Jazirama. Bo‘lma beayov.
Vujudimda yonmoqda yurak.
Jon soyada, xayolim zaxda.
Yo‘q. Bardoshim yetishi kerak.
Kun tig‘ida issiq shabboda
Mazax qilar. Saraton sasi.
Aldamoqchi bo‘lar suykalib,
Xuddi yorim qaynoq nafasi.
Har ko‘chada o‘par qadamim
Otash moyga botgan qum va tosh.
Sinamoqchi, kuydirarmi deb
Visol oni. Yetarmi bardosh?!
Xatto kiyim boshim ham dushman:
Ter bahona quchar mahkamroq
Xuddi yorim quchgani kabi
Ehtirosdan. Aldolmas biroq.
Xuddi sendek qahraton ayoz,
Yozgan edi yo‘llarimga qor,
Yalang oyoq bosib ko‘ksiga,
Ketgan edim kutganida yor.
Jazirama, sen ham qadrdon,
Lek yorimni ko‘proq sevaman.
Mayli kuydir, yondir, baribir,
Meni kutgan yorga ketaman.
21 iyul 2017 yil.