«Chekka bir qishloqning chekka uyida,
Sunbul sochlarini tarab turgan qiz.»
Qo‘shiqdan…
Ko‘hna bir dunyoning zax bir uyida,
Aso ushlab, munkib, titrab turgan chol.
Nursiz ko‘zin tikib ketgan yo‘liga,
Kelar bir kun deya umid qilgan chol.
Qanchalar baxt dedi o‘g‘il ko‘rganda,
Borini, yo‘g‘ini tikdi qo‘liga,
Endi esa qarib, g‘arib bo‘lganda,
Qarab qoldi nomard o‘g‘il yo‘liga.
Poyonsiz bir umrdek o‘tar har oni,
Holin so‘rab kelmas “begona” o‘g‘il.
Shunchalar qattiqmi bu shirin joni,
Na voz kecholmaydi, na yetmas ko‘ngil.
O‘g‘il esa oshiq, bir qiz kuyida,
Aqlin olar asta ko‘pni ko‘rgan qiz.
Katta bir shaharning chekka uyida,
Sirtmoq sochlarini o‘rib turgan qiz.
Keksa bu dunyoning haqli savoli
Nuchun o‘z holiga qo‘ymaydi, ajab?
Aybi ne bu cholning, shumi uvoli
Farzand o‘stirganni ko‘ngliga qarab?
Mantiq:
Chekka bir qishloqning chekka uyida,
Cholning sochlarini tarab turgan qiz.
Qismat. Ketmas kechib ota uyidan,
Qizlik farzin baxtdan afzal bilgan qiz.
28-iyun, 2019 yil.