18 Yanvar, 2018 yil manzilga yeta olmagan 52 musofir yurtdoshlarim xotirasiga bag‘ishlanadi.
2018 yil 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanida salonidagi 52 yo‘lovchisi bilan avtobus yonib ketdi. Bu fojiani, bu yo‘qotishni tasavvur qilishning o‘zi dahshatli, og‘riqli edi. Yuraklar zirqiradi, alamlar tilka pora qildi, ilojsizlik, taqdir, qismat oldida noiloj qoldi insonlar. Bu barcha uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Manzilga yeta olmagan 52 musofir yurtdoshlarimning oxirati obod bo‘lsin.
Ko‘rgulik deysizda? Taqdir deysizda?
Yuz edik. Bexosdan qoldik qirq sakkiz.
Ajalga yuzlashib, olov o‘ynashib,
Manzilga yetvoldik ellik ikkimiz.
Na iloj? Biz qadam tashlaymiz hamon.
Kuyganlar o‘rniga kuyib ketyapmiz.
Ellikka yetmasdan elakdan o‘tib,
Bug‘doy deb somonni tuyub ketyapmiz.
Qismatda bor ekan deysiz-da? Haq gap!
Taqdirga tavakkal qilib turibmiz.
Baʼzida havas deb bir birimizga,
Dunyoni xurjunga solib yuribmiz.
Achinmang bizlarga. Qolganga qiyin.
To‘yga deb tikilgan to‘nning ko‘ngli g‘ash.
O‘n sakkiz yoshga ham to‘lmagan qizning
Sochiga oq tushdi. Sevgani otash.
Momiq qor ustiga to‘shalgan ko‘rpa.
- Issiq choy damlaymi?
- Uxla Barchinoy.
Oymomo aksini quchib yig‘laydi
Ertalab quyilgan bir piyola choy.
Maylida. Vaqtimiz oliy bir hakam.
Soqolin tutamlab o‘tiribdi chol.
Kampiri hassasin olib ketibdi
«Ayolku chidaydi, mening jonim ol».
Siz haqsiz. Sog‘inch bor. Aytishga oson.
Dilbandim isiga qachon to‘yaman?
- Dadangni esi yo‘q, hali kelganda
Qulog‘in men o‘zim cho‘zib qo‘yaman.
Kulaman. Xudoyim rizq berganida
Farishta ataylab teshik qop olgan.
Kelguncha rizqimiz sochgani yetmay
Shu yerga yetganda uxlabla qolgan.
Tiriklik ayb emas, ketmoklik havas.
Daraxtning bargidek jonimiz halak.
Arziydimi dersiz bitta ajinga?
Xush qoling. Bu dunyo bitta charxfalak.
Ha endi... Ketibmiz ellik ikkimiz.
Bizlarga qolgani bir meros buyuk:
Manzilgacha olib bora olsak bas
Ellik ikki karvon, ellik ikki yuk.
20-Yanvar, 2018 yil.
![]()
Oradan oylar o‘tdi, yillar o‘tdi, go‘yoki hammasi unut bo‘ldi. Lekin bu dahshatli fojia ko‘plarning qalbida bitmas jarohat qoldirdi. Bu taqdirlarni unutib bo‘lmaydi. Bu alamlarni unutib bo‘lmaydi.
Vatandoshlar xotirasi uchun.
Ellik ikki yukni orqalab
Bir maromda ketmoqda karvon.
Har qo‘noqda oshar tuyasi,
Manzil olis, ilojsiz sarbon.
Karvonsaroy bo‘lmas boshpana,
Tavakkalga tikilgan bozor,
Kim xaridor, kimdir sotuvchi,
Kimga qasr, kimgadir mozor.
Yukin ortib boradilar jim,
Qayga boshlab ketsa sarbonlar.
Har manzildan topguncha mayoq
Izsiz ketar minglab karvonlar.
05.01.2020