O‘ziga jalb qiluvchi asosiy xususiyati: Optimizm
Sizga Yupiter, yaʼni Zuhro – omad sayyorasi hukmronlik qiladi, hayotingiz yengillik bilan kechadi. Siz omad tanlab olgan insonsiz, siz har doim kerakli vaqtda kerakli joyda bo‘lasiz. Munajjimlar taʼkidlashicha, sizda kelajakni ko‘ra olish qobiliyati bor va omad sizga doim kulib boqadi. Ish va moliyaviy sohada, mehnat va do‘stlik munosabatlarida barcha eshiklar sizga zarur bo‘lishi bilan lang ochiladi.
Buning natijasida shiddatli faoliyatga sozlangan quvnoq xarakter shakllanadi. Har bir insonda bo‘lgani kabi, sizda ham tushkun daqiqalar bo‘lishi mumkin, ammo ular bulutlar kabi tez tarqalib ketadi. Siz ertangi kunning voqealari ko‘proq qiziqtirgani bois, bugungi omadsizliklardan uzoq tushkunlikka tushmaysiz. Siz har doim keyingi chorrahada sizni moʻjizalar kutayotganiga ishonasiz.
O‘qotar burjida oluv unsuriga tegishli kuchli ishtiyoq, tinib tinchimas moslashuvchanlik va Yupiterning quvnoq taʼsiri uyg‘unlashgan. Bu xususiyatlar uyg‘unligi hech qanday chegarada tutib bo‘lmaydigan serharakat shaxsiyatni yaratadi. Mustaqillik – siz uchun yo‘l ko‘rsatuvchi yulduz. Siz ilg‘or fikrli, hayotni ardoqlovchi tinib tinchimas ruhiyatga ega, erkin sarguzasht izlovchi, yangi g‘oyalarni yoqtiruvchi, joyini o‘zgartirishga ishqiboz insonsiz. Sizning qalbingizda sayohatlarga bo‘lgan surunkali ishtiyoq mavjud va siz bu ishtiyoqdan davolanishni istamaysiz. Sizningcha, “boshqa joyda xo‘roz boshqacha qichqiradi”. Shuning uchun ham sizning serharakat, qiziquvchan tabiatingiz turli sarguzashtlar, hayratli voqealar va noodatiy hodisalarni talab qilib turadi. O‘qotar burjiga qarama qarshi turgan Egizaklar burji vakillari kabi siz ham bilimga chanqoqsiz. Ammo Egizaklar uchun yangi g‘oya bilan tanishishning o‘zi yetarli bo‘lsa, O‘qotar bu g‘oyaning tagiga yetib, uning izidan borishga tayyor turadi. Yulduzlar burjida O‘qotar donolik izlashni anglatadi, u – faylasuflar va tadqiqotchilar burjidir.


O‘qotarni his-tuyg‘ular bilan bog‘lab qo‘yish qiyin. U ehtiroslarning chalkash kalavasiga o‘ralashib qolishni istamaydi. Uning borishga arziydigan joylari bor, shuning uchun uni to‘xtatib qoladigan hech qanday narsaga rozi bo‘lmaydi. Ozodlikni yo‘qotmaslikning yo‘li siz uchun – bu his-tuyg‘ularga berilmaslikdir. O‘qotarlar ko‘pincha his-tuyg‘ular haqida emas, balki o‘z his-tuyg‘ulari haqida qanday fikrda ekanliklari haqida gapirishni maʼqul ko‘radilar. Vaqt-vaqti bilan O‘qotarning suyukli insonlari undan ehtiros yoki sadoqat talab qilishsa, u biroz sarosimaga tushib qolishi mumkin. Siz uzoq muddatli va chuqur munosabatlarga tayyor emassiz, shuning uchun doimo chiqish eshigini ko‘zdan qochirmaysiz, ertami-kechmi, o‘zingizni bog‘lab turgan rishtalardan xalos bo‘lishga harakat qilasiz.
Biroq bu do‘stlik munosabatlariga taalluqli emas. Siz doim do‘stona munosabatlarga ochiqsiz va butun burjlar orasida eng yaxshi do‘st hisoblanasiz. Siz mehribon, samimiy, hayotda quvnoq va yomon niyatlardan mutlaqo xoli insonsiz, boshqalarga yordam berishga doim tayyorsiz. Sizning yordamingiz insonlarni hech qachon qarzdor qilib qo‘ymaydi. O‘qotar burjining shiori - «Hech qanday majburiyatlarsiz».
Sizning eng qimmatbaho xazinangiz - ozodlik. Agar tanlashga to‘g‘ri kelsa, faqat o‘zingiz uchungina javobgar bo‘lsangiz, siz og‘ir yo‘lni tanlashingiz, pulsiz qolishingiz yoki xavf-xatarga tik borishingiz mumkin. Erkinlikka bo‘lgan ishtiyoq sizning barcha boshqa xislatlaringizning asosidir. Siz uni shu qadar qadrlaysizki, boshqalarga ham xuddi shunday erkinlik berasiz. Siz boshqalarning rejalariga aralashmaysiz, o‘z fikringizni majburan o‘tkazmaysiz, o‘zingizni rashkchidek yoki boshqalarga xo‘jayinchilik qiladigandek tutmaysiz.
Sizning eng yaxshi xislatlaringizdan biri – yumor hissidir. Siz iqtidorli suhbatdosh, ajoyib hikoyachi, tug‘ma shoumen, quvnoq va do‘stona insonsiz. O‘qotarlar orasida adabiyot va nashriyot sohalarida, televideniye, jurnalistika kabi ijodiy yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi ko‘plab isteʼdodli shaxslar uchraydi. Eng mashhurlaridan baʼzilari — Noel Kovard, Jeyms Terber, Mark Tven, Garson Kanin, Uilyam Bakli va Vudi Allen.
Yupiter himoyasida bo‘lgan insonlar mutlaqo ko‘p qirrali bo‘lishadi. Sizning qiziqishlaringiz keng qamrovli — musiqa, tabiat, falsafa, kompyuter texnologiyalari, teatr, hayvonot olami kabi sohalarni o‘z ichiga oladi. Sizda bir vaqtning o‘zida bir necha ish bilan shug‘ullanishga yetarlicha quvvat mavjud. Faqat sizda sabr yetishmaydi. Bir loyihani tugatishga ulgurmasdan, yangisiga intilasiz. Buning sabablaridan biri — sizga uzoq vaqt bitta ish bilan shug‘ullanish zerikarli tuyuladi. Umuman olganda, zerikish siz uchun eng xavfli dushman. Yana bir sabab esa, doimiy ravishda oldinga va yuqoriga intilishga bo‘lgan talabingiz.
Biznesda siz tasavvur va tezkor fikrlash qobiliyatingizni ko‘rsata olasiz, yangiliklarni ochiq qarshi olish va ularni amalda qo‘llashga tayyorlik bilan ajralib turasiz. Biroq, o‘rtaga haqiqatdan ham arziydigan biror bir narsa qo‘yilgandagina siz eng yaxshi natijalarga erishishga harakat qilasiz. «Hozir yoki hech qachon» kabi vaziyatlarda, g‘alaba uchun faqat bittagina imkoniyatingiz bo‘lsa ham, siz tavakkal qilib, o‘rtaga ikki baravar ko‘proq tikasiz. Chunki siz omadingiz kelishiga ishonasiz.
Siz haqqoniy va samimiy insonsiz. Siz bilan hamkorlik qilish oson: ochiq gapirishingiz sababli suhbatdoshingiz sizning gapingizdan yashirin maʼno topishga urinishi shart emas. Sizning gaplaringizda hech qanday sir, yashirin maʼno bo‘lmaydi. Siz o‘ylaganingizni ochiq aytasiz. Siz savol berganlarga fikringizni boricha, ularning o‘zi, hayot tarzi, soch turmagi, shaxsiy munosabatlari yoki shu kabilar haqidagi fikringizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishni afzal ko‘rasiz. Buni shunisi yaxshiki, insonlar siz aytgan gaplarga ishonishlari mumkin. Siz keskin fikrlaringizni tanqid qilish maqsadida emas, balki haqiqatni aytmoqchi bo‘lganingiz uchun aytasiz. Taqdir hazili shundaki, siz o‘zingiz taʼsirchan insonsiz. Biror bir nojo‘ya qilmish yoki rad etish sizni juda tez ranjitib qo‘yishi mumkin.
O‘qotar burjini tushunishga yordam beruvchi kalit so‘z — imkoniyat. Cheklovlar va tanlovning kamligi sizga salbiy taʼsir qiladi. Siz hayotni boricha emas, o‘zingiz xohlagandek ko‘rishga, istakni haqiqatdek qabul qilishga moyil insonsiz. Bir maʼnoda, siz katta bo‘lishni istamaydigan yosh bolaga o‘xshaysiz. Shu bilan birga, siz odamlar yoki loyihalar uchun masʼuliyatni zimmangizga olishni bilasiz va muvaffaqiyatsizlik oldida taslim bo‘lmaysiz. Inqirozli vaziyatlarda siz o‘zingizni eng yaxshi xislatlaringizni namoyish qilasiz, biroq kundalik odatiy ishlar quvvatingizga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Sizda ulkan karyera qilish, orzudagi jamiyat qurish yoki dunyoni yaxshilash kabi ajoyib va katta g‘oyalar mavjud. Biroq siz bu rejalarni amalga oshirishni orqaga surib, ularga qiziqishingizni yo‘qotasiz, ishni boshqalarga topshirasiz va nima uchun bir joyda turib qolganingizga hayron bo‘lib turaverasiz.
O‘qotarlar yulduz burjlari orasida eng yoqimli belgilardan biri hisoblanadi. Ha, siz ko‘pincha g‘ayritabiiy va isrofgarchilikka moyilroq bo‘lasiz, baʼzan hatto xavfli yoki masʼuliyatsiz harakatlar qilasiz. Ha, hayotingizda amalga oshmagan uchrashuvlar ko‘p bo‘ladi, o‘z vaqtida tugatilmay qolib ketgan ishlaringiz ko‘p, amalga oshirilmagan rejalaringiz to‘lib toshib yotibdi. Ha, hislaringiz baʼzan yuzaki bo‘ladi, jiddiy niyatlar esa sizga begona.Ammo bularga qaramay, sizning borligingiz odamlarga zavq beradi. Agar siz odamlarga osmondagi oyni olib beraman deb vaʼda berib, bu vaʼdani bajara olmasligingizni hamma bilsa nima bo‘libdi? Siz o‘zingiz ham buni yaxshi bilasiz. Siz hech narsani yashirishingiz shart emas, barcha kartalaringiz hammaga oshkor bo‘lgan.
Bir maromda bo‘lmagan shiddatli, hayotni yaxshi ko‘radigan va jozibali O‘qotar hayot charxpalagiga hech ikkilanmay chiqib olib, unda bamaylixotir joziba bilan aylanaveradi.