlanish ramzi bo‘lsa, o‘n ikkinchi va oxirgi burj – Baliqlar, davrning yakunini ifodalaydi va abadiyat, qayta tug‘ilish, maʼnaviy yangilanishni anglatadi. Ko‘pgina munajjimlar Baliq burjini ruhiy dunyo bilan bog‘liqlik ramzi deb bilishadi va bu burj ostida tug‘ilganlarni «eski qalb egalari» deb atashadi, ularning fikricha, siz o‘tmishda ko‘plab hayotlarni boshdan kechirgansiz.
Baliq burji vakillarida qandaydir g‘ayritabiiylik mavjud. Afsonalarda tilida bunday inson «yarim tana-yarim ruh» sifatida tasvirlanadi, siz moddiy hayot bilan ruhiy dunyo o‘rtasida ikkilanib yashaysiz. Sizning ongingizni doimo bir fikr bezovta qiladi: bu real dunyoda o‘zingizni hech qachon bemalol his qilmasligingiz.
Siz suv unsuriga tegishli bo‘lgan Qisqichbaqa va Chayon burjlari kabi inson ruhiyatining tubigacha kirib borish qobiliyatiga egasiz. Nozik va sezgir bo‘lganingiz uchun sizga oldindan ko‘ra olish isteʼdodi berilgan, va hatto okkultist, ekstrasens yoki spiritualist bo‘lishingiz mumkin. Astral kuchlar bilan bog‘liqligingiz tufayli, siz avval his qilasiz, keyin tushunib yetasiz. Sezgilaringiz deyarli hech qachon adashmaydi. Agar siz nimanidir his qilsangiz, bu holatga boshqalar eʼtibor berishlari to‘g‘ri bo‘lardi. Bu avvaldan sezish qobiliyatingiz ko‘p jihatdan ayrim narsalarni qalbingiz bilan his qilishingiz, keyin his qilgan narsangizni aqliy yondashuv orqali tushuntirishingiz bilan bog‘liq.
Siz Neptun – sirlar va illyuziyalar sayyorasining himoyasi ostidasiz. Bu sizga yashirin, o‘ta nozik va o‘zgaruvchan xarakter baxsh etadi. Sizning unsuringiz suv bo‘lgani bois, sizni dengizga o‘xshatish orqali atrofingizdagi doim o‘zgarib turuvchi oqimlarga qanday oson moslasha olishingizni tushunib olish mumkin. Siz boshqa burj vakillariga nisbatan ko‘proq atrofingizdagi muhit va odamlarning taʼsiriga tez tushib qolasiz. Siz dunyoni boshqalarning ko‘zi bilan ko‘ra olish, ularning muammolari, quvonchlari va qayg‘ularini o‘zingiznikidek his qilish qobiliyatiga egasiz. Siz hamma narsaga hamdardlik his qilasiz, yordamga muhtoj har qanday jonzot, o‘simlik yoki qiyinchilikka tushib qolgan do‘stingizni siz albatta qo‘llab quvvatlaysiz, yordam berasiz. Baʼzida siz aynan o‘zingiz muhtoj bo‘lgan kuch va ruhiy himoyani o‘zgalarga berishga harakat qilasiz.


Siz ajoyib sezgi va insonlarni tushunish qobiliyatiga egasiz. Biroq, bu o‘ta sezgirlik sizning eng nozik joyingiz bo‘lishi mumkin. Siz juda taʼsirchansiz, har qanday oniy taʼsirlarga qaram bo‘lib qolasiz, boshqalarning mayus hikoyalari yoki yordam so‘rab qilgan murojaatlarini qalbingizga juda yaqin olasiz. “Yo‘q” deyishni o‘rganish hayotingizning eng katta vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin, lekin siz bu vazifani uddasidan chiqishingiz qiyin bo‘ladi.
Qadimgi davrlarda munajjimlar Baliqlarni qayg‘udan o‘z o‘zini xarob qiluvchi insonlar sifatida taʼriflashgan. Siz osonlikcha o‘zingizning mag‘lubiyatingizga o‘zingiz sababchi bo‘lib qolishingiz mumkin. Amaliy bo‘lmaslik, boshqalar sizdan osongina foydalanishlari siz uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, siz osongina yomon muhitga tushib qolishga moyilsiz. Baliqlarda o‘zlari uchun yoqimsiz voqealardan yoki vaziyatlardan qochishga o‘rganib qolishgan, oqibatda, bu ko‘pincha ularni yomon odatlarga o‘rganib qolishga olib keladi. Baʼzi vaqtlarda hayotingizda shunchalik ko‘p tashvishlar, ruhiy og‘riqlar paydo bo‘ladiki, siz ulardan qochish uchun hech narsani o‘ylamay u yoqdan bu yoqqa sakrab yurishingiz mumkin.
Sizning ramzingiz — ikki qarama-qarshi yo‘nalishda suzayotgan, bir-biriga bog‘langan baliqlar — hissiyotlar va kuchli istaklar o‘rtasidagi ichki doimiy kurashni ifodalaydi. Ular sizni bir vaqtning o‘zida ham yuqoriga, ham pastga tortib turishadi. Siz barqarorlikka, maqsadga intilishga, muvozanatga erishish uchun katta kuch sarflashingiz kerak bo‘ladi, chunki aynan shu sifatlar dangasalik, loqaydlik va ruhiy chalkashlikni yengish uchun kerak bo‘ladi. Siz o‘zingizning ijobiy obrazingizni shakllantirishingiz, ichki kuchingizni rivojlantirishingiz va masʼuliyatingizni oshirishingiz kerak. O‘zingizning noaniqligingiz va o‘z-o‘zingizni yo‘q qilishga moyilligingiz qurboni bo‘lishingizga yo‘l qo‘ymang. Bu hayotda siz o‘z o‘zingizni yaratishni, shakllantirishni o‘rganishingiz o‘ta zarur.
Bu sizda ichki kuch yo‘qligini anglatmaydi. Aksincha, siz muhim ish yoki ideallikka xizmat qilish yo‘lida katta qurbonliklar qilish va sadoqatli mehnat qilish qobiliyatiga egasiz. Siz qiziquvchan bo‘lib, g‘ayrioddiy va sirli narsalarni tadqiq qilishni yaxshi ko‘rasiz. Gohida amaliy bo‘lmaslik va hatto dangasalikka moyil bo‘lsangiz ham, yuragingizdan joy olgan loyiha muvaffaqiyati uchun tog‘larni ko‘chirishga qodirsiz. Muammo shundaki, boshqalar manfaati uchun o‘zingizni ayamay ishlashga tayyor bo‘lgan holda, o‘zingizga nisbatan talabchan va intizomli bo‘la olmaysiz. Baliq burji vakillari orasida o‘tkir raqobatga chidamli, qaynoq va shiddatli biznes dunyosida o‘z o‘rnini topa olganlar juda kam uchraydi. Baliqlar shoirlar va xayolparastlarning sirli dunyosiga rahbarlik qilishadi, Baliq burji ostida tug‘ilgan insonlar ko‘proq yozuvchi, musiqachi yoki rassom sifatida muvaffaqiyat qozonishi ehtimoli yuqori. Siz fantaziyalarga asoslangan noyob tasavvurlarga ega insonsiz, tasavvuringizdagi o‘ziga xos olamlarni yaratishga intilasiz. Fantaziyalaringizni amalga oshirishga bor kuchingizni sarflashni boshlasangiz, siz butun burjlar ichidagi eng yaxshi ijodkorga aylanasiz. Mashhur ijodkor Baliqlar qatoridan Pyer-Ogyust Renuar, Frederik Shopen, Enriko Karuzo, Vaslav Nijinskiy, Rudolf Nureyev, Elizabet Barrett Brauning va Edna Sent-Vinsent Milley kabi mashhurlar o‘rin olishgan.
Sizdagi hamdardlik va boshqalarni tushunish hissi yorqin badiiy tasavvur bilan uyg‘unlashib, hayotni siz bilan baham ko‘radigan odamlarga katta kuch bag‘ishlaydi. Siz yetakchi bo‘lishingiz uchun yetarlicha kuchingiz yo‘qdek tuyulishi mumkin, ammo aslida siz ko‘plab insonlar uchun allaqachon murabbiy, yo‘lboshchi va o‘rnak bo‘lib xizmat qilasiz. Sizning nafosatingiz odamlarni maftun etadi, hazillaringiz hammaning yuzida tabassum uyg‘otadi. Shunga qaramay, o‘zingizga bo‘lgan ishonchsizlik sababli ko‘proq yolg‘iz ishlashni afzal ko‘rasiz.
Siz ichki hissiyot orqali hayotda eng oson yechimlarni topishni bilasiz, odatda eng kam to‘siqlar bo‘lgan yo‘llarni tanlaysiz. Shuning uchun bu burjdagi ko‘plab iqtidorli, kuchli va maftunkor insonlar o‘z isteʼdodlariga mos bo‘lgan darajaga, maqomga yetisholmay bir chetda qolib ketishadi.
Siz — g‘ayrioddiy insonsiz, sezgirligingiz va ongli yondashuvingiz nafosat ahlini o‘ziga jalb etadi. Siz katta intellektual yutuqlarga erishishingiz mumkin. Sizning sirli, maftunkor va o‘ziga rom etuvchi shaxsiyatingiz dramatik hissiyotlar bilan uyg‘unlikda yana-da yuksalib turadi.
Siz sodiq, saxovatli va fidoyi do‘stsiz, qiyinchilikka uchragan har qanday insonga yordam berishga doimo tayyor turasiz. Siz o‘zingizga xos bo‘lgan “sehrli” usuldan foydalanishingiz haqida ishonch bilan aytish mumkin: har qanday voqea va vaziyatning eng yaxshi tomonlariga katta eʼtibor qaratib, cheklovlar yoki kamchiliklardan yuz o‘girasiz. Bu bilan siz boshqalarni ham xuddi shunday yashashga undaysiz. Siz insonlarning ichki fazilatlarini yuqori baholaysiz, ularning tashqi, yuzaki xislatlariga eʼtibor bermaysiz. Sizni faqatgina insonning ichki mohiyati qiziqtiradi. Butun burjlar orasida sizchalik chuqur his qiluvchi, g‘amxo‘r, yaxshi va sodiq do‘st yo‘q.