Ranjitsam bexosdan yoki ataylab,
Ko‘p xato qilsam ham, ko‘nglimga qarab,
Xafa bo‘lsangiz ham, meni avaylab,
Aytmaysiz yuzimga: “Xafa bo‘ladi”.
Hech kimga aytmaysiz, “Bu ishing xato!”,
Ziyoni tegmasa, “Qilmishing xato!”,
Tanishing, ko‘rishing, so‘rashing, hatto
Bir og‘iz aytmaysiz: “Xafa bo‘ladi”.
Go‘yo siz farishda, ko‘nglingiz bozor,
Hattoki chumoli ko‘rmagan ozor,
Ming xato ko‘rsangiz aytmaysiz bir bor,
Sizdagi bahona: “Xafa bo‘ladi”.
Odamda kamchilik bo‘lar desangiz,
Andisha qilsangiz, ko‘ngil desangiz,
Siz kimning aybiga ko‘zni yumsangiz,
Kun kelib u sizdan xafa bo‘ladi.
PS:
Sheʼr sizga yoqmasa, sheʼrimga qasam:
Bir izoh yozmaysiz: “Xafa bo‘ladi”.
4-iyul, 2026 yil.