Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf - Vatanim

Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg‘izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri —
Ilig‘imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirni duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan daʼvo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.

Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darbozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin — Kurdistonda,
Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘ deb,
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim…

O‘g‘lim, desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan, Vatanim…

O‘tgan kuning — o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug‘imsan, Vatanim…

Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!

Muhammad Yusuf

O‘zbekiston xalq shoiri

(26-Aprel, 1954 yil ~ 29-iyul, 2001 yil)

 

decoration

decoration

 

Vatanning qanday anglash kerak?

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Vatanim” sheʼrini o‘qimagan, Sevara Nazarxon ijrosida qo‘shig‘ini eshitmagan inson kam bo‘lsa kerak.

Shoir savol beradi, men dunyoni nima qildim?! Vatanni anglash uchun avval inson o‘ziga savol berishi kerak. Shoir sheʼrini aynan shu savol bilan boshlagani uchun ham bu sheʼrga havasim cheksiz.

Vatanni nima deb atash mumkin? Uni qanday sevish mumkin? Shoir bu tuyg‘uni savol qilib beradi: Singlim deymi? Onam deymi? Hamdardu hamxonam deymi? Chunki muhabbat turlicha, yorga, singilga, ota onaga, do‘stga va boshqalarga. Vatanga bo‘lgan muhabbatni anglashni farqlashga undaydi.

Shu muhabbat sabab shoir vatanini qizg‘onadi, rashk qiladi, har bir tola sochini o‘ziniki deb biladi. "Yassaviysan, meniki deb, ko‘ringan daʼvo qilgan, ming bir yog‘i ochilmagan qo‘rig‘imsan, Vatanim. Tarqab ketgan to‘qson olti Urug‘imsan, Vatanim…"

Shoir o‘zining vatan himoyasi yo‘lidagi iztiroblarini esa birgina satri bilan yuraklarni tirnab tashlaydi "G‘ichir-g‘ichir tishimdagi so‘lig‘imsan, Vatanim…". Alamlarini yana bir satrda beradi "Voh bolam! deb aytolmagan dudug‘imsan, Vatanim."

Shoirning so‘nggi satrlari esa kelajakka umid bag‘ishlaydi, tinchlantiradi, yupatadi. "Sen — shoxlari osmonlarga tegib turgan chinorim.

Muhammad Yusufning “Vatanim” sheʼrini o‘qish oson emas, yodlash oson emas, his qilish oson emas. Vatanni anglash uchun bu satrlar yetarli emas. Shoir Muhammad Yusufdek bu kechinmalarini his qilish oson emas. Shuning uchun ham bu sheʼrni yaxshi ko‘raman.

Ali Al Mehr

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.