Aytardim: “Ishingiz bo‘lmasin,
Ishimga burningiz tiqmang siz!”
Adashgan ekanman, angladim,
Odamlar, siz menga keraksiz!
“Maslahat kerakmas” - der edim,
“Toshingiz ko‘chada teringlar!”
Shu joyda adashgan ekanman,
Odamlar, maslahat beringlar.
“Men sizga tegmayman, siz menga,
Men haqda tilingiz tiyinglar.”
Endichi? Men kimman bilmayman,
Meni ham bir g‘iybat qilinglar.
To‘y-to‘rkin, ur yiqit, ko‘z yoshdan,
Yurganman g‘alvadan uzoqroq.
Shu kunlar zavqini angladim,
Ming naydan bir karnay yaxshiroq.
Manmanlik yoki bu xudbinlik,
Go‘yoki o‘zga bir olamman.
Odamlar, menga xam qaranglar:
Siz kabi men xam bir odamman.
Angladim, farqim yo‘q sizlardan
Xar qancha mezonga solmayin.
Odamlar, meni ham chaqiring,
Qatordan ajralib qolmayin.
24-sentyabr, 2014 yil.