Do‘stimki, dushmanimga do‘stlik qilarkan, uni men do‘st hisoblamayman. Zaharga qo‘shilgan shakardan ehtiyot bo‘l. Abu Ali ibn Sino.

Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf - Lolaqizg‘aldoq

Shavkat Rahmon xotirasiga

Mendan nima qolar:
Ikki misra sheʼr,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o‘ylayman
O‘zimdan ko‘proq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Men ketsam, yomondan
Yiroq bo‘l, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Ko‘rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo‘lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo‘lmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Uyda yotibman-u,
Sezib turipman,
Ko‘kda kelayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog‘dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo‘l qoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Ularni men yana
Ko‘rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. To‘ylar boshlandi.
Yuragim pora –
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
To‘y ko‘rmay o‘lmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Biroq, ko‘nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam to‘ladi.
Hali to‘ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli bo‘ladi!
Kelinlar ko‘ylagi
Ruhimday oppoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O‘liklar uyg‘oq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Ko‘ksim kuyib borar,
Ko‘krak yonmoqda,
Ayting do‘xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o‘z ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Bunu xayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so‘lasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O‘zing bo‘lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G‘am kelsa boshingdan
Xushing uchmasin.
Xudodan so‘radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo‘lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko‘ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!

Jon so‘ngi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo‘lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o‘pib, O‘shni
Quchoqlab o‘lsam!..
O‘tinchim – tepamda
Yig‘lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!


Muhammad Yusuf

(26-Aprel, 1954 yil ~ 29-iyul, 2001 yil)

Decoration

Decoration

Muhammad Yusuf va uning sheʼriyati haqida...

 

Muhammad Yusuf pokiza inson edi. U odamlarni o‘ylatgan, kuldirgan, yig‘latgan, topgan-tutganini odamlar ustidan sochgan saxiylik timsoli edi.
Muhammad hammani o‘ziga do‘st deb bilardi. Hech kimni begona qilmasdi. Qo‘lida borini do‘stlariga tarqatmaguncha, cho‘ntagi bo‘shab qolmaguncha ko‘ngli to‘lmasdi.
Muhammad Yusuf tez og‘izga tushdi. Birorta shoir uningdek tez nom chiqarmagan, nomdor bo‘lmagan. Ochig‘ini aytsam, Muhammadga ko‘z tegdi. Aslini olganda, asl shoirlar uzoq yashamaydilar. Ammo ortidan abadiy yashaydigan meros qoldirib ketadilar. U mana shunday o‘lmas meros qoldirdi.
Muhammad muxlislarining yuragini o‘rtab ketdi. Endi shoirning o‘zi yo‘q. Ammo Muhammad Yusuf deb atalmish Sheʼriyat bor.
Bu sheʼriyat aslo zavol bilmaydi.

Said AHMAD,
O‘zbekiston Qahramoni,
Xalq yozuvchisi

Decoration

Ajal yakka ov qiladi deyishadi. U hech kim bilan maslahatlashmas, boshqalarning irodasini nazar-pisand qilmas ekan. Bevaqt o‘lim adabiyotimiz gulshanida barq urib ochilib, yashnab turgan bir chechakni uzdiyu ketdi.
Muhammadjonni marhum deyishga hech tilimiz bormaydi. Ammo nachoraki, bu bor gap. Chinakam shoirning qalbida sohir qush doimo sayrab turadi, degan gapni ko‘p bora eshitgandik. O‘sha qush aynan Muhammadjonning yuragida oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko‘zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir kuyni xonish qilayotganday edi.
Men Muhammadjon bilan uzoq yillar yonma-yon yashab, yonma-yon ishladim. Hali yoshlik yillaridayoq bunchalik ko‘p muxlis orttirgan, do‘st-og‘aynisi bisyor ijodkorni kam ko‘rganman. Sanʼatkorlar-ku, uning har bir misrasini sozga olishga tayyor edilar. Bularning sababi nimada? Birinchi navbatda Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga boshqalar hamisha talpinadilar. Odamdan odam uzoqlashishini Xudoyim hech kimga ko‘rsatmasin.
U obro‘ talashmas, izzatini so‘roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo‘lishi tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlar tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi. Yurtboshimiz unga otalarcha mehr ko‘rgazdi, xizmatlarini davlatimiz munosib baholadi. Muhammad Yusuf qisqa umr kechirdi. Undan chinakam betakror ijodiy meros qoldi. Haqiqiy maʼnodagi barhayotlik, zavol bilmaslik Muhammad Yusuf ijodiga taalluqli bo‘lgan desam, inshoolloh, xato qilmagaydirman.
Joying jannatda bo‘lsin, ukajonim!

Abdulla ORIPOV,
O‘zbekiston Qahramoni,
Xalq shoiri

Decoration

SHOIR QALBINING OTASHI
Shoir Muhammad Yusufning oltmish yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi muhtaram Prezidentimiz Qarori madaniy hayotimizda ulkan voqea, davlatimiz rahbarining adabiyot va sanʼatga yuksak eʼtibori va g‘amxo‘rligi belgisi bo‘ldi va ijod axli, sheʼriyat muxlislarini benihoya quvontirdi.
Muhammad Yusufni xalqimiz sevib dilida saqlaydi, Vatan kuychisi, Istiqlol kuychisi deb ardoqlaydi, o‘zbek eliga ulug‘ mehr, sadoqat singib ketgan nazokatli, samimiyat to‘la sheʼrlarini qadrlaydi, qo‘shiq qilib aytadi.
Uning sheʼriyatini chin maʼnoda qanotli sheʼriyat, yurt osmonida baland parvoz qiluvchi, yuraklarga qanot berguvchi sheʼriyat desa bo‘ladi.
Har bir hunar umr davomida o‘rganib boriladi. Lekin ijodiy hunarning o‘z xususiyati bor. Isteʼdod tug‘ma bo‘ladi. Insonning zuvalasida ijodkor fazilati, olovi bo‘lmasa, havas bilan, mehnat bilan shoir bo‘lish mumkin emas. Muhammad Yusuf tug‘ma shoir edi. Ilk sheʼrlari bilanoq el nazariga tushgan, muxlislar orttirgan edi.
Yodimdan chiqmaydi. Saksoninchi yillar boshida men “Yoshlik” jurnalida ishlar edim. Jurnalimizga Muhammadjon Yusupov imzosi bilan bir yosh havaskor shoirning sheʼrlari keldi. Sheʼrlarning hammasi mag‘zi to‘q, fikrga boy, teran va samimiy edi. Lekin u zamonda belgilangan tartibga ko‘ra yosh havaskorning faqat bitta, nari borsa ikkita sheʼri bosilar, gazeta va jurnallarda katta o‘rin faqat kattalarga, taniqli shoirlarga berilardi. Biz tahrir hayʼatida maslahatlashib bu quyushqonni buzishga qaror berdik. Muhammadjonning hamma sheʼrlari to‘la sahifa bo‘lib “Yoshlik” jurnalida chiqdi. Biz bu ishni yosh shoirga marhamat sifatida emas, balki jurnalning obro‘-eʼtibori uchun, yoshlar ichida keng tarqalishi uchun qilgan edik. Darhaqiqat, o‘sha turkum sheʼrlar ovoza bo‘ldi. Yosh shoir birinchi qadamdanoq el og‘ziga tushdi. «Toshkent oqshomi», «O‘zbekiston ovozi» gazetalarida bosilgan sheʼru lavhalari sevib o‘qiladigan bo‘ldi.
Muhammad Yusuf Istiqlol yillarida barakali ijod qildi. Uning sheʼrlari taniqli bastakorlar nazariga tushdi. El sevgan xonandalar ijrosida yuraklarni zabt etdi. Shoir, bastakor va xonanda isteʼdodlari tutashgan joyda qo‘shiq dunyoga keladi. Bunga Muhammad Yusuf sheʼrlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar yorqin misoldir.
Muhammadjon qisqa umr ko‘rdi. Sham singari yonib yashadi va o‘zidan so‘nmas otash, yorug‘ iz qoldirdi. Bu otash shoirning yodini, ikkinchi umrini asrlarga tutashtirajak.

Erkin VOHIDOV,
O‘zbekiston Qahramoni,
Xalq shoiri

Decoration

Rahmatli Muhammad Yusufni tushunish uchun uning davrida yashash, uning qalbini tushunish, uning falsafasini anglash shart emas. Uni sheʼrlarini o‘qish va undan inson o‘zi uchun xulosa chiqarishning o‘zi yetarli.

"Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!"

Mana shu satrning o‘zida Insonni va tug‘ilishni (“Lola” ismi), mehrni, oqibatni va yashashni (“lolajonim” erkalashi), hayotning ibtidosi kabi, intihosi bo‘lishi, inson umrining naqadar qisqaligi, mo‘rtligi va sinovlarga to‘la ekanligini (“lolaqizg‘aldoq”) yozganini anglash qiyin emas.

"— Ona, meni nega tug‘ding?
— Zerikkandan..."

Bu sheʼrining maʼnosini anglash uchun, bir inson hayotini boshidan oxirigacha tahlil qilish, tushunish, anglash kerak. Sheʼrda inson bu dunyoga nima maqsadda kelishini shoir o‘ziga xos, o‘ta yashirin maʼno bilan yozib ketgan.

Boshqa sheʼrlarini sanab o‘tmayman.

Shoir o‘z falsafasini sheʼrlariga shunday yashirdiki, uning sheʼrlaridagi asl maʼno yo‘q bo‘lib ketishidan qo‘rqaman.

Ali Al Mehr
Muhammad Yusuf sheʼrlari muhlisi

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.