Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Musofir bo‘ldim

Musofir bo‘ldim

Musulmonsan gar musofir bo‘lsang dedi.
Ota-onam, yorni tashlab yurtlar kezdim.
Yarashadi “Mers”lar minib yursang dedi,
Topganimda sog‘inch emas, nafsni sezdim.

Pul aslida qo‘lning kiri deydi xalqim:
Qo‘lim kiri pul bo‘lganda bo‘ldim ustun.
Sog‘indim deb sim qoqsalar singillarim,
Dasta dasta pul jo‘natdim seplar uchun.

Sep chimmatga burkab qo‘yib singillarim,
To‘ylarida telefonda aytdim o‘lan.
Ishlasin deb olib ketdim ukalarim
Juftlarini tiyib tillo zanjir bilan.

O‘g‘il bo‘ydoq, do‘rillabdi bobosiga,
U ham tezroq bir yonimga kirsin dedim.
Bo‘yi yetgan qizim sirdosh momosiga,
Aytib qo‘ying, ro‘mol o‘rab yursin dedim.

Gohi gullab, gohi so‘lib pulsiz qolsam
Singillarim turtishadi akanglar deb.
Juftlaridan hadiksirar ukalarim,
Yolg‘iz pulsiz nima qildi ekanlar deb.

“Kel” dedinglar borolmadim vaqtim tig‘iz,
Jahlim chiqib “Tirikchilik” deb qo‘yaman.
«Hali boray, elu yurtga to‘ylar qilib,
Qator-qator qo‘chqor, novvos, nor so‘yaman!»
 
Vaqti kelib beldan quvvat, shiddat ketdi.
Ukalar ham yo‘lin topib mehri ketdi.
O‘yladimki, endi qaytar muddat yetdi,
Bu yurtlarni qiziqtirgan sehri ketdi.

Bor bisotim tugib kelsam uylarimga:
Biror inson kutib olmas ostonada
Xotin qayda, o‘g‘il qayda, qizim qayda?
Sovuq zulmat shunday katta koshonada.

Olib kelsam shoxi atlas kiysin deya,
Kafan kiyib ketibdiku onajonim?
Uylar qursam davron surib yursin deya,
O‘z qabriga yetibdiku otajonim?

Yig‘lab keldi kichik singlim erdan qochib,
Aytib berdi turmadagi o‘g‘lim holin.
Qizim ketgan meni izlab boshqa yurtga.
Aytolmadi, bildim qayga ketgan xotin.

Musulmonsan gar musofir bo‘lsang dedi.
Lek musofir bo‘ldim muslim bo‘lolmadim.
Odam bo‘ldim kimlar uchun inson emas,
Allohimdan hatto tavba so‘rolmadim.

Eyki do‘stlar, men g‘aribni biling xolin,
Yetmas endi toki umrim tavba qilsam.
Anglaganim adashganim bo‘ldi asli,
Bu dunyoga musofirman asli bilsam.

8 iyun, 2007 yil.

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.