- Dada, menga archa olib keling, - dedi,
O‘yinchoqlar yasab qo‘ydim novdasiga,
Zarrin kokil qirqdim o‘zim zar qog‘ozdan,
Joy qoldirdim chiroqchalar shodasiga...
- Dada, siz ham o‘yinchoqlar sotib oling,
Qorbobo ham, Qorqizi ham bo‘lsin, - dedi.
Men ko‘rsatgan yulduzchadan ko‘proq oling,
Har bir shoxi qor parchaga to‘lsin, - dedi.
- Keyin yana, paqildoq ham toping ko‘proq,
Mushakbozlik qilsak nima mazza qilib?!
Shokoladga o‘xshagani bor edi-ku?!
Zo‘r bo‘ladi shoxlariga qo‘ysak ilib.
Keyin bir zum jim qoladi... «Alo?» - deyman...
- Qizim, ayting, yana nima olay? -deyman...
Bir ozdan so‘ng piqqillagan ovoz kelar,
Bir xo‘rligim kelib jonsiz qolay deyman...
- Archa olmang, o‘yinchoq ham kerak emas,
Qorbobo ham, Qorqizi ham kerak emas,
Menga sizdan boshqa sovg‘a kerak emas,
Dadajonim, faqat tezroq kelsangiz bas...
18-dekabr, 2018 yil.