Bolam tezroq darsingni qil,
Qishda kunlar qisqaroq.
Kitobingni erta o‘qi,
Ko‘z og‘ritar shamchiroq.
Mana senga yangi palto,
Tunda kiyib yotgani.
Bobolardan meros sandal
Hisob tongni otgani.
O‘zbekni qo‘y, tilni o‘rgan
Ingliz, rus, ispanni,
Arab, xitoy, boshqani bil,
Tanish uchun vatanni.
Balki sen xam kuni kelib
Yaxshi olim bo‘larsan,
Yangi kuchni topib olib
Balki Nobel olarsan.
Ana shu kun kelganida,
O‘zbekni xam yodga ol,
Kimga sotsang kashfiyoting
Buguningni esga sol.
To‘g‘ri, bizda olim bo‘lib
Olis keta olmaysan.
Olim bo‘lsang, ishon bolam,
Bir chekkada qolmaysan.
Menga muhim inson bo‘lsang,
Millatingni farqi yo‘q,
Iymoningda tursang yetar,
O‘zbeklikning daxli yo‘q.
Endi uxla, men o‘tindan
Xabar olay, o‘chmasin.
Zimiston bu fikrlarim
Tildan dilga ko‘chmasin.
21-noyabr, 2020 yil,
Zimiston Asaka.