Ohista qadamlar...
Unsiz sukunat...
Go‘yoki dunyoda qolmagan hech kim...
Bir nafas dunyoni to‘ntarar to‘fon.
Xo‘rsinish...
So‘ng yana bu dunyo jim...
Jim...
Bas qiling...
Yolvoray...
Dod soling mayli.
Sukunat darddan ko‘p qiynar beomon.
Chidayman dunyoning chinqirig‘iga,
Faqat siz jim turmang...
Unsizlik yomon...
Og‘ir dard. Bilarman.
Bilmassiz balki.
Dard bilan dardlashmang.
Kelganda “Salom”,
“Xayr” deng ketarda.
U ham dardku bir?
Jim turmang.
Sabrdan chiqsin bir kalom.
Ko‘nglingiz sabrga moyil.
Shukrlar.
Nahotki sabo ham qatlga mahkum?
Nima ayb qilgandi beshikka qo‘ngan
Bazabon kapalak...
Yozilgan hukm...
Jimjitlik...
Unimiz chiqmas og‘riqdan.
Qiyin bor, qistov bor, almisoq paydo.
Ey ko‘ngil, bir hayqir,
Go‘yo bir hakam,
O‘rtada arosat: sabr va savdo.
Bas qiling!
Sukunat sabrdan kuchli.
Ko‘z yosh ham chiqarda bergan aks sado.
Sen aytgin ko‘ksimda jim turgan yurak:
Birgina kalomga bu jonim fido!
Hayqiriq!
Go‘yoki dard ham aridi.
Ko‘nglim bir yumshadi.
Chiqdim xumordan.
Sukunat qo‘liga tutqazdim sheʼrim:
Jim turma.
Jim turma, bekor bekordan.
19-Yanvar, 2017 yil.
Toshkent.