Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Iymon

O‘zimga nasihat

Do‘stim, keling, quloq soling,
Bir suhbatga mushtoqman,
Bir savobga umid qildim,
Nasihatdan yiroqman.

Vatan demang. Asli vatan
Bu dunyodir sinovli.
Har qarich yer banda uchun
Vatan bo‘lgan so‘rovli.

Vatan nima? Sajdaga joy,
Bo‘y bastga mos bir qabr,
Manglay tekkan bir kaft zamin,
Iymon, insof va sabr.

Urug‘, millat, naslu nasab
Bu dunyoning fitnasi.
Fitna birla pulsirotdan
O‘tolmaydi bittasi.

Men falonchi, men pismadon,
Demang aslo, bu yolg‘on.
Bir bandasi boshqasidan
Ustun bo‘lmas hech qachon.

Shoxu sulton, beklar demang,
Boshqarguvchi sizlarni.
Bir qand asal, qamchi emas,
Qurʼon boshlar bizlarni.

Minglab zo‘rning zo‘rlaridan
Bir Allohning quli zo‘r.
Biling kimsiz, kimlar soqov,
Kimlar karu, kimlar ko‘r?!

Savob qiling Alloh uchun,
Savob kutmang hech kimdan.
Ehson qiling, ehson kutmang,
Na do‘stdan, na g‘animdan.

Jilov qiling, itoatda,
Bo‘lsin so‘zu ko‘zingiz,
Shayton demang yo‘ldan urgan,
Gunoh qilmang o‘zingiz.

Rizq Allohdan, kutmang uni,
Rizq demang yeb, kiysangiz,
Farz amaldir iymonga rizq,
Allohimni suysangiz.

Dunyo uchun kuyib yonmang,
Bir tug‘ilib, bir o‘ling:
Sulton bo‘ling nafsingizga,
Iymon uchun qul bo‘ling.

Do‘st, bugunga yetar endi,
Qancha aytsam shuncha kam.
Zora endi shuncha gapga.
Amal qilsam o‘zim ham.

Ali Al Mehr
12.01.2021 ~ 18.04.2026 yil

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.