Dunyoni suv bosdi. Hamma yoqda suv.
Zamindek tog‘ora to‘la baliqlar.
Bo‘ron yo‘q, qulashar bo‘ron qushlari,
Yomg‘ir yo‘q, cho‘kishar bir bir qayiqlar.
Qoyalar qirg‘oqsiz, tog‘lar imkonsiz,
Osmonda sukunat, suv osti shovqin.
Oy o‘zga tortmaydi, shamol turtmaydi,
Shunchaki mavjlanar g‘arq bo‘lgan to‘lqin.
Mayoqlar buzilgan, gulxanlar o‘chgan,
Cho‘kmagan kemalar eshkak, yelkansiz.
Buloqdan umidvor telba darg‘alar,
Chuchuk suv qolmagan, sho‘r suv ham tanqis.
Dengiz o‘tlaridan sarmast yulduzlar,
Chavoqlarga oshno qisqichbaqalar.
Nahanglar ov qilmas, saraton sarson,
Qurbaqa topolmay o‘lgan laqqalar.
Suv bossa dunyoni o‘rdakka ne g‘am?!
Pat qalam uchishga yarab turibdi.
Ko‘lmakni ummon deb aytgan o‘pkalar
To‘pig‘in chiqarib suzib yuribdi.
Dunyoni suv bosdi. Hamma yoqda suv.
Meni ham cho‘kishga undar qarorlar.
Yo nahang yutadi, yoki baliqlar,
Ummonda hammasi hojatbarorlar.
Saraton, 2026 yil.