Yigitlar ham aytar, ham qaytar degan,
Zo‘rni deb g‘o‘rlarni oshini yegan,
Uyidan och ketib, qorni to‘q kelgan
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Bo‘yniga tillodan zanjir osilgan,
Ko‘ksi yo bilakka surat bosilgan,
Tanayu, egniga taqinchoq ilgan
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
O‘ldim deb, kuydim deb belbog‘in yechgan,
Suydim deb otayu, onadan kechgan,
Sevgani yor bilan may, sharob ichgan
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Menman deb o‘zini bozorga solgan,
Sepi deb qizlarning sarasin olgan,
Birovning nomidan nog‘ora chalgan
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Ro‘zg‘orni xotinning bo‘yniga ilgan,
Pul topib kelganin minnat ham qilgan,
Ulfatni uyidan ulug‘ deb bilgan
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Yilda bir cho‘ntagi ro‘zg‘orga erib,
To‘rvani xotinning qo‘liga berib,
Pul sanar bozorda ko‘ksini kerib
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Ayolin jamolin maqtanib yurgan,
Ayollar to‘rida davrini surgan,
Ayollar kasbidan qandini urgan
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Yorini uyida atab yalmog‘iz,
Uyida sen degan, ko‘cha-kuyda siz,
Urishgan haloli tug‘ib bersa qiz
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Otayu, onasi yo‘llariga zor,
Bolayu-chaqasi, zavjasi bedor,
Ko‘chaning xandoni, uyidan bezor
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
Yigitlik shaʼnini o‘ylamasangiz,
Bu kabi yigitlik ayb demasangiz,
Shundaylar bor ekan, qaytarmasangiz,
Yigitlar, hayf sizga, yigitman demang.
11 Yanvar, 2010 yil.